Alibaba’ning sho‘basi Ant Group kompaniya asoschi Jek Maning ulushini sotish va xitoylik tartibga soluvchilar bosimi doirasida uning boshqaruvdan chiqarilishi imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Foto: Reuters

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy bank, Xitoy xalq banki, Bank ishini tartibga solish va sug‘urtalash komissiyasining (CBIRC) mansabdor shaxslari yanvar oyidan mart oyigacha Ant Group vakillari va Jek Ma bilan alohida muzokaralar olib borgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Uchrashuvlarda tadbirkorning kompaniyadan chiqish imkoniyati muhokama qilingan.

Kompaniya milliardlab dollarga baholangan Maning ulushini tashqi tashkilotlarni jalb qilmasdan, Ant Group yoki Alibaba Group Holding investorlarining o‘ziga sotishni rejalashtirgan edi. Lekin nazoratchilar aksiyalarning Jek Maga bog‘liq har qanday shaxsga sotilishiga yo‘l qo‘ymasligiga ishora qildi, endi kompaniya asoschisi biznesdan butunlay chiqib ketishi kerak bo‘ladi.

Manbalarning aniqlik kiritishicha, har qanday chora-tadbirlar Pekin tomonidan ma’qullanishi kerak.

Hozir Jek Ma Ant Group’ning to‘g‘ridan to‘g‘ri 10 foiz aksiyalarining egasi hisoblanadi. Uning Hangzhou Yunbo investitsiya kompaniyasi Ant Group’ning jami 50,5 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi boshqa ikkita tashkilotni nazorat qiladi.

Ma’lumot uchun, Xitoyning Bozorni nazorat qilish va tartibga solish davlat bosh boshqarmasi Alibaba kompaniyasini monopoliyaga qarshi qonunni buzgani uchun 18,34 milliard yuan (2,78 milliard dollar) miqdorida jarimaga tortdi.

2020-yilning oxirida boshqarma Alibaba kompaniyasida monopoliyaga qarshi tekshiruv boshlagan edi. O‘z o‘rnida kompaniya olib borilayotgan tekshiruvlarda hukumat bilan faol hamkorlik qilishini va kompaniyaning faoliyati to‘xtatilmasligini ma’lum qilgan.

Avvalroq Xitoy monopoliyaga qarshi kurash organlari hukumat bilan ziddiyatga borgan 56 yoshli milliarder Jek Maga tegishli Alibaba internet savdo tarmog‘iga rekord darajada jarima solishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Shanxaydagi chiqishidan so‘ng Xitoy hukumati bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikdan keyin Jek Ma muayyan vaqt omma oldida ko‘rinish bermagan. U Xitoyni tark etgan yoki hibsga olingan, degan taxminlar paydo bo‘lgan, ammo uning do‘stlari tadbirkor mamlakatda ekanini da’vo qilgan. 2021-yil yanvar oyida Jek Ma uch oy ichida birinchi marta jamoatchilik oldida paydo bo‘ldi.

От qwert.uz