Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan Jizzaxda qurilishi tugallanmagan olti qavatli uyning qulab tushishi sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi, deya xabar bermoqda hukumat matbuot xizmati  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: O‘zA

Jizzax shahar Mustaqillik ko‘chasida joylashgan, dastlabki ikki qavati savdo do‘konlariga, uchinchi—oltinchi qavatlari esa kvartiralarga ajratilishi ko‘zda tutilgan binoning bir qismi 10-yanvar kuni soat 17:15 atrofida qulab tushgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, qurilish “Chorvador-Qorako‘l-Baraka” kompaniyasi tomonidan olib borilgan.

10-yanvardanoq o‘z ishini boshlagan hukumat komissiyasiga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbar etib tayinlangan. Komissiya tarkibiga prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va boshqa vazirliklar, idoralar, ekspertlar hamda pudrat tashkilotlari mutaxassislari kiritilgan.

Komissiya zimmasiga olti qavatli uyning qulab tushish sabablari, bunga omil bo‘lgan holatlar, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilganligi o‘rganib chiqish chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, komissiya bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-me’yoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif ham kiritishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

Avvalroq hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lgan fuqarolar yo‘qligi haqida axborot berilgan edi.

От qwert.uz