Jenevada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi uchrashuv boshlandi. Bu ularning davlat rahbarlari maqomidagi birinchi yuzma-yuz uchrashuvi, deb yozmoqda Meduza.

Uchrashuv Jenevadagi La Grange villasida bo‘lib o‘tmoqda. Putin va Bayden besh soatdan uzoqqa cho‘zilmaydigan tor va kengaytirilgan tarkibdagi uch bosqichli muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Shundan so‘ng ikki mamlakat prezidentlari alohida matbuot anjumanlari o‘tkazadi. Ularning muzokaralari yakunlari bo‘yicha biror-bir hujjatni imzolash rejalashtirilmagan.

AQSh prezidenti Jo Bayden Jenevaga 15-iyun, seshanba kuni yetib kelgan edi. Aeroportda uni Shveysariya prezidenti Gi Parmelin va Jeneva kanton hukumati rahbari Serj Dal Byusko kutib olgan.

Vladimir Putin esa Jenevaga bugun, 16-iyun kuni kelgan. Rossiya delegatsiyasi tarkibida prezidentning yordamchisi Yuriy Ushakov, prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va uning o‘rinbosari Sergey Ryabkov, AQShdagi elchi Anatoliy Antonov va bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov bo‘lishi aytilgan.

La Grange villasi Jeneva ko‘li bo‘yida joylashgan. Uning yoniga sammitdagi ishlar uchun media markaz bo‘lib xizmat qiladigan chodir o‘rnatilgan. Shuningdek, villa atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Shveysariya hukumati mamlakatning boshqa hududlaridan 900 nafar politsiyachi va 1000 nafar harbiy xizmatchini Jenevaga jo‘natishga qaror qilgan edi.

От qwert.uz