Og‘riq nima sababdan paydo bo‘lishi va bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini ko‘rib chiqamiz.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

Nega tishlar ko‘proq kuzda zirqiraydi va bunday paytda nima qilish kerak?
Foto: Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan

Kuzda siz tez-tez issiq xonadan sovuq ko‘chaga chiqasiz, salqin havodan nafas olasiz va issiq ichimliklar ichib isinasiz. Ushbu ta’sirchan omillar tishlarning yuqori sezgirligini yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.

Ko‘pincha u emal ostidagi mikroskopik kanalchalarga boy to‘qima — dentin ochilib qolganda paydo bo‘ladi. Bu holat emal yupqalashganda yoki milk pastga tushib, tish ildizining yuzasi ochilib qolganda kuzatiladi. Biroq issiq va sovuqqa ta’sirchanlikni kariyes, tish darz ketishi yoki zich yopilmagan plomba ham keltirib chiqarishi mumkin. Bu holatlarni faqat og‘riq sezgilariga qarab farqlab bo‘lmaydi.

Tishni “shamollatib qo‘yish” mumkinmi?

Oyoqlarning sovqotishi yoki sharfsiz sayr qilish o‘z-o‘zidan kariyesni, pulpitni — tish ichidagi yumshoq to‘qimalarning yallig‘lanishini yoki periodontitni — tish ildizi atrofidagi to‘qimalarning yallig‘lanishini keltirib chiqarmaydi. Biroq organizmning haddan tashqari sovqotishi surunkali kasalliklarning qo‘zg‘alishiga ta’sir qiladi va tishlar ham bundan mustasno emas.

Masalan, deylik, sizda tish nervi yoki milklarning boshlang‘ich yallig‘lanishi, pulpit, periodontit va shu kabi boshqa holatlar bor edi. Ularning zo‘rayishi aynan sovqotish oqibati bo‘lishi mumkin.

Agar muammo allaqachon mavjud bo‘lsa, sovuq og‘riqni qo‘zg‘atib yuborishi hech gap emas. Masalan, to‘qimalari shikastlangan tish salqin havoga ta’sirchan bo‘lib qoladi. Agar og‘riq o‘z-o‘zidan paydo bo‘lsa, lo‘qillasa yoki tunda uyqudan uyg‘otsa, gap oddiy ta’sirchanlikda bo‘lmasligi mumkin: bunday paytda shifokor ko‘rigini ortga surmaslik kerak.

Issiq ichimliklar bilan ham tajriba o‘tkazmagan ma’qul.

“Agar ularning harorati ob-havo haroratidan keskin farq qilsa, bu zararli bo‘lishi mumkin. Masalan, sovuq havoda yoki sovuqdan kiriboq darhol issiq choy yoxud qahva ichish. Bu tish emalida mikroyoriqlar paydo bo‘lishi xavfini ham tug‘diradi. Aslida, bu kelajakdagi muammolarning boshlanishidir. Haroratning keskin o‘zgarishidan saqlanish lozim. Ko‘chadan uyga kirganda, biroz isinib olish uchun tanaffus qiling, shundan so‘ng sevimli ichimligingizdan xavotirsiz bahramand bo‘lishingiz mumkin”.

Ammo tish allaqachon og‘riyotgan bo‘lsa, buning o‘zi yetarli emas: og‘riq sababini aniqlash zarur.

D vitamini yetishmovchiligi-chi?

Kuzda ko‘pchilikda shundoq ham tanqis bo‘lgan D vitamini manbai — quyosh nuri yetishmaydi. Bu vitamin suyaklarda ham, tishlarda ham minerallar almashinuvini tartibga solib turadi. U yetishmaganda tishlardan kalsiy va boshqa minerallar yuvilib chiqib ketadi. Oqibatda tishlarning sezuvchanligi ortib, noqulaylik paydo bo‘ladi, buni esa ko‘pchilik yana o‘sha ob-havoga ta’sirchanlikka yo‘yadi.

Biroq vitaminlar qabul qilish kariyes yoki yallig‘lanishni davolash o‘rnini bosa olmaydi. Emalni mustahkamlash uchun o‘zboshimchalik bilan yuqori dozalarni tayinlamang: tekshiruv va qo‘shimcha vositalar zarurligini sog‘lig‘ingiz hamda xavf omillarini inobatga olgan holda shifokor bilan maslahatlashganingiz ma’qul.

Ba’zida sabab faqat tishlarda bo‘lmaydi

Yuqori chaynov tishlari sohasidagi og‘riq yuqori jag‘ bo‘shliqlarining yallig‘lanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, shu bilan birga burun bitsa, ajralmalar kelsa, yonoqlarda bosim sezilsa va boshni eggan paytda noxush hislar kuchaysa.

“Gaymorit ham bunga sabab bo‘lishi mumkin. Sovuq havodan nafas olganda, og‘riq tishlar sohasiga, ayniqsa yuqori qismiga tarqalishi (irradiatsiya berishi) mumkin.”

Ammo bunday og‘riqni tish og‘rig‘idan mustaqil ravishda farqlash qiyin — ba’zan yuqori tish infeksiyasining o‘zi bo‘shliq yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi. Shu bois ayniqsa og‘riyotgan tishni aniq ko‘rsata olsangiz yoki og‘riq chaynash paytida paydo bo‘lsa, tekshiruvni stomatologdan boshlang. Zarur bo‘lsa, u LOR-shifokor maslahatini tavsiya qiladi.

Shifokor qabulidan oldin nimalarga e’tibor berish kerak?

Og‘riq qachon paydo bo‘lishi, qancha vaqt davom etishi, uning xususiyati qandayligi, milklardan qon ketish-ketmasligi hamda issiq yoki sovuq ovqatga ta’sirchanlik bor-yo‘qligiga e’tibor bering.

Bitta tishingiz og‘riyaptimi yoki bir nechtasimi, ta’sir qiluvchi omil bartaraf etilishi bilanoq noxush sezgi o‘tib ketadimi, og‘riq ovqat chaynaganda paydo bo‘ladimi yoki tunda, tinch holatdami — bularni eslab qoling. Yaqinda olingan muolajalar, eski plombalar, jarohatlar va ichayotgan dori-darmonlaringiz haqida so‘zlab bering.

Shifokorga borishdan oldin nima qilish kerak?

  • Ta’sirchanlikni kamaytiring. Iliq, og‘izni kuydirmaydigan taom va ichimliklarni tanlang. Agar juda sovuq, nordon va shirin narsalar og‘riq chaqirsa, ulardan vaqtincha tiyiling. Qattiq ovqatni og‘riyotgan tishda chaynamang. Ko‘chada burun orqali nafas olishga harakat qiling.
  • Gigiyenaga qat’iy qilmang. Tishlarni yumshoq cho‘tka bilan kuniga ikki marta, qattiq bosmasdan yuving. “Og‘riqni tozalab tashlashga” urinmang va milkni kovlamang. Agar tishlar orasiga ovqat kirib qolsa, to‘qimalarni shikastlamasdan, tish ipi yordamida uni ehtiyotkorlik bilan olib tashlang.
  • Ta’sirchanlik bo‘lsa, maxsus pastani sinab ko‘ring. Ta’sirchan tishlarga mo‘ljallangan ftorli pasta muntazam ishlatilganda tashqi ta’sirlarga bo‘lgan reaksiyani kamaytirishi mumkin. Biroq u kariyes, yoriq yoki yallig‘lanishni davolamaydi va shifokor ko‘rigini ortga surishga sabab bo‘lmasligi kerak.
  • Zarurat tug‘ilganda og‘riq qoldiruvchi dori iching. Agar sizda qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa, ular tish og‘rig‘ini vaqtincha yengillashtirishi mumkin. Yo‘riqnomaga amal qiling, boshqa dorilar bilan mutanosibligini hisobga oling va dozani oshirib yubormang.
  • Xavfli xalqona usullarni qo‘llamang. Yuzingizni isitmang, milk ustiga tabletka, spirt yoki sarimsoq qo‘ymang: bu kuyishga olib kelishi va to‘qimalarni shikastlashi mumkin. O‘zboshimchalik bilan antibiotik ichmang, ular har qanday tish og‘rig‘ida ham kerak bo‘lavermaydi va og‘riq manbasini bartaraf etmaydi.

Qachon kutib turish mumkin emas?

Agar milk yoki yuz shishsa, tana harorati ko‘tarilsa, yiring ajralsa yoxud og‘riq tez kuchayib borsa, shoshilinch stomatologik yordam zarur. Nafas olish yoki yutinish qiyinlashsa, shish bo‘yin yoki ko‘z sohasiga tarqalsa — zudlik bilan tez tibbiy yordamga murojaat qiling.

Hatto qisqa muddatli, ammo takrorlanib turuvchi ta’sirchanlikni ham stomatolog bilan maslahatlashish lozim. Og‘riqning o‘z-o‘zidan o‘tib ketishi esa tishning sog‘lom ekanini anglatmaydi. Kuz o‘tib ketadi, biroq davolanmasa, noxush sezgilarning sababi saqlanib qolishi mumkin.

XG

Muallif

Xilola Giyosova

От qwert.uz