Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida vazirlarning yangi ish tartibini ma’lum qildi. “Gazeta.uz”ning ma’lum qilishicha, davlat rahbari vazirlar ish kunlarini Toshkentda emas, viloyatlarda o‘tkazishi kerakligini aytgan.

Foto: “Daryo”

“Vazirlar dushanba kuni bosh vazir bilan yig‘ilish o‘tkazib, hisobotlarini beradi, hafta uchun ish rejasini tuzib oladi va viloyatlarga ketadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Vazirlar faqat shanba va yakshanba kunlari Toshkentda bo‘lishadi. Yakshanba kuni uyda bo‘ladi, yaxshilab dam olib, bola va nevaralarni o‘qitib, dushanbadan yana hududlarga ketishadi. Agar hafta o‘rtasida birorta vazirni Toshkentda ko‘rsam, ishdan olaman”, — dedi davlat rahbari.

“Vazir respublikaga xizmat qiladi, Toshkentni qorovullab o‘tirmaydi”, — deb ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-fevral kuni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Prezident dasturdan asosiy maqsad qog‘oz yoki hisobot emas, balki odamlar hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilishligini ta’kidlagan.

Avvalroq Prezident barcha moliyachi, bankir va soliqchilar mahallama-mahalla yurib, aholi muammolarini o‘rganib, hal qilishini, amaldorlar soatlab o‘tkazgan majlis uchun ketgan vaqtini yoshlarning muammosini o‘rganib, yechimini topishga sarflashini aytgandi. Shuningdek, bosh vazir va administratsiya rahbarining ruxsatisiz majlis o‘tkazgan amaldorlar ishdan ketishini bildirgan.

От qwert.uz