Oylar sultoni — Ramazon: Yil davomida qo‘shilgan qiymatdan zakot beriladimi? Qurilishi bitmay qolgan bino hisobidan-chi?

“Daryo” internet-nashri va O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Muslim.uz” portali o‘zaro hamkorlikda muborak oyga bag‘ishlangan “Oylar sultoni — Ramazon” loyihasini taqdim etadi.

Loyiha doirasida taniqli ulamolar va diniy soha xodimlari mohi Ramazon fazilati to‘g‘risidagi oyati karimalar, hadisi shariflar sharhi hamda ro‘za tutish bilan bog‘liq savollarga javob beradi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Navbatdagi suhbat O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi Zikriyo Boborahimov bilan uyushtirildi.

Zikriyo Boborahimov.

Foto: “Muslim.uz”

Zakotni men beramanmi yoki otammi?

Savol: Cavdo sohasida ishlayman. Nisobdan oshgan molim bor. Deyarli har kuni almashinib sotiladi. Mol otamning ixtiyorida. Bunga zakot hukmi qanday bo‘ladi? Otamga vojib bo‘ladimi yoki mengami?

Javob: Mol kimniki bo‘lsa, o‘sha kishi zakot beradi. Bu haqda Imom Saraxsiy shunday deydilar: “Zakot molning egasiga vojib bo‘ladi” (“Al-Mabsut” kitobi).

Zakot quyidagi narsalarda vojib bo‘ladi:

  • Tillo, kumush, qog‘oz pullar, qimmatli qog‘ozlar va tangalar;
  • Tijorat mollari, ya’ni oldi-sotti qilinadigan har qanday narsa;
  • Chorva mollari – tuya, mol, qo‘tos, qo‘y, echki, ot;
  • Dehqonchilik mahsulotlari.

Zakotni hisoblaganda tillo, kumush, qog‘oz pullar, qimmatli qog‘ozlar va tangalarga tijorat mollarining qiymatini qo‘shib hisoblaydi. Bir kishining tilla, kumush, qog‘oz pullar, qimmatli qog‘ozlar va tijorat mollari eng kamida 85 gramm tillo yoki uning qiymatiga yetsa hamda yana bir yil hojatdan ortiqcha bo‘lib, kamaymasdan tursa, molining 40 dan birini zakot sifatida berish shart bo‘ladi.

Bu haqida Alloh taolo shunday deydi: “(Ey, mo‘minlar!) Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg‘ambarga itoat etingiz, zora (shunda) rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat).

Tijorat moli har kuni yangilanib tursa ham, nisobga yetganidan bir yil o‘tgach, uning qirqdan birini zakot sifatida muhtojlarga chiqarish farzdir. Vallohu a’lam.

Yil davomida qo‘shilgan qiymatdan zakot beriladimi?

Savol: Har yil Ramazonda zakot beradigan odam 2020-yil dekabr oyida o‘ziga tegishli do‘konni sotuvga qo‘yib, 2021-yil mart oyida sotdi. Endi 2021-yil Ramazonda zakot berayotganda bu do‘kon savdosidan kelgan pulni ham qo‘shib zakot chiqaradimi yoki bu pul bir yil aylangandan keyin zakot vojib bo‘ladimi?

Javob: Agar mazkur sotilgan do‘konning pulini qo‘shmasdan oldin ham mablag‘ingiz nisobga yetarli bo‘lsa, unga do‘konning sotuvidan tushgan pulni ham qo‘shib zakot berasiz. Agar sizning mablag‘ingiz faqatgina mazkur do‘konning pulidan iborat bo‘lsa, undan bir yil o‘tgandan so‘ng zakot vojib bo‘ladi.

Bu haqida fiqhiy manbalarimizda shunday deyiladi: “Yil davomida muayyan nisob jinsidan orttirilgan narsalar o‘z jinsiga qo‘shiladi. Ya’ni, nisobning biror turiga ega bo‘lgan kishilar yil mobaynida mazkur nisob jinsidan mol orttirsalar, o‘sha nisobga qo‘shib zakot beradilar” (“Durarul hukkom” kitobi). Vallohu a’lam.

Qurilib, bitmay qolgan binodan zakot beriladimi?

Albatta, zakot berish kerak. Bunda bitmay qolgan binoning ayni vaqtdagi qiymatini hisoblab, tijorat moli bo‘lgani uchun tilla, kumush va qog‘oz pullariga qo‘shib hisoblaydi va jami mablag‘ning qirqdan biri (1/40)ni zakot sifatida muhtojlarga beradi.

Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan: “Tijorat (ya’ni sotish niyatida olingan) mollari nima bo‘lishidan qat’iy nazar, ulardan zakot berish vojib bo‘ladi” (“Javharatun nayyira” kitobi). Vallohu a’lam.

Ma’lumot uchun: Sizda shar’iy masalalarda savollar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, “savollar.muslim.uz” saytiga yoki fatvo bo‘limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.