Oylar sultoni — Ramazon: Saharlik va iftorlikning fazilati

“Daryo” internet-nashri va O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Muslim.uz” portali o‘zaro hamkorlikda muborak oyga bag‘ishlangan “Oylar sultoni — Ramazon” loyihasini taqdim etadi.

Loyiha doirasida taniqli ulamolar va diniy soha xodimlari mohi Ramazon fazilati to‘g‘risidagi oyati karimalar, hadisi shariflar sharhi hamda ro‘za tutish bilan bog‘liq savollarga javob beradi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Navbatdagi suhbat O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi Abdug‘ofur Niyozqulov bilan uyushtirildi.

Abdug‘ofur Niyozqulov.

Foto: “Muslim.uz”

Saharlik va iftorlikning fazilati

Ramazon ro‘zasi boshlanganda ko‘p uchraydigan savollardan biri shuki, “Saharlik qilmasa ham bo‘ladimi?”, “Iftorda ko‘proq taom yeb, saharlikka turmasa ham bo‘ladimi?” yoki aynan shunday bo‘lmasa-da, shu ma’nodagi savollardir. Buning javobini Nabiy sallallohu alayhi vasallamning hadislaridan topish mumkin.

U zot: “Saharlik qilinglar, chunki saharlikda baraka bor”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati). Mazkur hadisdan ma’lum bo‘lmoqdaki, ro‘za tutuvchi inson saharlikka e’iborsiz bo‘lmasligi lozim. Chunki Nabiy sallallohu alayhi vasallam “Saharlikda baraka bor” deya xabar bermoqdalar. Muhaddislarning aytishicha, hadisdagi “baraka” so‘zidan, shar’iy va badaniy baraka tushuniladi.

Shar’iy baraka quyidagilardir:

1. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tobe bo‘lish, u zotga amaliy ergashish, qisqasi — hayotida sunnatni joriy qilish.

2. Ibodatga rag‘bat qilish, ya’ni saharlik qiluvchi saharlik qilish bilan Nabiy sollollohu alayhi vasallamga itoat etishni niyat qilsa, saharligining o‘zi alohida ibodatga aylanadi. Qolaversa, sahar vaqti duolar ijobat bo‘ladi. Saharlikka turgan inson turli zikrlar bilan mashg‘ul bo‘lsa, duolar qilsa, ayni muddao. Istig‘for aytsa, gunohlari kechiriladi. Alloh taolo shunday degan: “Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar” (Zoriyat surasi, 17-oyat).

3. Bomdodni jamoat bilan o‘qish. Shuning uchun Ramazonda bomdod namoziga kelgan jamoat boshqa vaqtdagidan ko‘proq bo‘ladi. Chunki ko‘pchilik saharlikka turgani sababli bu fazilatga erishgan bo‘ladi.

4. Saharlik qilish bilan ahli kitoblarga xilof qilish bor. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Biz va ahli kitobning ro‘zasini ajratib turuvchi narsa saharlik qilish”, deganlar.

Badaniy baraka:

Ro‘zani mukammal ado etish uchun badanni ozuqlantirish, bunda kun davomida ochlik va tashnalik sababli sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan gunohlardan tiyilish bordir.

Ba’zi ro‘zadorlardan sodir bo‘ladigan yana bir xato, iftorlikni kechiktiribroq qilish. Ular bunda, “Shuncha chidadik, yana ozgina sabr qilaylik”, deya og‘iz ochishni kechiktiradi va bu ishlarini taqvoga yo‘yadi. Aslida bu xato.

Chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deganlar: “Modomiki iftorni tez qilar ekanlar, kishilar yaxshilikda bo‘lurlar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Boshqa bir hadisda esa, “Modomiki odamlar iftorni tez qilishar ekan, din ustun bo‘lur. Chunki yahudiy va nasroniylar uni kechga sururlar”, deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Demak, aslida vaqt kirishi bilan og‘iz ochish sunnat ekan. Asl taqvo esa sunnatga ergashishdadir.

Ramazon oyining nomlaridan biri “rahmat mag‘firat” oyidir. Alloh taolo o‘n ikki oyning birini “rahmat mag‘firat” oyi qilib qo‘yishining sababi — inson yil davomida dunyo ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, qalbida paydo bo‘lgan g‘aflat sabab uning ruhoniyatida pasayish sodir bo‘ladi. Natijada insonning gunohga moyilligi oshib, toat-ibodatlarga, yaxshiligu silai rahmga bo‘lgan rag‘bati ozayib ketadi.

Insondagi mana shu ma’naviy kasallikni muolaja qilish uchun Alloh taolo yilda bir oyni davolanish oyi qilib qo‘ydi. Mo‘minlar Ramazonda bir oy ro‘za tutib, nafslarini jilovlab, axloqlarini sayqallab oladi. Bu bilan Ramazondan keyin go‘yoki har bir inson uchun yangi hayot boshlanadi. Alloh taolo bizga Ramazon oyida barcha ma’naviy kasalliklardan xoli bo‘lib, Ramazondan so‘ng yangi, O‘zining rizoligiga muvofiq go‘zal hayot kechirishni nasib aylasin.

Ma’lumot uchun: Sizda shar’iy masalalarda savollar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, “savollar.muslim.uz” saytiga yoki fatvo bo‘limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.