21-sentabrda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova tug‘ilgan kunini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan aktrisaning hayoti va ijodidagi ko‘plarga ma’lum bo‘lmagan ma’lumotlarni taqdim etamiz.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: “Daryo”

Samarqanddagi do‘kon sotuvchisidan aktrisalikkacha

Saida Rametova Samarqand viloyatida dunyoga kelgan. Maktabni tugatib do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlay boshlagan. Toshkentga “Kopirativniy” texnikumga kirgan vaqtida teatrda Erkin Komilov va Gulchehra Jamilova ishtirokidagi spektaklni ko‘rgach, aktrisalikka ishtiyoqi oshadi.

Foto: “Daryo”

Talabalar ketishsa ham Saida Rametova ketmasdan teatrdan aktyorlar chiqishini kutadi. O‘sha vaqtda Erkin Komilov Saida Rametovani san’at institutiga olib borgan. Tug‘ma qobiliyat egasi bo‘lgan Saida Rametovaning kino va teatr olamiga ilk qadamlari katta ishtiyoqdan boshlangan.

Foto: “Daryo”

Saida Rametova 1984-yildan bugunga qadar yuzlab film, serial va kliplarda bosh va turli darajadagi rollarni ijro etgan.

Foto: “Daryo”

“Otamdan qolgan dalalar”, “Bomba”, “Alpomish”, “Shaytanat”, “Yo‘l bo‘lsin”, “Baxt uchun million”, “Chapani oshiq”, “Yolg‘iz yodgorim”, “Kibrning jabri”, “Haqiqiy erkaklar ovi”, “Majruh”, “Farzandim”, “Arslon izidan”, “Super kelinchak”, “Uchar qiz”, “Onam bilmasin”, “Rashk 1, 2”, “Qochqin”, “Dadam bilmasin”, “Boyvachcha kuyov”, “Ona”, “Yurak yig‘lar”, “Kechir, farzandim”, “Zirapcha”, “Poyma-poy”, “Dunyo” kabi filmlardagi rollari millionlab muxlislarining ko‘nglidan joy olgan.

Foto: “Daryo”

Norasmiy taqiqqa uchragan

Kinochilarning katta bir yig‘ilishida bir rahbarning “Barcha filmlarda Saida Rametova, undan boshqa aktrisa yo‘qmi?!” degan so‘zi Saida Rametovaning bo‘yniga norasmiy taqiqni ildi, deb hozir ham eslashadi. Shu gapdan so‘ng aktrisa bir muddat filmlarda ko‘rinish bermagan. Chunki uni chaqirishsa, undagi norasmiy taqiq o‘zlariga ham qo‘llanishi mumkinligidan qo‘rqishgan.

Foto: “Daryo”

Jumadulla Rametov liftda sevgi izhori qilgan, Aziz Rametov esa liftda tug‘ilgan

Xadrada joylashgan aktyorlar yotoqxonasining liftida Jumadulla Rametov Saida Rametovaga sevgi izhori qilgan. Liftdagi sevgi izhoridan so‘ng, tasodifni qarangki, yillar o‘tib Rametovlar sulolasining kenja vakili Aziz Rametov liftda dunyoga kelgan. Saida Rametova liftda ko‘zi yorigan kunni quyidagicha eslaydi:

Chorsuga yangi uyga ko‘chgan edik. Jumadulla Rametov ishda, qaynonam rahmatli Turkistonda edilar. Uy ishlarini qilayotganimda ahvolimda o‘zgarish sezib, darrov Jumadulla akaga telefon qildim. Shifoxonaga olib borsalar “Hali tug‘ruqqacha 10-15 kun bor” deyishdi, uyga qaytdik. Uyda yana mazam bo‘lmay, “Jumadulla aka, tez keling”, dedim. Doyamiz koreys ayol “Tez uchinchi qavatga olib chiqing”, dedi. Uchinchi qavatga chiqayotganimda liftda ko‘zim yorigan. Azizga har doim “Sen liftda tug‘ilgansan”, deyman.

Saida Rametova teatrda ham juda samarali ijod qilgan. “Andishali kelinchak”, “Tun, albatta, o‘tadi”, “Uvaysiy”, “Bibixonim”, “Faridaning dil daftari”, “Uyqusiz kecha”, “Bir qadam yo‘l”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Otasining qizi” singari bir qancha spektakllarda bosh rollarni ijro etgan.

Foto: “Daryo”

Kastingda Turkon xotunga tasdiqlangan, serialda uning xizmatkori bo‘lib qolgan

“Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialidagi Turkon xotunning kanizi Oygul roli Saida Rametovaning so‘nggi rollaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, aktrisa serialning kasting jarayonlarida Turkon xotun roliga tasdiqlangan, biroq suratga olish jarayonlarida voqealar rivoji umuman boshqacha tus olgan.

Turkiyadagi suratga olish jarayonlarida aktrisa o‘zida ikkinchi darajali ko‘krak saratoni boshlangani haqida xabar topadi. Bu haqda aktrisa quyidagicha eslaydi:

Bular nega o‘zgardi deya xavotir ola boshladim. Tarjimonimiz “Saidaxon, o‘zingiz bilarmidingiz?”, dedilar. Nimani deganimda, “Kasalingiz — jiddiy kasal”, deb boshqa narsa aytmayaptilar. “Aytavering, men kuchli ayolman, hammasiga roziman, ayting”, dedim. Shunda, “Sizda ikkinchi darajali ko‘krak saratoni boshlanibdi”, dedilar. Hech kutmagan edim, shu oltmish uch yil davomida hech qachon jiddiy kasal bo‘lmaganman. “Balki, adashishgandir, yana bir tekshirishsin”, dedim. Turkiya meditsinasi juda kuchli, butun dunyodan kelib, to‘rt oylab navbat kutishadi. Bizning hurmatimiz uchun navbatsiz olib kirishdi. Boshqa shifoxonalarning turli xil apparatlarida tekshirtirganimizda ham bir xil kasallik chiqdi.

Ushbu xabar aktrisaning millionlab muxlislarini ham xavotirga soldi. Hattoki aktrisaning kenja farzandi, aktyor Aziz Rametov onasi kasal bo‘lganidan so‘ng, o‘zini qaysidir darajada aybdor sanab, yig‘lab intervyu bergan edi.

“Bugun 63 yoshini nishonlayotgan aktrisa katta rollarni, katta asarlarni kutmoqda. O‘zbek kino olami va teatr maydonida Saida Rametovaning beqiyos o‘rni bor”, — deydi kinojurnalist Shohira Hamro.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova ikki farzandning Ulug‘bek va Aziz Rametovlarning onasi, uch nabiraning buvisidir.

От qwert.uz