Myanmada barcha tillardagi Wikipedia bloklandi

Fevral oyining boshida harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgan Myanmada Wikipedia internet-ensiklopediyasi bloklandi. Bu haqda NetBlocks notijorat tashkiloti Twitter’da ma’lum qildi, deb yozmoqda “RBK”.

Foto: EPA

Mamlakatda onlayn ensiklopediyaning barcha tildagi versiyalari ishdan chiqqan. Bungacha Facebook, Instagram, WhatsApp bloklangan edi. Bundan tashqari, Myanmada ketma-ket oltinchi kecha Internet vaqti-vaqti bilan ishlamoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     14-fevralda esa u deyarli to‘liq uzib qo‘yilgan edi. Bunga mamlakatning yirik shaharlarida davlat to‘ntarishiga qarshi davom etayotgan norozilik namoyishlari sabab bo‘lgan.

Shuningdek, Myanma harbiylari namoyishlarga qarshi mamlakatning eng yirik shahri Yangon ko‘chalariga zirhli mashinalarni kiritgan. Mamlakat Markaziy banki yonida askarlar, zirhli transportyorlar, tartibsizlikni nazorat qilish bo‘linmalari va suv purkagichlari bo‘lgan yuk mashinalari paydo bo‘lgan. Shunga qaramay, shaharning ushbu hududida 1000 dan ortiq namoyishchilar to‘plangan.

Avvalroq hukumat to‘ntarilishi paytida harbiylar tomonidan hibsga olingan Myanma prezidenti U Vin Mint prezident saroyidan boshqa binoga ko‘chirilgani haqida xabar berilgandi. Xabarga ko‘ra, uning qayerdaligi noma’lum.

Shuningdek, to‘ntarish vaqtida hibsga olingan davlat maslahatchisi Aun San Su Chjiga qarshi 16-fevral kuni ikkinchi ayblov e’lon qilingan. Ta’kidlanishicha, endilikda Aun San Su Chji favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblanmoqda. Birinchi marta 3-fevral kuni davlat maslahatchisi import va eksport to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblangan edi.