O‘zbekistonda 6—8-iyul kunlari Eron hududlaridan issiq havo massalarining kirib kelishi tufayli jazirama issiq kuchayishi kutilayotgani, ushbu kunlarda havo harorati iqlimiy me’yorlardan 5-8 darajaga yuqori bo‘lishi ma’lum qilingandi. UzAuto Motors kompaniyasi anomal issiqda mashinalarni qanday saqlash to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Ta’kidlanishicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari ostida bo‘lgan avtomobilda harorat 100 darajagacha ko‘tarilishi mumkin  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: UzAuto Motors

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, yuqori darajali harorat va quyoshning ultrabinafsha nurlaridan avtomobil oynasining muhrlari, fara va chiroqlarning qopqoqlari, asboblar paneli, ichki qoplamalar, tashqi qoplamaning plastik qismlari qiziydi, xiralashadi, yoriladi va buziladi.

Bunday noxushliklarning oldini olish hamda avtomobilni quyosh nuridan himoya qilish uchun eng avvalo, haddan tashqari qizib ketgan avtomobilda uzoq vaqt qolib ketishga yo‘l qo‘ymaslik tavsiya etiladi. Haydovchi avtomobilga o‘tirgan zahoti uni harakatlantirishga shoshilmasligi kerak — yaxshisi, oynalarni ochishi va dvigatelni ishga tushirib, bir necha daqiqa kutib turish lozim. Mazkur qoida, ayniqsa, to‘q rangli avtomobil egalari uchun juda muhimdir.

Jaziramada avtomobil saloni bir necha daqiqa ichida nihoyatda yuqori haroratgacha qiziydi. Fojiali hodisaning oldini olish uchun hech qachon bolalar, qariyalar va hayvonlarni avtomobil salonida, hatto oynalari ochiq bo‘lgan taqdirda ham qarovsiz qoldirmaslik tavsiya qilinadi.

Avtomobilni yopiq avtoturargohlarda yoki soya joyda qoldirish lozim. Ammo hamma ham bunday imkoniyatga ega emas, albatta. Bunday vaziyatda old oyna uchun quyoshdan himoyalovchi ekran sotib olgan ma’qul (himoyalovchi ekran bozorlarda 10 ming so‘m turadi) va iloji boricha oynalarni yopish lozim: bu choralarning barchasi salon qizib ketishining oldini oladi, uning plastik va rezina elementlarini deformatsiyadan himoyalaydi.

Agar mashina uzoq vaqt ko‘chada qoldirilgan bo‘lsa, unda avtomobilning maxsus chexolini sotib olish kerak, u qishin-yozin xizmat qiladi. Keltirib o‘tilgan vositalar bo‘lmagan taqdirda avtomobilni quyoshga teskari, old va yon oynalariga quyosh nuri tushmaydigan qilib qo‘yish tavsiya etiladi

Avtomobilning suyuqlik darajasini kuzatib borish

Bu oyna tozalovchi, moy, freon va boshqa shu kabi suyuqliklarga taalluqli. Yozda dvigatel bosimi haddan tashqari ortadi va uni yetarli miqdorda motor moyi bilan ta’minlash nihoyatda muhim.

Yozning issiq kunlarida avtomobildan intensiv foydalanish bilan moyni tez-tez almashtirish kerakligini unutmagan holda, uni vaqti-vaqti bilan bajarishga harakat qilish kerak. Radiatorga distirlangan suv emas, maxsus antifriz quyish lozim. Yoz mavsumida tormoz suyuqligini muntazam ravishda o‘zgartirib turish, shu bilan birga, sizga taqdim etilgan servis kitobidagi tavsiyalarga amal qilish kerak.

Yoqilg‘ini to‘la to‘ldirmaslik kerak

Haddan tashqari issiqda yoqilg‘ini yoqilg‘i baki to‘lguncha to‘ldirish kerak emas. Harorat ko‘tarilganda yoqilg‘i kengayib, bakdan to‘kilishi mumkin. To‘kilgan yoqilg‘i avtomobil rangiga yoki korpusning korroziyaga qarshi himoya qilish qoplamalariga zarar yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, oqib to‘kilgan yoqilg‘i atrof-muhitga zarar yetkazadi va hattoki yonib ketishi ham mumkin.

Shinalarni to‘g‘ri tanlash lozim

Qishki shinalarni yozgisiga almashtirish kerak. Asfalt issig‘ida ular yemirilib, yo‘lda harakatlanish uchun tavsiya qilinmaydi. Yozgi shinalar qattiqligining xususiyatlari bor. Chunki issiq havo haroratida rezinalar yumshashi mumkin. Shuni unutmaslik kerakki, judayam yuqori haroratda asfalt qizib, yumshaydi. Yozgi shinalar xavfsiz tormozlash uchun maxsus protektorga ega bo‘lib, yo‘lda suvdan himoya qilish va yoqilg‘ini tejash imkonini beradi.

Buyumlar avtomobilda qoldirilmasin

Yoz mavsumida avtomobil salonida gazli ichimliklar, tibbiy buyumlar va dori vositalar, shuningdek, quyoshdan himoyalovchi kremlar, ko‘zoynaklar, tur xildagi suyuqliklar hamda balonchiklarni, ayniqsa, elektron qurilmalarni saqlash tavsiya etilmaydi. Yozning jazirama issig‘ida avtomobil salonida qoldirilgan eng oddiy buyum ham xavfli hisoblanadi.

Quyosh nuridan ko‘zni asrash kerak

Quyosh nuri haydovchini ko‘rish qobiliyatini pasaytirib, bir necha soniyalar ichida yo‘lda noxush hodisani keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklar tavsiya qilinadi. Ular yo‘l-transport hodisasi sodir etilishining oldini oladi.

Avvalroq O‘zbekistonda anomal issiq tufayli 9-iyulgacha poyezdlar harakati jadvaliga o‘zgartirish kiritilishi mumkinligi, Chotqol qo‘riqxonasidagi qariyb 1 gektar yer maydoni anomal issiq tufayli yonib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

От qwert.uz