Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘zining 39 yoshli o‘g‘li Sardor Berdimuhamedovni bosh vazir o‘rinbosari va Oliy nazorat palatasi (moliyaviy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat nazorati organi) raisi etib tayinladi, shuningdek, uni Turkmaniston Davlat xavfsizlik kengashi tarkibiga kiritdi. Bu haqda Turkmenportal xabar bermoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Buning uchun davlat rahbari hukumat rahbari o‘rinbosarlari sonini oshirdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Qarorga muvofiq, lavozim “Vazirlar Mahkamasi va Davlat xavfsizlik kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, davlat mulki, shu jumladan, moliyaviy mablag‘lardan omilkorona foydalanish va ular bo‘yicha qonunchilikka muvofiq operatsiyalar ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida” joriy etilgan.

Shuningdek, prezident ma’lum qilishicha, yangi bosh vazir o‘rinbosarining vazifalariga raqamlashtirish hamda davlat va jamiyat qurilishi, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimlariga, moliya va iqtisodiyotga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish kiradi.

Bungacha, 2020-yil 7-fevraldan Sardor Berdimuhamedov Turkmaniston sanoat va qurilish ishlab chiqarish vaziri lavozimini egallab kelayotgan edi. Ushbu lavozimga bungacha vazir o‘rinbosari bo‘lib kelgan Baymirat Annamammedov tayinlandi.

Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘zi 63 yoshda, u Turkmaniston prezidenti lavozimini 2007-yildan buyon egallab keladi. Bundan avval esa Turkmaniston prezidenti lavozimida 1991-yildan Saparmurat Niyazov ishlagan.

Avvalroq Turkmaniston prezidenti mamlakatdagi kredit qarzlarining o‘sishi va valyuta bilan bog‘liq muammolardan g‘azablanib, amaldorlarga tanbeh bergani haqida ma’lumot berilgan edi.

От qwert.uz