Yangilanayotgan o‘zbek lotin alifbosi va uning atrofida kechayotgan bahs-munozara — tegishli hujjat loyihasi bo‘yicha rasmiy muhokama 31-mart kuni yakuniga yetgan bo‘lsa-da — davom etmoqda. Mutaxassislar, turfa kasb egalari va ijtimoiy tarmoqdagi faollar bu xususda savol, taklif va xulosalarini e’lon qildi va qilmoqda. “Daryo” ushbu fikrlarning ayrimlarini jamlab, yangi mulohazalarga maydon hozirladi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining taklif etilayotgan yangi varianti. Unda “O‘”, “G‘”, “Sh” va “Ch” harflarining ko‘rinishi o‘zgargan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Regulation.gov.uz”

“Savodsizlik darajasi 90 foiz bo‘lgan 1926-yilda inqilobiy qadamdan cho‘chishmagan, nega biz XXI asrda, savodlilik darajasi 99 foiz ekanida cho‘chishimiz kerak?!”

Lotin yozuvida xat-savodini chiqarganlar 35 yoshga yetdi. Lotin yozuvida savod chiqarganlarning farzandlari lotin yozuvida imloni o‘zlashtirishmoqda. Agar son jihatdan olinadigan bo‘lsa, lotin yozuvini maktabda o‘zlashtirganlar hozir mutlaq ko‘pchilikni tashkil etishadi.

Men tilshunos yoki filolog emasman, foydalanuvchiman. Kuniga 50-60 sahifa matn o‘qiyman, 4-5 sahifa matn yozaman. Shaxsan men uchun amaldagi lotin yozuvidagi matnlarni o‘qish va yozish o‘ng‘aysiz, hisoblab ko‘rganman, klaviaturada tutuq belgisi, qo‘shharflarni izlash va kiritish hisobiga o‘rtacha 20 foiz ko‘proq vaqt ketadi. Taklif etilayotgan variant menda mavjud bo‘lgan muammolardan eng asosiysini bartaraf etadi. Shundan xursandman.

Marketing tilida aytganda, zamonaviy dunyoda foydalanishni osonlashtirish tomon yurish, foydalanuvchilarga qulaylik sotuvlar hajmini oshiradi. Alifbo misolida bu uning foydalanuvchilaridir. Kirill yozuvida foydalanuvchilar ko‘pligi — afsuski, ulardan biri menman — bosh sababi ham shu: undan foydalanish osonroq.

Loyiha e’lon qilingach, harflarning shakllari-yu, yangi alifbo masalalari, soddalashtirish, murakkablashtirish muhokamalari asosiy masalani — lotin alifbosiga uzil-kesil o‘tishni yana cho‘zishi, keyinga qoldirishi mumkin. Menga qolsa, shu yil 1-sentabrdayoq isloh qilingan yangi alifboni yoppasiga joriy etish kerak. Savodsizlik darajasi 90 foiz bo‘lgan 1926-yilda inqilobiy qadamdan cho‘chishmagan, nega biz XXI asrda, savodlilik darajasi 99 foiz ekanida cho‘chishimiz kerak?!

Baraka topgurlar, avval uzil-kesil o‘tib olaylik, hech qursa, besh yil o‘zgartirmay foydalanaylik, plyus va minuslarini his etaylik, keyin takliflar, mulohazalar asosida alifbomizni takomillashtirib boraveramiz. 1926-yilda qabul qilingan alifbo 1940-yilgacha adashmasam 3-marta, 1940-yildagi kirill alifbosi esa hozirgacha kamida 2-marta turli o‘zgarishlarga uchragan. Bu norma. Bundan qo‘rqmaslik kerak. Arosat davri tezroq tugashi kerak.

— Otabek Bakirov@the_bankiroff Telegram-kanali muallifi


“Hozir taklif qilinayotgan variant eng qulay”

Amalda bo‘lgan lotin imlosiga asoslangan alifbomizga kiritilayotgan kichik o‘zgarishlar loyihasi taqdim qilindi hamki, munozaralar tinmayapti.

Mavzular faqat o‘zgarayotgan harflar ustidagina emas, umuman, hatto rus grafikasiga asoslangan imloning afzalliklaridan tortib, “x” va “h”ni birlashtirishgacha cho‘zilib ketayotgani meni qo‘rqitadi. Sababi — yana mavzu boshi berk ko‘chaga kirib qolsa, mutaxassislar alifbo loyihasi ustida ishlash uchun qaytib xonalariga kirib ketadi va yana yangisi taqdim etilguncha, ko‘p yillar o‘tib ketadi. Yana vaqt va imkoniyatni yo‘qotamiz.

O‘tgan asrda boshlagan ishimizning haligacha oxiriga yetmayotgani, albatta, xunuk holat.

Taklif etilayotgan o‘zgarishdagi menga eng yoqqan jihat — “bir tovush – bir harf” prinsipiga qaytilayotgani. Tan olish kerak, “ch”, “sh” kabi birikmalar, “o‘” va “g‘” harflaridagi teskari birtirnoq va bunga qo‘shimcha tutuq belgisi lotin yozuvida matn o‘qishni juda noqulay holatga keltirar, bu ayniqsa, kirillchada savod chiqargan avlod yozish va o‘qishda kirilldan voz kechmayotganining bosh sababi edi.

O‘zim, inglizcha, turkchani o‘qiganman, lotin yozuvida uzun konspektlar yozgan bo‘lsam-da, aynan o‘zbek tilida ishlaganda o‘sha birikmalar tilimizga begonadek turadi.

Ingliz tilida bunday harflarda muammo yo‘q, ularda bir harf bir tovushni ifodalamaydi, harflar vaziyatga qarab, bir necha xil tovushni ifoda etadi. Qisqartmalarda ham, masalan, Shanhai Limited Company’da “S” va “h” bilan “Sh”, “C” esa o‘zbekcha “K” deb aytilsa-da, SLC qisqartmasi — “Es El Si” deb aytilib ketaveradi. O‘zbekchada qisqartirmoqchi bo‘lsang, “SHLK”mi, “SLK”mi — doim muammo bo‘ladi. “ShLK” deb ham yozadiganlar bor.

Nazarimda, hozir taklif qilinayotgan variant eng qulay. Mavjud alifboga nisbatan afzalroq. Kirill va lotin yozuvida ta’lim olgan turli yoshdagi yurtdoshlarimizni birlashtira oladi.

Qolaversa, boshqa turkiy xalqlari yozuvlariga ham yaqin. Yana bir ustunligi — yangi alifbo loyihasida terilgan matnning hajmi amaldagi alifbo bilan yozilgan matnga qaraganda 5 foizga, kirill alifbosida yozilgan matnga qaraganda 20 foizgacha qisqa bo‘lar ekan. Bu, tabiiyki, katta vaqt va mablag‘ tejamkorligiga sabab bo‘ladi.

Xullas, o‘zimizning har xil fikrlarimizni o‘tkazish uchun ortiqcha bahs-munozaraga kirishib ketib, yana ko‘p vaqt yo‘qotib qo‘ymasligimiz lozim. Shuning uchun, ehtiroslarga berilmasdan, ko‘pchilikni qoniqtirayotgan minimal o‘zgarishlarni qabul qilishimiz, takomillashtirilgan alifboni tezroq joriy etishimiz kerak, deb o‘ylayman.

— Qahramon Aslanov@iqtiboslar Telegram-kanali muallifi


“Shu loyiha tashabbuskorlari tanqid va turli gap-so‘zlarga qaramay, qat’iyat ko‘rsatishlarini xohlayman”

Alifbo islohotini to‘liq, ha, to‘liq qo‘llab-quvvatlayman! Alifbo rasman o‘zgargan kuniyoq kanalimda va barcha joyda yangi alifboda yozishni boshlayman hamda kirill yozuvidan butunlay voz kechaman. Yangi taklif etilayotgan alifbo ham ayrim kichik jihatlarini inobatga olmasa, menga ma’qul!

Shu loyiha tashabbuskorlari tanqid va turli gap-so‘zlarga qaramay, qat’iyat ko‘rsatishlarini xohlayman. Hukumat va yuqoridagi mas’ullardan ham shunchaki omma fikrini emas, ko‘proq mutaxassislar nuqtayi nazarini eshitishlarini va ularga quloq solishlarini, alifboni isloh qilishlarini so‘rab qolaman.

— Xushnudbek Xudoyberdiyev@xushnudbek Telegram-kanali muallifi


“Men ‘ng’ harfiy birikmasini alifbodan olib tashlanishi tarafdoriman”

Yangilangan alifbo haqida ko‘pchilik fikrimni so‘radi, quyida ularni imkon qadar sodda va qisqa ravishda bayon qilishga harakat qilaman.

O‘zi kerakmidi?

Kerak edi, lekin ancha yil avval amalga oshirilishi kerak edi. Nima uchun shuncha yil davomida lotin alifbosiga to‘liq o‘ta olmadik? Bunga undagi kamchiliklar va noqulayliklar sabab bo‘layotgandi. Bir harfni to‘g‘ri terish uchun oltitagacha tugma bosishga to‘g‘ri kelayotgandi. Vaqtdan yutish maqsadida odamlar o‘zlariga qulaylik yarata boshladi. Natijada “o‘” harfini “6”, “sh” harfini “w”, “ch” harfini “4” soni bilan yozadigan avlod paydo bo‘ldi. Buning asosiy sababi — bir harfni bir tugma bilan emas, bir necha tugma bilan yozilishi bo‘ldi.

Imlo qoidalari ham ancha islohotlarga muhtoj. Yangi imlo qoidalarini ishlab chiqishdan avval esa alifboni isloh qilib olish lozim. Busiz barcha urinishlar foydasiz bo‘ladi. 28 yillik tajriba shuni ko‘rsatyapti.

Boshqa qiladigan ish yo‘qmidi? Qancha-qancha muammolarimiz bor!

Ta’lim alifbodan boshlanadi. Bu taraqqiyotni juda cho‘qqiga chiqarib yubormasa ham, odamlarni bir zumda olim qilib qo‘ymasa ham, ta’lim tizimiga bilvosita ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.

Bu siyosiy kuchlar ta’sirimi?

Bu islohotni siyosatga bog‘lash to‘g‘ri emas. 4 ta harfni o‘zgartirib biz hech qaysi davlatga qaram bo‘lib qolayotganimiz yo‘q.

Turklardan olib o‘zlashtirib qo‘ydikmi?

Yo‘q. Turkiy tilli davlatlar alifbolari o‘rganilgan va shu asosda yangilik kiritilgan. “Ş” va “Ç” harflarini turklardan olindi deyish ham xato. Biror davlat u yoki boshqa harfni o‘z alifbosida ishlatsa, u aynan shu davlatga tegishli harf bo‘lib qolmaydi. Bundan tashqari, yuqoridagi harflarni faqatgina Turkiya ishlatmaydi va Turkiya ham kimlardandir olgan:

— “Ç” belgisi ilk bor eski ispan yozuvida ishlatilgan va XVIII asrgacha muomalada bo‘lgan. Turkiya esa uni 1929-yilda — arab yozuvidan lotin yozuviga o‘tish paytida o‘zlashtirgan.

— “Ş” belgisi ilk bor 1860-yilda Ruminiya yozuvida ishlatilgan. O‘shanda Ruminiya eski rumin kirillchasidan lotin alifbosiga o‘tgan. Hozir bu harflarni turklardan tashqari yana o‘nlab davlatlar o‘z yozuvlarida ishlatadi.

Endi savodsiz bo‘lib qolamizmi?

Savodsizlar savodsizligicha qolaveradi. Biz har narsadan fojia yasashni xush ko‘ramiz-da. Mutlaqo yangi alifbo yaratilmadi-ku. Mavjud 4 ta harfning shakli o‘zgartirildi. Shu bois savodsizlik darajasi oshishi haqidagi gaplar puch va asossiz.

Lotinda o‘qishni bilgan odam, agar xotirasida jiddiy muammo bo‘lmasa, to‘rtta harfni yodda saqlab qolishi muammo bo‘lmas. Agar lotin alifbosini hali o‘rganmagan bo‘lsa, endi bemalol o‘rganaversin. Ko‘rinishidan turkcha matnga o‘xshasa ham. Majburlikdan bo‘lsa ham. Noqulay bo‘lsa ham.

Hali lotin alifbosiga to‘liq o‘tib ulgurmagan edik, yana o‘zgartirishning nima keragi bor?

Aynan lotin alifbosiga to‘liq o‘tmaganimiz uchun, to‘g‘rirog‘i o‘ta olmaganimiz uchun ham bu ishni qilish kerak edi. Biz vaqtdan ancha yutqazib qo‘ydik va bu narsa bizning eng og‘riqli mavzumizga aylanib ulgurdi. Lekin buni keyinga suraverish ham yaramasdi.

Kitoblarni qayta nashr qilish uchun katta mablag‘ ketadi-ku?!

Men iqtisodchi yoki moliyachi emasman. Lekin bu islohot nuqsonli lotin alifbosidan foydalanib yurishdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradi, moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamasa ham, ma’naviy jihatdan oqlaydi, degan umidlarim bor.

Klaviaturalarimizda bu belgilar yo‘q-ku, qayerdan olib yozamiz?

To‘g‘ri, kompyuterdagi ingliz tili klaviaturasi (raskladkasi)da bu belgilar yo‘q. Lekin qonun qabul qilinsa, barcha operatsion tizimlar uchun yangi raskladkalar ishlab chiqiladi. O‘shanda kompyuter yoki telefoningizga lotin alifbosiga asoslangan yangi o‘zbek tili klaviaturasini bir marta qo‘shib qo‘yasiz-da, har bir harfni birgina tugma bilan teraverasiz.

Takliflarim

  • Men “ng” harfiy birikmasini alifbodan olib tashlanishi tarafdoriman. Bu haqda Xushnudbek Xudoyberdiyev ikki yil avval yaxshi maqola yozgan. Birikmaning nutqda oz bo‘lsa-da o‘rni bor, lekin uning alifbodan olinishi nutqda ham o‘rnini yo‘qotishini bildirmaydi.
  • Hozirda tutuq belgisi (apostrof) ichi bo‘yalgan 9 soniga o‘xshaydi — (’). Lekin amalda uning texnik shakli ko‘p ishlatiladi — (’). Yangi imlo qoidalariga tutuq belgisi sifatida ikki shaklini ham ishlatish mumkin degan qoida kiritilishi muharrir va musahhihlar uchun ulkan yordam bo‘ladi.
  • “Ō” va “Ḡ” harflarining ustidagi belgisini tanlashda nimalarga tayanilgani, nega aynan shu belgi tanlangani menga ham qiziq. Bunda dasturchilarning ham fikri inobatga olingan, degan umiddaman. Hozirgi axborot texnologiyalari zamonida qo‘lda emas, balki kompyuterda yozishda muammolar bo‘lmasligiga ko‘proq e’tibor qaratish kerak.

Biz lotin alifbosi yo‘lidan yurdik, ortga qayta olmaymiz, lekin yo‘lning o‘rtasida turaverish ham yaramaydi. Yo‘l yurish doim murakkab, unda to‘siqlar bo‘lishi tayin. Yo‘lga chiqmaganimizda edi, lotin alifbosi haqidagi taklifni rad etishga jur’at qilsak o‘rinli bo‘lardi. Endi esa kech. Endi faqat olg‘a yurish kerak.

 Abduazim Rustamxo‘jayev“To‘g‘ri yozamiz” Telergam-kanali muallifi


“Bu versiya qabul qilinmasligi tarafdoriman”

Taklif etilayotgan tahrirlangan o‘zbek lotin alifbosi haqidagi fikrimni so‘rashyapti. Qayta-qayta. Do‘stlar! Bu – o‘sha biz bir zamonlar muhokama qilgan loyiha. O‘zgarish, yangilik yo‘q. Yana eski fikrlarni takrorlashdan nima foyda?

Asosiy o‘zgarish – “g‘”, “o‘” tovushlarini ifodalashda ishlatilgan teskari apostrof yo‘q qilinyapti. “Ц” tovushini ifodalovchi “c” harfi ham taklif etilgandi, yakuniy versiyadan o‘rin olmabdi. O‘rin olmagani yaxshi. “C” harfini kiritishga asosiy motiv “sex” so‘zining yozilishini o‘zgartirish edi. Alifbo ishlanmalarida qatnashganlar buni oshkora tan olmasa ham, bu borada menda insayd bor. Bir so‘zning boshqa til alifbosida “nojo‘ya” o‘qilishi tufayli (aslida nojo‘ya ham emas, o‘zbek tilini senzuralashni bas qilish kerak) o‘z alifboyingga butun boshli harf kiritish katta ahmoqlik bo‘lardi. Qolaversa, joriy lotin alifbosida alohida harf bilan ifodalanmaydigan “ц” tovushi allaqachon keng iste’moldan chiqib ketgan.

Umuman, kiritilayotgan o‘zgarishlar ma’nili, asosli. Lekin, shunga qaramay, bu versiya qabul qilinmasligi tarafdoriman. Chunki o‘zbek alifbosi bundan so‘ng ham hali yana bir necha islohot va tahrirni boshdan kechirishiga ishonchim komil. U bugungi holatida mukammal emas va kelajakda muqarrar savollar tug‘iladi, muammolar kelib chiqadi, yana navbatdagi islohotlar talabi vujudga keladi. Yo birdan maksimal mukammal alifboni iste’molga kiritish kerak, yo yaxshi kunlar kelguncha, kerakli saviyadagi mutaxassislar yetishib chiqquncha, ziyolilar orasida konsensusga erishilguncha hozirgi alifbodan foydalanib turish kerak — aslida bugungi alifbo ham funksional tomondan yomon emas, harqalay, ingliz klaviaturasidan foydalanishni maksimal darajada osonlashtiradi, yangi klaviatura ishlab chiqishni talab qilmaydi. Har avlodda alifboni isloh qilaverish betayinlik deyiladi, do‘stlar.

Bahonada yana bir savolga javob berib ketay: “qachon siz lotin harflarida yozishni boshlaysiz?” deb so‘rashadi. Shuni eslatib o‘tishim kerakki, men hech qachon bir narsani majburlab joriy etish tarafdori bo‘lmaganman. Hamma o‘ziga qulay ishni qilishi kerak. Men ham hozircha o‘zimga qulayroq va lotin alifbosidan nisbatan mukammalroq bo‘lgan kirillchadan foydalanib turibman.

Ikki holatda lotin yozuviga o‘taman:

  • qonunan lotin alifbosi qonun va an’anaga ko‘ra majburiyga aylansa;
  • men mukammal hisoblaydigan alifbo ishlab chiqilib, iste’molga kiritilsa.

Men mukammal hisoblaydigan lotin alifbosiga ko‘proq o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri keladi:

  • “ş”, “”ç”, “ƞ” harflarini kiritish;
  • unlilar singarmonizmini qaytarish, “ö”, “ü”, “ı”, “ä” harflarini kiritish;
  • o‘zbek orfografiyasi va orfoepiyasini rus tili ta’sir doirasidan olib chiqish — o‘zlashmalar rus tili orqali olinishini to‘xtatish, o‘zlashmalarni ruschalashtirish emas, o‘zbekchalashtirish.

— Eldar Asanov“Asanov formati” Telegram-kanali muallifi


“Maishiy iste’mol va yengillikka berilish alifboni qisqartirish bilan cheklanmaydi, aksincha, aynan shu yondashuv tilning o‘limini tezlashtiradi, deb qo‘rqaman”

Til haqida bir idealistik g‘oya bor. Unga ko‘ra, tillar mukammal holatda oliyroq olamdan insoniyatga in’om qilingan bo‘lib, davrlar mobaynida ular turli ko‘rinishlarga o‘tib boradi va bu o‘zgarish asosan tillarning tanazzulini anglatadi.

O‘zbek tili va uning yangi alifbosi borasida bo‘layotgan bahslarni kuzatar ekanman, fikr bildiruvchilardan qiziq bir iddaoni qayd qilyapman: “imloni odamlar iste’moliga moslashtirish kerak, ya’ni maishiy iste’molda tutuq talaffuzga chiqmaydi, shuning uchun undan voz kechish kerak, hamda ‘h’ va ‘x’lar farqiga borilmaydi, demakki, ularning yozuvini ham to‘xtatish kerak”.

Fikrimcha, maishiy iste’mol nomi bilan tilning ustidan hukm o‘qilyapti. Yana bir iddao: “yozuv qanchalik soddalashsa, savodxonlik shuncha osonlashadi”.

Demak, ikkinchi zarba “soddalashtirish” va “oson qilish”, go‘yoki odamlarimiz ongi tilga xos murakkabliklarini ko‘tara olmay savodi oqsab qoladi, degan qarashdan iborat. Savodxonlikni buncha sodda tushunmasak!

Maishiy iste’mol va yengillikka berilish alifboni qisqartirish bilan cheklanmaydi, aksincha, aynan shu yondashuv tilning o‘limini tezlashtiradi, deb qo‘rqaman.

Avvalambor, insonning tilini axborot almashish vositasi, deb tushunmasligimiz kerak edi. Yashab qolish uchun zarur axborot bilan almashish hayvonot olamida va hatto o‘simliklar orasida uchraydi. Inson tilining asosiy xususiyati bu tafakkur va did hissi ifodasi bo‘lish edi. Mukammal til murakkab tafakkur va go‘zal bayon bilan uyg‘unlikda ko‘rinadi. Uning kamoloti ziyo ahli himoyasida bo‘lishi kerak edi. Avom o‘zining moddiy hayoti bosimi ostida tilni beixtiyor buzadi, qashshoqlashtiradi, murakkab shakllardan foydalanishga vaqti, qurbi, xohishi yetmaydi.

“Avom” deganimda baland dimog‘lik (snobizm) illati bor, deb o‘ylamasligingizni istardim. O‘zim xuddi o‘sha avomdanman va avom tilida shu fikrlarimni yozyapman, chunki boshqasini bilmayman. Bozordagi aravakash bola bilan mening ongim, tilimda katta farq yo‘q. Ammo men o‘sha aravakash bola bilan birgalikda yuqoriroq ziyo ahli borligi, ularning o‘ziga xos tili, aqli, didi borligiga ishongimiz va biroz bo‘lsa-da ularning ziyosidan ruhiy ozuqa olgimiz kelardi…

Lekin bizga aytishyaptiki, “sizlarning maishiy tillaringiz – asl til va bundan boshqasi yo‘q”. Bor edi-ku?! O‘lganmi? Maishiy ongimizdan tashqari oliyroq aql, nozik didli tafakkur ham yo‘qmi? Borini o‘ldiramizmi? Shoshmanglar… Hukm ijro qilinmasidan yana bir o‘ylab ko‘raylik!

E’tiroz bo‘lishi mumkin: “bu idealistik g‘oyang safsata, til moddiy qonuniyatlar asosida rivojlanadi va asosiy tamal tosh — bu ommaning maishiy iste’moli; alifbo tarkibi va tafakkur murakkabligi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q” va bunga u bir qator ilmiy dalillar keltirib beradi. Bularga qarshi ilmiy shakldagi raddiyalarim yo‘q. Tan olaman.

Ammo ichimda nimadir tinchlik bermayotibdi. Moddiy talqin hidi dimog‘imga qo‘lansa bo‘lib kiryapti. Men bu tuyg‘uni avom fikriga o‘rab, avom tilim bilan ifoda qilishga qiynalyapman. Ehtimol oramizdagi ziyo egalari buni yaxshi tushunar. Nima bo‘lganda ham tilning o‘limi, tafakkur zaiflashuvi tilda ko‘rinishi va to‘g‘ri talaffuzni alifboda saqlash haqida fikrlarim bilan bo‘lishishni davom etaman. Bundan nima chiqadi, ko‘ramiz.

Nozik didli chuqur tafakkur

“Federalist” maqolalaridan birini (XVIII asr oxiri amerikalik siyosiy mutafakkirlari munozarasi uchun yozilgan gazeta maqolalari) tarjima qilib ko‘rmoqchi bo‘ldim. Undagi jumlalarning murakkabligi meni lol qoldirdi. Undagi so‘zlar, iboralar notanish emas va asosiy mazmuni tushunarsiz ham emasdi. Murakkablik deganda bir gapning o‘zida serqatlam, chuqur ma’noli va keng ufqli ekanini nazarda tutyapman. Havaskor tarjimaga qiynalishimdan esa fikriy bayonda nihoyatda ojizligimni aniq angladim. Albatta, bu o‘zbek tilining aybi emas, mening maishiy tilim qusurligidan deb bilaman va o‘tgan asr adib, tarjimonlarimiz bu ishni maromiga yetkazishganiga ishonaman. Ammo shunday qilib yoza oladiganlar yana bormikan? Hozirgi amerikalik va britan siyosatchilari nutqlarini eshitar ekansiz, o‘sha federalistlardan uzoqqa ketib, nihoyatda avomlashib qolganini ko‘rish mumkin.

Ularning matnlari mazmunan sayozligi, lug‘aviy qashshoqligini ko‘rish uchun tilshunos bo‘lish shart emas, o‘zlarining hamkasb ajdodlari nutqlari va yozgan matnlari bilan solishtirish kifoya. Bu bir misol xolos. Tafakkur va til primitivlashuvi deyarli barcha xalqlarda kuzatiladi. Faqat negadir bizda bu jarayonni tezlatishga kirishilgandek ko‘rinyapti.

O‘zbek tilida tafakkur sayozlashib ketganini mumtoz merosni qiynalib, ming azob bilan tushunayotganimizdan ham bilsa bo‘ladi. Uzoqqa ham bormaylik, til ifodasi haqida gap borsa, o‘tgan asrda qo‘yilgan filmlar va teatr sahnalaridan arxiv tasmalarini ko‘rganda talaffuz, ohang, nutq oqimi go‘zalligidan did zavqini nahot his qilmasak? O‘zbek tovushlari xuddi alifbo belgilari bilan hamohang chiqqani nahot bir tush bo‘lsa? Nega hech bo‘lmasa tilni o‘sha darajada ushlab tura olmayotibmiz?

Talaffuz qo‘riqchilari

“H” va “x” harflarini ajratib saqlash yoki birlashtirish haqida bahs bo‘lganda qayta eslatilayotgan o‘zbek tiliga xos unli tovushlarning hammasi ham arab, kirill va lotin alifbolarida yo‘qligini aytishadi, demak x-larni birlashtirib yuborishda zarar yo‘q deyishadi. Bu e’tirozga kengroq javob berishga to‘g‘ri keladi va javobni paradoks fikr bilan boshlayman.

Imlo mukammal til uchun xatarga ega, chunki u til illyuziyasini berishi mumkin. Tilni maishiy maqsadlarga bo‘ysundirish maqsadida yozuv shakllangan deb hisoblayman. Qadimda bayon qilish san’ati va bayon qilinayotgan meros asosan ustozdan shogirdga, aytuvchidan eshituvchiga og‘zaki ulashilgan. Belgilar orqali bayon muhrlana boshlanganda ham eng asosiy e’tibor og‘zaki yetkazish va yodda saqlashga bo‘lgan. Qadimgi sanskrit eposlari, madhiyalari uzoq vaqt og‘zaki saqlangan, ularning yozila boshlanishi ancha kech boshlangan va o‘z ahlida bu haqda turli xavotirga ham sabab bo‘lgan. Qur’onning ilk yozuvlariga qarasangiz hozir ishlatib kelinayotgan undosh harf nuqtalari va qisqa unli tovush belgilarini ko‘rmaysiz, undagi harflar asosan qoriy (tilovatchi) uchun o‘zini tekshirib tura olish uchun vosita bo‘lgan. Asosiy ish hofizlar (saqlovchilar)ning og‘zaki yetkazishda bo‘lgan. Mnemonika (xotirada katta hajmdagi axborotni saqlash) san’ati bugunga kelib yozuv madaniyati rivojlanishi jarayonida ko‘p xalqlarda yo‘qolib ketgan.

Og‘zaki yetkazish madaniyati kuchli bo‘lgan sharoitda harflar tizimini boyitishga ehtiyoj bo‘lmagan, shuning uchun ham ko‘pgina turkiy tovushlar o‘zining chizma shakliga ega bo‘lmagan. Bo‘lmasa arab imlosi turkiy tillarga qo‘llanganda bemalol nuqtalar, chiziqchalar va harf belgilarini kiritish qiyin ish emas edi. G‘azalxonlik yig‘inlari, ilmiy bahslar, baxshilar ijrosi jamiyatda o‘zining baland o‘rni, tilning to‘g‘ri ifodasi uzoq saqlanishiga sabab bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda yuqori didli ijro, nutqdan xalqimiz ancha uzoqlashib qolgan. Bu uzoqlashuv asosan primitiv san’at, “shallaqi bloggerizm”, “kopirayting” ommaviy iste’molidan deb bilaman. Bu voqelikni Akrom Malikning YouTube’dagi Alisher Navoiy asarlaring “tilsimi”ni yechib berayotgan video materiallari qancha ko‘rilganlik sonini (prosmotr) yig‘ayotganidan bilsa bo‘ladi. Boshqa ko‘p misollarni keltirish mumkin. Bunday vaziyatda qaysi alifbo qo‘llanilmasin, to‘g‘ri talaffuzni saqlash uchun alifboni boyitishga zarurat tug‘iladi: yangi alifboga mavjud harflarni saqlab, unga yetishmayotgan harflarni kiritish zarur edi.

Takliflar

Albatta, alifboni boyitish zaruriy chora bo‘lib, uni yetarli deb bo‘lmaydi. Men to‘laqonli dastur taklif qila olmayman, ammo ba’zi fikrlarim bilan bo‘lishishni ma’qul ko‘raman:

Birinchidan, tilni saqlash va boyitishda maishiy iste’mol argumentiga mutlaq ustunlik bermaslik kerak.

Ikkinchidan, “asl savodxonlik nima? Savodxonlik imloni tez o‘zlashtira olish bilan belgilanadimi?” degan savollarga asosli javob shakllantirishimiz kerak.

Yangi alifboni o‘zlashtirish, eski alifbo bilan bitilgan kitoblarni o‘qishga o‘rganish qiyin, degan gap inson miyasi imkoniyatlari haqida noto‘g‘ri tasavvurdan kelib chiqayotganini anglash. Moliyaviy xarajatlar haqidagi argument ham muhokamaga arzimaydi. Alifbo joriy qilingach, vaqt davomida jamiyatda kerakli ko‘nikmalar hosil bo‘ladi va bu ishda izchillik saqlashda siyosiy iroda rahbarlar va ziyoli qatlamda saqlansa bas.

Uchinchidan, adabiyot va til jonkuyar mutaxassislari ijtimoiy tarmoq vositalarida faollikni oshirishlari va muhim, ilmiy-adabiy kontent bilan to‘ldirib borishlari zarur.

Bu ishda faqat omma iste’mol ko‘nikmalariga juda katta itoatda bo‘lib yubormaslik kerak. Asosiy maqsad tilning go‘zalliklarini ochib berish, badiiy meros bilan chuqur tanishtirish bo‘lishi va shu ish orqali shogirdlar topish bo‘lishi kerak. Shogird bu shunday fidoiy yoshki, u o‘z kuchini mukammal tilni o‘zlashtirish, saqlash va keyingilarga yetkazishga bag‘ishlaydi. Shogird topilishi bu noyob hodisa, uning ro‘y berishi uchun vaqt va juda ko‘p ishlash kerak. Yangi avlod ziyo ahli nafaqat Vatanda, balki xorijga ko‘chib o‘tgan millionlab oilalardan chiqib qolishi mumkin. Shunday vaqt keladi, yosh qalb o‘zligini va tarixiy o‘zligini anglashni istab qoladi… va o‘z merosini topganda unga muhabbatli bo‘ladi…

To‘rtinchidan, til uchun qandaydir andoza asar yoki asarlar tug‘ilishini kuzatish kerak.

Bu ham o‘ziga xos hodisa. Uning ro‘y berishi uchun ijodiy urinishlarning kritik massasi kerak. Lekin buni hech kim kafolatlay olmaydi. Shuning uchun iloj harakat va umidda bo‘lyapti. Inglizlarda Shekspir asarlari, ruslarda Pushkin, arablarda esa Qur’on bor (albatta, Qur’on barcha musulmonlarning muqaddas kitobi, butun insoniyatga Allohdan nozil bo‘lgan xitoblardan iborat bo‘lib, uning yana bir ajoyib tarafi — mumtoz va zamonaviy arab tili uchun andoza, mezon bo‘lib kelmoqda). O‘zbek tili uchun ham shunday adabiy artefakt kerak. Xamsa, albatta, buyuk meros, lekin biz undan nihoyatda uzoqlashib, pastga tushib ketganmiz. Ehtimol yangi Xamsa yoki xamsalar kerakdir?

Beshinchidan, o‘zingiz davom eting, qanday g‘oya-taklif bera olasiz?

— Jamshid Muslimov@subnazar Telegram-kanali muallifi

От qwert.uz