Rossiya Ichki ishlar vazirligi “alohida vaziyatlarga tushib qolgan” noqonuniy muhojirlarni rasmiylashtirishni soddalashtirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Ular migratsion qonunchilikni buzganlik uchun jazolanmaydi, avval qo‘llangan sanksiyalar esa bekor qilinadi, deb yozadi “Kommersant”. Qonun loyihasi konsepsiyasi hukumat tomonidan ma’qullangan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.

Foto: “TASS”
“Qonun loyihasi alohida holatlardagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakat hududida bo‘lish tartibi va shartlarini aniqlashtiradi. Yangi federal qonun kuchga kirgan paytda migratsiya sohasida belgilangan talablarni buzgan holda Rossiya hududida bo‘lib turgan barcha shaxslarga muayyan vaqt davomida o‘z huquqiy holatini tartibga solish imkoniyatini berish taklif etilmoqda”, — deyiladi IIV xabarida.
Muassasa qayd etishicha, Rossiyada “migratsiya amnistiyasi” instituti yo‘q. Ammo qonun chet elliklarning ba’zi toifalariga mamlakatda o‘z holatini qonuniylashtirish imkonini beradi. Masalan, muhojirlar prezidentga murojaat qilishi mumkin. Fuqarolikni soddalashtirilgan tartibda olish imkoniyati uzoq vaqt davomida Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan muhojirlar toifasi uchun ko‘zda tutilgan. Ular ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
Avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi chet el fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun muhojirlarga davlat xizmatlarini elektron shaklda olish imkonini beradigan yagona axborot platformasi yaratilishini ma’lum qilgan edi. Yaratilayotgan tizimda muhojirlarning raqamli profillari ochiladi. Profillar chet el fuqarosining huquqiy holati, uning biometrik ma’lumotlari, yashash va ish joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Raqamli profil yordamida chet elliklar mehnat shartnomasi tuzish, talabaligini tasdiqlash, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash, axborot xizmatlaridan foydalanish, shuningdek, mamlakatdan chiqib ketish zarurligi to‘g‘risidagi axborot byulletenlarini o‘z vaqtida olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.