Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Namangan shahrining “Bunyodkor” mahallasini borib ko‘rdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bu yerdagi ahvol mahalla nomiga zid. Ichimlik suvi yo‘q, ichki yo‘llar yomon, atrof obodonlashtirilmagan. Mahalla idorasining o‘zi ham xarob, bino orqasida chiqindilar yotibdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Davlat rahbari mahalla raisi va maslahatchisi bilan muloqotda bo‘ldi.

“Sizlar odamlarni uyushtirishingiz, boshqalarga o‘rnak bo‘lishingiz kerak. Shu mahallaning egasi-ku sizlar! Mo‘min-musulmon-ku sizlar! Daraxt eksa bo‘ladimi? Chiqindini tozalatib qo‘ysa bo‘ladimi? Devorni oqlasa bo‘ladimi? Shunga ko‘p narsa kerakmi? Biz mahallaga shuncha e’tibor qaratyapmiz, katta vakolatlar beryapmiz. Bu holatda qanday islohotchi bo‘lasizlar, odamlarni qanday ergashtirasizlar”, – deya savollar qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Prezident Namangan shahar hokimi va ushbu mahallaga mas’ul sektor rahbari bo‘lgan shahar prokuroriga ham tanbeh berdi.

“Balandparvoz gaplar bilan hisobot berasizlar. Qanday vijdon bilan lavozimda o‘tiribsizlar?! Bu mahallada 12 ming odam yashaydi. Ahvolni qaranglar, bu sizning yuzingiz”, — dedi davlat rahbari.

Shu yerga to‘plangan aholi bilan ham muloqot bo‘ldi. Nuroniylardan biri mahallada ichimlik suvi, tabiiy gaz, ishlab chiqarish korxonasi yo‘qligini, yo‘llar ta’mirga muhtojligini aytdi.

“Men shuning uchun kelganman”, – dedi Prezident.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Mutasaddilarga zarur muhandislik tarmoqlarini tortib, mahalladagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

От qwert.uz