O‘zbekistonda 2022-yildan aholi va tadbirkorlardan 15 turdagi hujjat va ma’lumotlarni so‘rash tartibi bekor qilinadi

O‘zbekiston Prezidenti 24-iyul kuni “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Hujjatga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari tomonidan aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlaridan ayrim hujjat va ma’lumotlarni talab qilish tartibi bekor qilinadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Quyidagi hujjatlarni:

  • moliyaviy hisobotlar nusxalari;
  • jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma’lumotnomalar;
  • ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni

so‘rash bekor bo‘ladi. Quyidagi faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlarni:

  • tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlari;
  • litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligi bo‘yicha ma’lumotlar;
  • davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotlar;
  • qimmatli qog‘ozlar, qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar;
  • jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan va olingan alimentlar to‘g‘risida ma’lumotlar;
  • oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlari;
  • jismoniy shaxs o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqida ma’lumotlar;
  • jismoniy shaxs umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) muassasasini tugatganligi haqida ma’lumotlar;
  • fuqaro “yoshlar daftari” yoki “ayollar daftari”da mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar;
  • oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma’lumotlarni

talab qilish bekor qilinadi.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda yuqoridagi hujjat va ma’lumotlarni belgilangan mas’ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.