1945-yil 19-fevralda urushlar tarixida g‘ayritabiiy va ayanchli hodisa ro‘y berdi. Bir to‘da timsoh botqoqlar orqali inglizlardan qochishga urinayotgan mingga yaqin yapon askarlarini yeb qo‘ydi. Bugun “Daryo” ushbu voqea tafsilotlari haqida hikoya qiladi.

Buyuk Britaniyaning Birma mustamlakasi (Myanma) 1941-yil dekabrda Ikkinchi Jahon urushiga kirgan Yaponiya uchun strategik ahamiyatga ega edi. Ramri jangi Yaponiya imperatori tomonidan qo‘lga kiritilgan Akyab shahridan 110 km janubda, Birma qirg‘og‘ida joylashgan Ramri orolida 1945-yil 14-yanvardan 22-fevralgacha – olti hafta davom etdi. 1945-yil yanvar oyida ingliz-hind ittifoqchilari Ramri va unga qo‘shni bo‘lgan Chedub orolini qaytarib olish uchun hujum boshlashdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Ishvetsov

Aslida, inglizlarning orolda qamal qilingan yaponlar ustidan qo‘lga kiritgan g‘alabasi u qadar ham strategik ahamiyatga ega emas edi, ammo botqoqdan kechib o‘tayotgan yapon askarlarining yirtqich timsohlar hujumiga uchrashi ushbu jangni tarixga muhrladi. Yapon askarlarning aksariyati zaharli hasharotlar va ilonlar hujumidan, boshqalari ochlikdan va toza suv yetishmasligidan vafot etdi. Ammo eng ko‘p sonli askarlar mahalliy botqoqlarda yashovchi ulkan timsohlar hujumi oqibatida halok bo‘lishgandi. Jangda qatnashgan britaniyalik askar Bryus Stenli Raytning so‘zlariga ko‘ra, orolda bo‘lgan mingdan ortiq yapon askarlari orasidan faqat 20 nafarigina inglizlar tomonidan asirga olinadi va ular shok holatida bo‘ladilar.

Gap shundaki, asirga olinmay qolgan yana 1215 kishi botqoqlardan o‘tishga harakat qilayotganda timsohlarga yem bo‘lgan. Rayt voqeani shunday tasvirlaydi:

“1945-yil 19-fevralning tunida har qanday jangchi boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan eng yomon hodisa yuz berdi. Botqoqlikning zulmati aro vahshiy miltiqlarning o‘q ovozlari yangradi, lekin ularni yaponlarning baqiriqlari bosib ketdi, ular ulkan sudralib yuruvchilarning tishlari orasida halok bo‘ldilar”.

To‘g‘ri, miltiqlar u qadar ham foydasiz qurol emasdi, ammo ular og‘irligi bir yarim tonna keladigan yirtqichlarni to‘xtatib qolish uchun o‘ta ojizlik qilardi. Bundan tashqari botqoqlik ham timsohlar uchun yetarlicha mustahkam himoya vositasi vazifasini o‘tagan edi.

Foto: Warhead

Ginnesning rekordlar kitobida timsohlar hujumi bilan bog‘liq ushbu hodisa “dunyodagi timsohlar bilan bog‘liq bo‘lgan eng dahshatli ofat” va “timsoh hujumi natijasida eng ko‘p odam qurbon bo‘lgan voqea” deb tan olindi.

Yaponiya armiyasi polkovnigi Yasu Yunuko o‘zining maxfiylashtirilmagan hisobotida quyidagicha guvohlik beradi:

“Ramri mangrov botqoqlaridan o‘sha bo‘linmadan atigi 22 askar va 3 zobit tirik qaytdi”.

2 oydan so‘ng tekshiruv o‘tkazgan harbiy tribunalning maxsus komissiyasining tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, 3 kvadrat kilometr maydonga ega bo‘lgan botqoq zonasidagi suyuqlikning 24 foizi inson qoni bo‘lib chiqadi.

Voqeaning chindan ham sodir bo‘lgan yoki yo‘qligi bir qancha shubhalarga sabab bo‘lgan. Sababi bir botqoqda yuzlab timsohlarning to‘planishi o‘ljani taqsimlay olish jihatidan ham, urg‘ochisi bilan munosabat jihatidan ham haqiqatga u qadar to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Tarixchi Frenk Maklin Birma kampaniyasiga bag‘ishlangan kitobida dahshatli qirg‘in tarixini yorituvchi asosiy dalillarni va ayniqsa, askar Raytning voqeani talqin etish uslubini rad etadi. Maklinnning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda Raytning orolda bo‘lganligi to‘g‘risida hujjatli dalillar yo‘q. Bundan tashqari, tarixchi timsohlarning hujumi haqidagi “afsona”ning ilmiy nuqtayi nazardan qoidalarga qarama-qarshi ekanligini ta’kidlaydi. Maklinnning so‘zlariga ko‘ra, yuzlab yapon askarlarini go‘yoki yeb qo‘ygan bu sudralib yuruvchilar Ramrining tabiiy sharoitida omon qololmasdilar, sababi ular shunchaki yetarli ozuqaga ega bo‘lmas edilar!

Voqeaning haqiqatligiga 2016-yil sentabr oyida National Geographic kanalida efirga uzatilgan  hujjatli filmda ham e’tiroz bildirilgan. Doktor Sem Uillis orolga tashrif buyuradi va omon qolgan harbiylarning hujjatlarini ham ko‘rib chiqadi. Tadqiqotchi timsohlar qurbonlari soni haddan tashqari oshirib yuborilgan degan xulosaga keladi.

Foto: Wikipedia

Ikkinchi Jahon urushi har tomonlama o‘rganilganiga va u to‘g‘risida juda ko‘p miqdordagi hujjatli ma’lumotlarga ega bo‘lishimizga qaramay, ushbu voqea haqida ko‘p narsalar bugungi kunga qadar sir bo‘lib qolmoqda.

Hayvonlar hujumi natijasida odamlarning ommaviy ravishda halok bo‘lishi haqida gap ketganda Ikkinchi Jahon urushi paytida 800ga yaqin odamni yeb yuborgan oq akulalar hujumi bilan bog‘liq voqeani ham ta’kidlash lozim. Bu hodisa tinch aholini olib ketayotgan kemalar bombardimon qilinganidan va cho‘kib ketgandan keyin sodir bo‘ladi. Bunisi endi umuman boshqa hikoya.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.

От qwert.uz