Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi amaldorlarning daromadlari deklaratsiya qilinishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. 2019-yilda Bandlik va mehnat munosabatlari ishlab chiqqan qonun loyihasidan farqli o‘laroq (vazirlik loyihasi bo‘yicha, ushbu tartib 2020-yil 1-yanvardan joriy etilishi kerak edi), agentlik taklif qilayotan loyihada quyidan tortib yuqorigacha bo‘lgan barcha mansabdorlar — hatto prezident va bosh vazir ham deklaratsiya to‘ldirishi taklif qilingan. Hujjat loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

“Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov hukumatning bir qator a’zolariga murojaat qilib, ularning ushbu qonun loyihasiga munosabati bilan qiziqdi.

“Turmush tarzim olayotgan oyligimga shakllanmagan” — Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vaziri

Ozodbek Nazarbekov.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

“Bu, ehtimol, oliy o‘quv yurtini bitirib, davlat muassasalarida ishlab-ishlab, rahbar darajasiga kelgan xodimlarni bezovta qilar. Lekin xalqimiz ham yaxshi biladi, davlat idorasida faoliyatimni boshlamasimdan avval biznes tarmoqlarimni yo‘lga qo‘yganman. Aytmoqchimanki, mening turmush tarzim olayotgan oyligimga shakllanmagan. Shuning uchun bu qonun loyihasi shaxsan meni bezovta qilmaydi. Ushbu yangi tartib men uchun juda to‘g‘ri ish bo‘ladi. Chunki bu ham qaysidir ma’noda korrupsiyaning oldini oluvchi muhim omilllardan biri bo‘lishi shubhasiz”.

“Bundan nimaga qo‘rqish kerak?!” — Shuhrat Sodiqov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

Shuhrat Sodiqov.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

“Men nimadan xavotirlanishim kerak?! Balki bor narsani ko‘rsata bilishimiz lozim. Deklaratsiya qilish masalasi iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda ustun qonun hujjatlaridan biri hisoblanadi. Bundan nimaga qo‘rqishimiz kerak?! Buni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim”.

“Qarshiligim yo‘q, lekin birdan hammaning daromadini deklaratsiya qilish qiyin bo‘lsa kerak” — Ibrohim Abdurahmonov, innovatsion rivojlanish vaziri

Ibrohim Abdurahmonov.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

“Ushbu qonun loyihasiga munosabatim ijobiy. Oxirgi to‘rt yilda, umuman, Yangi O‘zbekistonda eng katta masala erkinlik, ochiqlik siyosati bo‘lyapti. Bu esa jamiyatni rivojlantirishga olib kelmoqda. Davlat amaldorlarining ham daromadi ochiqlansa, bu jamiyatni yanada rivojlantiradigan omil bo‘ladi. O‘zim chet elda o‘qib, yashagan paytlarimda bunday jarayonlarni ko‘rganman. Bu dunyo tajribasida bor.

Bu o‘zimizda albatta, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim. Birdaniga hammaning daromadini deklaratsiya qilish qiyin bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Ayni paytda davlatimizda raqamlashtirish jarayoni ketyapti-ku, xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘z-o‘zidan hech kim hech narsani yashira olmaydigan darajaga keladi. Baribir zamonga moslashamiz. Ham vazir, ham fuqaro sifatida mazkur qonun loyihasiga ijobiy qarayman, qarshiligim yo‘q”.

“Berkitadigan narsamiz yo‘q” — Ravshan Ermatov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti

Ravshan Ermatov (o‘ngdan birinchi).

Foto: AOKA

“Bundan nega xavotirlanishim kerak?! Bu loyihaga, albatta, tayyormiz. O‘zbekistonda qanday qonuniy jarayon bo‘layotgan bo‘lsa, ularning hammasiga tayyormiz va ochiqmiz, berkitadigan narsamiz yo‘q. Yangi qonun loyihasini ijobiy qabul qilaman”.

От qwert.uz