Zolushkaning mo‘jizaviy taqdiri va Qarsildoqning sarguzashtlari. Yangi yil haqidagi eng ajoyib ertaklar o‘ntaligi

Har bir insonning o‘ziga xos sevimli ertagi mavjud va bu ertaklar ma’lum bir voqea-hodisalar yoki xotiralar bilan bevosita bog‘liq. Misol uchun, kimdir Yangi yil haqida o‘ylaydigan bo‘lsa, uning tasavvurida “Qarsildoq” ertagi jonlanadi, boshqa bir kishi “Qor malikasi” ertagini xotirlaydi. “Daryo” bayram shukuhini olib keluvchi, Yangi yil bayrami haqidagi eng qiziqarli va butun dunyo bo‘ylab mashhur bo‘lgan ertaklar o‘ntaligi haqida ma’lumot beradi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

1. “Zolushka”

“Zolushka” ertagi xalq og‘zaki ijodi namunalaridan biri bo‘lib, uning minglab turdagi ko‘rinishlari mavjud. “Zolushka” ertagining ilk namunalari miloddan avvalgi asrlarga borib taqaladi. Azaldan Misr hukmdoriga turmushga chiqadigan yunon qizi haqidagi ertak og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan va ayni shu ertak “Zolushka”ning ilk ko‘rinishi sifatida e’tirof etiladi. Ertak baxtiqaro qizning kutilmagan baxtga duch kelishi haqida bo‘lib, u o‘quvchiga barchaga nisbatan muloyim munosabatda bo‘lishni, kechirimli bo‘lishni va turli og‘ir vaziyatlarda o‘z qalbingni asray olishing kerakligini o‘rgatadi.

“Zolushka” multfilmidan lavha

2. “Sohibjamol va Maxluq”

“Sohibjamol va Maxluq” ertagi ilk bora 1740-yilda nashr etilgan bo‘lib, fransuz yozuvchisi Gabriel Syuzanna qalamiga mansub. Ertakning Yevropa bo‘ylab tarqalgan turli ko‘rinishlari mavjud. Ba’zi olimlar bu ertak to‘rt ming yillar oldin mavjud bo‘lgan, degan fikrga egalar. Bu ertak kishiga insonlarga tashqi ko‘rinishga qarab emas, balki ichki dunyosiga qarab baho berishimiz kerakligini, ichki go‘zallik barcha narsadan ustunligini o‘rgatadi. Bu xulosani avvaliga Maxluqdan hadiksiragan bo‘lsa-da, keyinchalik u bilan eng qalin munosabatlar qurgan Bell hayoti misolida anglashimiz mumkin.

3. “Elflar va etikdo‘z”

“Elflar va etikdo‘z” mashhur aka-uka Grimmlar qalamiga mansub bo‘lib, ertak uchta yosh elfdan katta marhamat ko‘radigan faqir etikdo‘z hayoti haqida. Ertakdan kelib chiqadigan xulosa quyidagicha: qattiq mehnat – barcha orzu va maqsadlar ushalishi uchun yagona kalitdir. O‘z mehnati va insonlarga keltirayotgan foydasini anglaydigan, o‘z qadrini biladigan inson uchun hayotda muvaffaqiyat qozonish og‘ir kechmaydi.

4. “Kichkina qizaloq”

“Kichkina qizaloq” yoki “Gugurt ushlagan qizaloq” deb ataladigan ertak Xans Kristian Andersen qalamiga mansub bo‘lib, ilk marotaba 1845-yilda chop etildi. Keyinchalik bu ertak turli kino, animatsiya va video o‘yinlar yaratilishi uchun ham asos bo‘lib xizmat qildi. O‘limni qarshilayotgan bolakayning orzu va umidlari haqida bo‘lgan bu ertak turli ramzlarga to‘la.

Foto: Google Photos

Misol uchun, uchayotgan yulduz – orzular, gugurt esa xavfsizlik ramzidir. Ertakdan chiqariladigan xulosa esa sizdan ko‘ra faqir bo‘lgan insonlarga boshqalarga qaraganda ko‘proq saxovat bilan munosabat bildirishimiz lozimligi bo‘lib, ertakni o‘qigan kitobxon oilasi uchun ishlayotgan, nochor sharoitiga qaramay, orzu qilishdan to‘xtamaydigan qizaloqni hech qachon yodidan chiqara olmaydi.

5. “Qor bola”

“Qor bola” ertagi Yevropa mamlakatlari orasida keng tarqalgan xalq og‘zaki ijodi namunasi bo‘lib, o‘rta asrga oid manbalarda juda ko‘p marotaba uchraydi. Qordan yaratilgan farzand va uning ota-onasi o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni o‘z ichiga olgan bu ertak bir qaraganda sodda va jo‘n tuyulsa-da, inson ruhiyatining tub-tubida yotgan ezgulik va yovuzlikka murojaat qiladi. Ertakda bir inson qodir bo‘lgan jamiki ezgulik va yovuzlik bu ikki kuch o‘rtasidagi doimiy kurash vositasida ochib berilgan va bu ertak boshqalaridan o‘zining keskin xarakteri bilan ajralib turadi.

6. “Archa daraxti”

Mashhur yozuvchi Xans Kristian Andersen ijodiga tegishli yana bir ertak “Archa daraxti” deb nomlangan bo‘lib, bu ertak Andersen ijodida tushkunlik alomatlari ko‘ringan alohida asarlar qatoriga kiradi. Ertak qahramoni archa daraxti, u doim yanada ko‘proq rivojlanishni, o‘sishni istaydi va natijada ayni damdagi holatidan zavqlanish, xursandchilikni tuyish tuyg‘usidan mahrum bo‘ladi. Xuddi shu holatga monand tarzda ertak o‘quvchiga hayotda erishganlaringdan lazzatlanish, bir umr o‘zingda yo‘q narsalarga qayg‘urish o‘rniga boridan foydalanib qolish va hayotning qadriga yetishni o‘rgatadi.

Foto: Google Photos

7. “Dovr tog‘idagi mushuk”

“Dovr tog‘idagi mushuk” ertagi Norvegiya xalq og‘zaki ijodi namunalaridan biri. Kristen Asbyornsen hamda Mu Yorgen tomonidan tuzib chiqilgan “Norveg folklori” to‘plamidan joy olgan. Yangi yil bayrami uchun qirolga sovg‘a olib borayotgan insonning yo‘l-yo‘lakay Halvor ismli shaxsga yovuz maxluqlarga qarshi kurashish orqali yordam berishi haqidagi bu ertak o‘z o‘rnida ishlatilgan ayyorlikning fazilat bo‘lishi mumkinligi hamda yovuzlikka qarshi faqatgina kurashib g‘olib bo‘lish mumkinligi to‘g‘risida xulosa qilishga yetaklaydi.

Mardlik va jasurlik kabi hissiyotlar bilan bir qatorda, oqilona ishlatilgan aqlni ulug‘laydigan ertak bolalar uchun kelajak hayotdagi dasturamal bo‘lib xizmat qila oladi.

8. “Qarsildoq”

“Qarsildoq” 1816-yilda prussiyalik yozuvchi A.Xoffman tomonidan yozilgan. Ertak voqealari ko‘pchiligimizga tanish: Merining sevimli bayram qo‘g‘irchog‘i qarsildoqqa birdaniga jon ato etiladi va u sichqonlar hukmdorini yengib, aholisi qo‘g‘irchoqlardan iborat bo‘lgan mamlakatni boshqara boshlaydi. Mo‘jiza va sarguzashtlardan boshlanib, shiddatli kurash va oxir-oqibatda ezgulik g‘alabasi hamda muhabbat tuyg‘ulariga ulangan voqealar rivoji barcha uchun birdek qiziqarli kechishi shubhasiz.

Foto: Google Photos

9. “Yong‘oq daraxti”

Aka-uka Grimmlarning yana bir ajoyib ertagi – “Yong‘oq daraxti” ertagi. Boshqa ertaklardan farqli ravishda ushbu ertak turli ramzlar va keskin voqea-hodisalarni o‘z ichiga olgan. Oilaviy munosabatlardagi noxushliklardan tortib, inson hayotidagi eng katta fojialargacha tasvirlagan ertak aka-uka Grimmlarning haqqoniy va ayovsiz uslubini yana bir marotaba namoyon etadi. Ertakdagi ramzlar bo‘yicha turli mutaxassislar bir-biridan farq qiluvchi fikrlarga ega. Shunday ekan, bu sirli ertakdan har bir o‘quvchi o‘z haqiqatini qidirishi va topishiga to‘g‘ri keladi.

10. “Qor malikasi”

“Qor malikasi” ertagi ham Xans Kristian Andersen qalamiga mansub eng mashhur ertaklardan biri. 1844-yil 21-dekabrda nashr etilgan bu ertak Gerda va Kay kabi qahramonlarning yovuzlik hamda ezgulik kuchlari o‘rtasidagi kurashga guvoh bo‘lishi va bevosita bu kurashda faol ishtirok etishini o‘z ichiga oladi.

Ertak Andersonning nafaqat eng mashhur, balki eng uzun ijod namunasi hamdir. Ko‘plab sarguzashtlarni o‘z ichiga olgani, bir necha ramzlarni o‘zida jam etishi hamda insoniy tuyg‘ularning eng qadrlilari bo‘lmish muhabbat, sadoqat, ishonch, do‘stlik, fidoyilik kabilarni madh etgani uchun ham o‘quvchilarga qadrdon bo‘lib qolgan. Gerda bilan birga o‘tgan sarguzashtlar o‘quvchida jasorat hamda sabr-qanoat tuyg‘ulariga bo‘lgan ishtiyoqni shakllantirishi shubhasiz.

Rahimjon Qudratov tayyorladi.