O‘zbekistonda ishga kirishda so‘raladigan obyektivka-ma’lumotnomaga o‘xshash hujjatlar haqiqatan ham allaqachon umrini o‘tab bo‘lgan. Zamonaviy dunyoda ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzoddan rezyume olinadi. Rezyumeda shaxsiy ma’lumotnomadagi kabi qarindosh-urug‘lar ko‘rsatilmaydi. Aslida ham ishchining o‘zi kimligi, malakasi qay darajadaligi muhim-ku ish beruvchi uchun — professorning o‘g‘li yoki qizi bo‘lgani, oilasida kimdir sudlangani xodimning salohiyatini ko‘rsatmaydi (sudlanganlik holati huquq-tartibot organlari uchun muhim bo‘lishi mumkin, ular buni obyektivkasiz ham aniqlab ola biladi)  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Bizda urf bo‘lgan obyektivka-ma’lumotnomalarda siyosiy partiyalarga a’zolik, millati kabilar ham ko‘rsatiladi. Bular nimaga kerakligiga hayronman. Partiyaga a’zolik lavozimda o‘sishga ta’sir qiladigan paytlar allaqachon o‘tgan-ku! Biror partiyaga ishga kirayotgan odamdan partiyaviy mansubligini so‘rash o‘rinlidir. Lekin boshqa holatlarda ahamiyatli emas, menimcha. Kishining millati ham xodimning layoqati yoki ish sifatiga ta’sir qilmaydi.

Amaldagi shaxsiy ma’lumotnomalar xodimning salohiyati, qobiliyati haqida yetarlicha ma’lumot bera olmaydi. Unda qanday yutuqlarga erishganingiz, soha bo‘yicha qanday ishlarni bajarganingiz, qanday loyihalarda qatnashganingizni ko‘rsata olmaysiz. Birgina ishlagan joylariga qarab xodimning malakasi haqida to‘laqonli tasavvur hosil qilib bo‘lmaydi. Nomzod hatto nufuzli joyda ishlab ham, katta natijalarga erishmagan, yetarli bilim-tajriba orttirmagan bo‘lishi mumkin. Shaxsiy ma’lumotnomani namuna bo‘yicha tayyorlayman desangiz, unda hatto telefon raqami yoki elektron manzil yozadigan joy ham yo‘q. Chunki u eski zamon hujjati-da.

Rezyumeda esa nomzodning qobiliyati va tajribasi, u bilan bog‘lanish vositalari haqida kengroq, aniqroq ma’lumotlarni berish mumkin. Bular — ish beruvchi uchun qiziq va ahamiyatli.

Idora va tashkilotlarda, ayniqsa davlat idoralarida xodimning shaxsiy hujjatlari yig‘majildi yuritiladi. “Davlat tilida ish yuritish” kitobida ko‘rsatilishicha, bu yig‘majilddan kadrlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqa yoki so‘rovnoma, tarjimayi hol, shaxsiy varaqaga qo‘shimcha, shaxsiy ma’lumotnoma va boshqa hujjatlar ham o‘rin oladi. To‘g‘ri, bu hujjatlarni talab qilish Mehnat kodeksida ko‘rsatilmagan, lekin amaliyotda keng qo‘llanadi.

Yuqorida sanalganlardan obyektivka, tarjimayi hol, shaxsiy varaqa va so‘rovnoma bir-biriga o‘xshash ma’lumotlarni aynan takrorlaydi. Tarjimayi hol, shaxsiy varaqa va so‘rovnomada ham xuddi obyektivkadagiga o‘xshab qarindoshlaringiz, ishlagan va o‘qigan joylaringiz, partiyalarga aloqadorligingiz, qaysi tillarni bilishingiz ko‘rsatilishi kerak. Qayta va qayta.

Shaxsiy varaqada chet ellarda bo‘lgan-bo‘lmaganingiz, so‘rovnomada sudlangan-sudlanmaganingizni ham bildirib o‘tishingiz kerak. Bir paytlar chet eldagi qarindoshlaringiz va ular bilan aloqalaringizni ko‘rsatish so‘ralgan so‘rovnomalar ham bo‘lardi. Xuddi tergov savollariga o‘xshardi. Hozir bunday so‘rovnomalar yo‘q, shekilli, har holda.

Yangi ishni bunday qog‘ozbozlik, keraksiz savollarga bir necha bor javob yozish bilan boshlash xodimning kayfiyatiga, albatta, ta’sir qiladi. Bu shunchaki kayfiyat ishi emas, ortiqcha chiqim hamdir. Agar bu qog‘ozlar xodim hisobidan bo‘lsa, bevosita xodim zarar ko‘radi. Yo‘qsa, korxona. Agar budjet tashkiloti bo‘lsa, alaloqibat davlat va xalq zarar ko‘radi. Arzimasdek ko‘ringan bu chiqimlar butun mamlakat miqyosida katta summaga aylanadi. Axir bu ma’lumotnomalarning qog‘ozi, bosmaxona va tashish xarajatlari — hammasi mablag‘ talab etadi. Xodim sarflaydigan vaqt ham umr isrofidan boshqa narsa emas.

Kadrlar sohasida ishlaydigan bir tanishimning aytishicha, tarjimayi hol yozdirishning foydasi bor ekan. Xodimlardan biri ishdan bo‘shamayman, ishdan bo‘shash haqidagi arizani men yozmaganman deb turib olibdi. Imzoni atay boshqacha qo‘ygan ekan shovvoz. Shunda tarjimayi holdagi va arizadagi dastxat birxilligini dalil qilib olishibdi. Shunga o‘xshash holatlarnigina deb ortiqcha qog‘oz to‘ldirish o‘zini oqlamaydigan holat baribir. Ish bermaydigan, malakasiz xodimni bo‘shatishning qonuniy, asosli yo‘lidan borish kerak. Shunda dastxat solishtirishga ham hojat qolmaydi.

Muammoni ko‘rsatgach, yechimni ham aytish kerak-da. Takliflarim quyidagicha:

1. Ishga kirishda yuqoridagi hujjatlarning hech birini talab qilmaslik va faqat rezyume so‘rash. Balki, Mehnat kodeksiga ham kiritilar. Yoki bu shunchaki tavsiya maqomida bo‘lishi mumkin. Rezyume nomzoddan ishga kirishdan oldin so‘raladi, keyinchalik xodimning shaxsiy yig‘majildida bo‘lishi shart emas. Obyektivkaning nomini rezyume deb o‘zgartirib qo‘yish bilan ham ish bitmaydi. Rezyumeda nimalar aks etishi kerakligini ingliz, nemis va rus tillaridagi variantlaridan o‘rganib, tavsiya ishlab chiqish mumkin. Balki, boshqa tillardagi rezyumelar ham o‘rganilar. Tavsiyani Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tayyorlagani yaxshiroq, menimcha.

2. Barcha hujjatlarni, hatto arizani ham elektron ko‘rinishga o‘tkazish va buni elektron imzo bilan tasdiqlash. Korxona-tashkilot ham, xodim ham o‘zaro munosabati va yozishmalarini elektron imzo bilan tasdiqlaydi. Har bir kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar qayd etilib boradi. Bu jarayon “my.gov.uz” yoki “my.mehnat.uz” tizimi orqali amalga oshirilsa, yana-da yaxshi.

3. Korxona va tashkilotlarda qog‘ozbozlik bilan bog‘liq holatlarni kamaytirish borasida avvalo mas’ul tashkilotlarning o‘zi xayrixoh va tashabbuskor bo‘lishi kerak.

Orif Tolib, «Daryo» kolumnisti

От qwert.uz