Shimoliy Koreyada Tashqi ishlar vazirligi xodimi Yevropadan tibbiy asbob-uskunalar sotib olishni ta’minlay olmagani uchun qatl etildi. Bu haqda Daily NK nashri xabar berdi.

Foto: Reuters

Ma’lumotlarga ko‘ra, xaridlar shaxsan KXDR yetakchisi Kim Chen In tomonidan tezroq ochilishi va yuqori sifatli uskunalar bilan ta’minlanishi kerak bo‘lgan Pxenyandagi umumiy kasalxonaga tegishli. Shifoxona 2020-yilning kuzida foydalanishga topshirilishi kerak edi, lekin bu ish haligacha tugallanmadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ta’kidlanishicha, mart oyining oxirida prezidentga tibbiy asbob-uskunalarning Xitoydan olib kelinishiga tayyorgarliklar ketayotgani to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Yetkazib berish aprel oyining oxirida boshlanishi, yil oxirigacha shartnoma shartlarining to‘liq bajarilishi rejalashtirilgan edi. Bu Shimoliy Koreya rahbarini g‘azablantirdi, chunki u kasalxonaga Yevropada, shu jumladan, Germaniyada ishlab chiqarilgan birinchi darajali tibbiy asbob-uskunalarni o‘rnatishni buyurgan edi.

Daily NK nashrining yozishicha, yoshligida chet elda tahsil olgan Kim Chen In Yevropa shifoxonalarini eng yaxshisi deb biladi, shuning uchun partiya xaridlar uchun katta miqdorda pul ajratgan. Lekin Yevropadan tibbiyot uskunalarini sotib olish uchun bir qancha to‘siqlar bor edi: birinchidan, xaridni Osiyoga yetkazishga koronavirus pandemiyasi sabab bo‘lgan, ikkinchidan, Shimoliy Koreyaga kiritilgan sanksiyalar bu jarayonni yanada qiyinlashtirgan.

Shu bilan birga, mamlakat rahbarining qattiq g‘azablanishiga Xitoydagi xaridlarning o‘zi emas, balki uning bu xariddan bexabarligi va uning roziligisiz shartnoma imzolangani sabab bo‘lgan. Natijada Tashqi ishlar vazirligining eksport va import uchun javobgar bo‘lgan 50 yoshli xodimi qatl etildi. Bundan tashqari, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining yuqori lavozimli xodimlaridan biri ishdan bo‘shatildi. Nashrning ta’kidlashicha, uskunalarni Xitoydan sotib olish vazirlikning yuqori turuvchi organlari rahbariyati tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi mumkin, lekin barcha javobgarlikni o‘rta darajadagi xodimlar o‘z zimmasiga oldi.

Shimoliy Koreyada o‘lim jazosi kamyob hodisa hisoblanmaydi. Aprel oyida davlat xizmatchisining sekin ishlagani va uning ustidan tushgan shikoyatlar sababli qatl etilgani haqida xabar berilgan edi. Fevral oyida rasmiylar Janubiy Koreyaning videomateriallarini olib kirish va tarqatish uchun jazoni kuchaytirgani ma’lum bo‘ldi. Endilikda buning uchun o‘lim jazosi belgilanishi mumkin. Shuningdek, Janubiy Koreyada tasvirga olingan videoni tomosha qilganlik uchun ham qamoq jazosining maksimal muddati uzaytirildi.

Avvalroq Shimoliy Koreyada koronavirus tarqalishiga qarshi kurash uchun o‘rnatilgan qattiq cheklovlar sharoitida xalqaro gumanitar tashkilotlar, xususan, Jahon oziq-ovqat dasturining so‘nggi xodimlari mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgani haqida xabar berildi.

Aprel oyida KXDR yetakchisi Kim Chen In mamlakatda keng miqyosda ocharchilik bo‘lishi mumkinligini tan oldi. KXDRda vaziyatning yomonlashuvidagi muhim omillardan biri bu chegaralar yopilishi sababli Xitoy bilan savdo hajmining keskin pasayishi edi. Cheklovlar tufayli KXDRda allaqachon 12 ta elchixona yopilgan. Ularning xodimlari mamlakat hududini tark etgan. Rossiya elchixonasi xodimlari uyga motorsiz temiryo‘l vagonlari bilan qaytishga majbur bo‘lgan edi.

От qwert.uz