1956-yil, “Xalqlar otasi” Stalin vafot etganidan uch yil o‘tib o‘tkazilgan Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS) Markaziy qo‘mitasi syezdida Kompartiyaning birinchi kotibi Nikita Xrushchyov “Stalin shaxsiga sig‘inish”ning ayanchli va qabih oqibatlari haqida ma’ruza qildi. Yig‘ilganlarning barini hayratda qoldirgan nutqida u SSSRda repressiyalar to‘xtatilishi va qatag‘on qilinganlar oqlanishi haqida ham e’lon qildi. “Daryo” kolumnisti Muhammadqodir Sobirov Sovet Ittifoqi tarixidagi eng “yumshoq” rahbar hisoblanuvchi Nikita Xrushchyovning “makkajo‘xori” davri haqida hikoya qiladi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Hokimiyat uchun kurash

1953-yilda Stalin to‘satdan vafot etgach, SSSR xalqi buyuk dohiysi, “xalqlar otasi(yoxud qotili)” o‘limidan chuqur qayg‘u va umidsizlikka tushadi. Yuqori doiralar esa endilikda ulkan va qudratli mamlakatni kim boshqarishi haqida o‘ylay boshlaydi. Stalin mamlakatni faqat o‘z qarorlari va irodasi bilan boshqargani sabab, mamlakatda ikkinchi avtoritet mavjud emasdi. Aslida an’anaga ko‘ra, KPSS Markaziy qo‘mitasi (MQ) birinchi kotibi SSSR rahbari bo‘lishi, ijro hokimiyati bo‘lmish Vazirlar Kengashi KPSS nazorati ostida ishlashi kerak edi. Biroq davlatda mutlaq hukmdor bo‘lgan Stalin hech kim bilan, jumladan, KPSS bilan ham hisoblashmas va ijro hokimiyatiga to‘liq hokimiyatni olib bergandi.

Shunday qilib davlatni Vazirlar Kengashi raisi Georgiy Malenkov boshqara boshladi, ammo mamlakatda undan qudratliroq Ichki ishlar vaziri Lavrentiy Beriya ulkan ta’sirga ega edi. Stalinning shafqatsiz repressiyalari hamda qattiq intizomi asosi bo‘lgan SSSR xavfsizlik xizmatlari va ichki ishlar kuchlari amalda butun mamlakatni boshqaruvchi kuch edi. Stalin bilan yurtdosh bo‘lgan marshal Beriya uchun zo‘ravonlik “kommunizm qurish” yoki “kommunizmni yo‘q qilish” qilishdan qat’i nazar, jamiyat oldida turgan muammolarni hal qilishning universal usuli bo‘lib qolgandi.

1924-yildan beri Stalin bilan birga ishlab, uning yaqin sherigiga aylangan Ukraina Kompartiyasining birinchi kotibi Nikita Xrushchyov va uning hamyurti, “g‘alaba marshali” Georgiy Jukov hokimiyat uchun Beriya bilan kurash boshlaydi. Beriya va boshqa “stalinchilar”dan farqli ravishda Xrushchyov va uning guruhi cheklangan zo‘ravonlik tarafdori — “jinni shishada saqlamoqchi bo‘lganlar” edi.

Chapdan o‘ngga: Molotov, Stalin va Xrushchyov

Foto: Istorik

Nihoyat 1953-yil 13-sentabr kuni Nikita Xrushchyov KPSS MQ Birinchi kotibi etib saylanadi va SSSR tarixida “Iliqlik davri” deb atalgan davr boshlanadi. Xrushchyov Beriyani yo‘q qilish uchun hokimiyatni vaqtincha Malenkov bilan bo‘lishadi. Birinchi kotib etib Xrushchyov saylansa-da, mamlakatni 1956-yilgacha amalda Vazirlar Kengashi raisi Malenkov boshqaradi. Shundan so‘ng Xrushchyovning tashabbusi va Jukovning unga faol yordami bilan SSSR elitasi Beriyani qamoqqa olish va sud qilishga ruxsat beradi.

Beriya va tarafdorlari yo‘q qilinishida ularga o‘zlaring usuli, ya’ni sud hukmi chiqarilmasdan jazoni ijro qilish qo‘llaniladi (Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa jadidlar kabi). 1953-yilning 23-dekabr kuni SSSR marshali Lavrentiy Beriya Pavlovich va uning sheriklari deb hisoblangan yana besh general milliy nizolarni qo‘zg‘ashda ayblanadi va Moskvada otib tashlanadi. Shu tariqa Xrushchyov Stalinning eng sodiq shogirdini hokimiyat yo‘lidan olib tashlaydi.

Oradan uch yil o‘tib, Xrushchyovning sa’y-harakatlari bilan an’ana qayta tiklanadi va KPSS MQ Birinchi kotibi mamlakatning birinchi raqamli shaxsiga aylanadi. Natijada o‘z-o‘zidan Georgiy Malenkov ishdan bo‘shatiladi va Vazirlar Kengashi raisi lavozimiga Xrushchyov tarafdorlaridan Nikolay Bulganin tayinlanadi. 1958-yilga kelib esa bu lavozimni ham Xrushchyovning o‘zi egallaydi. Shunday qilib Nikita Xrushchyov SSSRning mutlaq diktatoriga aylandi.

Tarixiy nutq

1956-yilning 25-fevral kuni Moskvada KPSS MQning XX syezdi bo‘lib o‘tadi. Shu kuni ertalab yopiq tarzda o‘tgan sessiyada KPSS MQ Birinchi kotibi Nikita Xrushchyov Stalin shaxsiyatiga sig‘inishni qoralagan “Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari” to‘g‘risida yopiq ma’ruza qiladi. U mamlakatda 1930—1950-yillarda amalga oshirilgan bir qator ommaviy jinoyatlarni sanab, ularning barchasida Stalin shaxsini ayblaydi.

Xrushchyovning KPSSning XX qurultoyida Stalin shaxsiga sig‘inishini yo‘q qilish haqidagi ma’ruzasi

Foto: “TASS”

SSSR Siyosiy Byurosining bo‘lajak a’zosi, XX syezdda qatnashgan MQning yosh ishchisi Aleksandr Yakovlev voqeani shunday xotirlaydi: “Xrushchyov haqiqatni bir-biridan dahshatli qilib ko‘rsatdi, syezd a’zolari boshlarini egib yig‘ilishni tark etdi. ‘’Stalinning o‘zi’, ‘barcha zamon va xalqlarning daho lideri’ jinoyatlari haqida rasman xabar berilganidan so‘ng ular karaxt ahvolga kelib qolgandi…”

Syezdda Stalin davrida qatag‘on qilingan partiya va harbiy rahbarlarni reabilitatsiya qilish muammosi ham ko‘tariladi. Butun mamlakat ushbu ma’ruzadan shok holatiga tushib qoladi, chunki ularning dunyo tarixida Stalindek “buyuk lider” bo‘lmaganiga ishonchlari komil edi.

Islohotlar

Xrushchyov Stalin shaxsiga sig‘inishni to‘xtatgandan so‘ng, uning boshqaruvdagi uslublarini ham o‘zgartiradi. Senzura nisbatan kamaytiriladi, OAVlarga erkinlik beriladi va Stalinning siyosiy raqiblarni qirg‘in qilish an’anasidan voz kechiladi. Xrushchyov mamlakatga qonun ustuvorligi va sud hokimiyatini qaytaradi, Stalin davrida barcha huquqiy masalalar NKVD (Ichki ishlar xalq komissarligi) yerto‘lalarida hal etilardi. NKVD ham ayblovchi, ham tergov va sud qiluvchi, ham ijro etuvchi organ edi. Xrushchyov davrida esa butun respublika bo‘ylab Ichki ishlar va davlat xavfsizlik xizmatlari ustidan partiya va prokuror nazorati o‘rnatiladi.

1956-yilda SSSR Oliy sudida hatto oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lmagan sudyalar ham faoliyat yuritardi. Xrushchyov buni to‘g‘rilaydi: 1962-yilga kelib sud tizimining 97 foiz oliy va o‘rta yuridik ma’lumotga ega bo‘ladi. Shuningdek, jinoiy jazo sohasi insonparvarlashtiriladi, “xalq dushmani” tushunchasi amaliyotdan chiqarib tashlanadi, jinoiy jazo yoshi o‘n to‘rtdan o‘n oltiga oshiriladi. Advokatlarning suddagi ishtiroki kengaytiriladi va ular o‘lim jazosini bekor qilishni yoqlay boshlaydi.

Xrushchyov kolxozning sut fermasida. Ukraina, Cherkas tumani. 1953-yil

Foto: “RIA Novosti”

Byurokratiya bilan kurashda Xrushchyov partiya va davlat apparatini uchdan bir qismga kamaytiradi, boshqaruv tizimini markazsizlashtirishga intilib, vazirliklarning vakolatini Iqtisodiy kengashlarga o‘tkazadi. Uning viloyat qo‘mitalari sanoat va qishloq xo‘jaligi qismlariga ajratiladi. Ammo bu islohotlar teskari natija beradi: byurokratik apparat o‘sdi, turli bo‘limlar bir -birini takrorladi va raqobat qila boshladi. “Olmaota tumanlaridan birida kartoshka yig‘ish bilan ikkita viloyat, to‘rtta tuman va Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining qishloq xo‘jaligi bo‘limi shug‘ullanardi, lekin oxir-oqibat masala shunday holga keldiki, sabzavot yig‘ishda yordam berish masalasi hech kim tomonidan to‘liq hal qilinmadi” — deb yozadi tarixchi Aleksandr Pijikov.

Xrushchyov davrida Uzoq Sharq va Qozog‘istonda yangi yerlar ochilishi hisobiga iqtisodiy o‘sish kuzatiladi. Tuzilganidan beri birinchi bor SSSR o‘zini don bilan ta’minlay boshlaydi. Biroq oradan bir necha yil o‘tib yangi yerlar sho‘rlash va eroziyaga uchraydi. SSSR don importini qayta tiklaydi.

Sovet Ittifoqi bu davrda o‘zining “temir parda”sini ham ko‘taradi. Millionlab sovet yoshlari dunyo bo‘ylab sayr qilishga muvaffaq bo‘ladi, shu bilan birga chet ellik mehmonlarga ham mamlakat eshiklari ochiladi.

Bular bilan bir qatorda bilimsiz Xrushchyovning davlatni abgor ahvolga olib kelgan “xizmatlari” ham mo‘l bo‘ldi. Malenkov aholining shaxsiy uy-joylarga ega bo‘lishni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Xrushchyov ularni yo‘qotish uchun harakat qildi va aslida Stalinning “ko‘chirish” siyosatini davom ettirdi. Tarixchi Pijikov Xrushchyov davrida kolxozlardagi ahvolni shunday  xotirlaydi: “Dehqon jamoat dalasi yoki fermasida jamoat burchini bajarib, o‘zi uchun ishlab bilmas, pul jarimasi tahdidi ostida mahsulotini shaharga olib ketolmasdi. Ular kolxozda minimal ish kuni ishlashga majbur bo‘lib, kolxozni tark etish huquqiga ega emasdi va mahalliy ma’muriyatga to‘liq qaram edi”.

Va, albatta, Xrushchyov davrining eng esda qolarli ijobiy voqealaridan biri bu — SSSR kosmonavtining insoniyat tarixida ilk bor kosmosga chiqishi edi. 1961-yiling 12-aprel kuni sovet uchuvchisi Yuriy Gagarin tarixdagi birinchi inson sifatida kosmosga parvoz qiladi.

Shuningdek, Xrushchyov davlat rahbarining mamlakat bo‘ylab joylarga tashriflarini (korxona, fabrika, kolxoz, ferma va hokazo) boshlab bergan inson ham hisoblanadi. Aynan Xrushchyovdan keyin SSSR, undan so‘ng postsovet davlat rahbarlari bu an’anani davom ettirib, hozirga qadar amalga oshirib kelmoqda.

Makkajo‘xori kampaniyasi

SSSRning uchinchi rahbari bir qator ahmoqona va kulgili voqealari bilan birga, shubhasiz, “makkajo‘xori” kampaniyasi bilan tarixda qolgan.

1955-yilda Xrushchyov amerikalik fermer Rosvel Garst bilan uchrashadi va undan makkajo‘xorining afzalliklari haqida eshitadi. Keyinchalik AQShga safari chog‘ida u makkajo‘xorining SSSR uchun an’anaviy ekinlardan ancha foydali ekaniga amin bo‘ladi. Makkajo‘xori ekishni ko‘paytirish orqali 1959—1965-yillardagi yetti yillik davrda qoramollarning o‘sish sur’atini uch barobarga oshirish rejalashtiriladi. Butun mamlakat bo‘ylab makkajo‘xori kampaniyasi targ‘ib qilinadi va “Soyuzfilm” tomonidan makkajo‘xori propagandasi uchun “Mo‘jizakor ayol” multfilmi olinadi.

Foto: Google Images

1960-yillarning boshiga kelib SSSRdagi barcha ekin maydonlarining to‘rtdan bir qismiga makkajo‘xori ekiladi. Ammo makkajo‘xori hosildorligi kutilganidan ancha past bo‘ladi va o‘simlikni ekish sekin-asta kamaya boshlaydi. Makkajo‘xorining qishloq xo‘jaligi uchun muhim pichan maydonlariga ekilishi natijasida qishloq xo‘jaligi bundan qattiq zarar ko‘radi. Xrushchyovning iste’fosidan keyin makkajo‘xori maydonlari deyarli yo‘q qilinadi. Shunday qilib buyuk SSSRning buyuk lideri o‘zining “buyukligini” yana bir ahmoqona qarori bilan isbotlaydi.

BMTdagi poyabzal tomoshasi

1959-yilda tarixda ilk bor SSSR rahbari AQShga tashrif buyuradi. Amerikaga rasmiy tashrif bilan kelgan Nikita Xrushchyovni AQSh prezidenti Duayt Eyzenxauer kutib oladi. Bu AQSh—SSSR munosabatlaridagi eng yuqori nuqta hisoblanadi. Xrushchyov AQShga yana bir necha bor rasmiy tashrif bilan keladi, ammo ularning ichida esda qolarlisi 1960-yil oktabr oyidagisi bo‘ldi.

1960-yil 12-oktabr kuni BMTning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda so‘zga chiqqan Xrushchyov mustamlakachilik va uning oqibatlarni bartaraf qilish kerakligi haqida gapiradi. Xrushchyovdan so‘ng minbarga ko‘tarilgan Filippin delegati Lorenso Sumolong mustamlakachilik zulmidan aziyat chekkan xalq vakili sifatida gapirib, SSSR nafaqat G‘arb mustamlakachiligi bilan kurashishi kerakligi, balki o‘zi ham Sharqiy Yevropa xalqlariga erkinlik berishi kerakligi haqida aytadi. Vengriya voqeasi va Boltiqbo‘yi davlatlari anneksiya qilingani haqidagi so‘zlaridan so‘ng Xrushchyovning ortiq sabri chidamaydi.

Nikita Xrushchyovning mashhur botinkasi BMT sessiyasida

Foto: Google Images

Filippin vakilining nutqini eshitishni istamagan Xrushchyov norozilik belgisi sifatida stolni mushtlab ura boshlaydi. Keyin esa ko‘pchilik turli xil talqin qiluvchi hodisa yuz beradi: Xrushchyov oyoq kiyimini chiqarib, uni stolga ura boshlaydi. Ba’zilar Xrushchyov poyabzalni stolga urmaganini, shunchaki uning ustiga chiqarib qo‘yganini ta’kidlaydi. Nima bo‘lgan taqdirda ham sovet rahbari shu voqeadan keyin nafaqat SSSR tarixida, balki butun dunyo tarixida ham o‘zining yana bir “qobiliyati” bilan muhrlanib qoldi.

Iste’fo

Xrushchyovning “yumshoq” siyosati SSSR yuqori doiralariga mos kelmadi. 1962-yilda Ukraina ziyolilari mustaqillik haqida o‘ylay boshladi, Moldovada esa Bessarabiyada mustaqil davlat tuzish uchun qo‘zg‘olon uyushtirmoqchi bo‘lgan guruh paydo bo‘ldi. Ammo norozilik sabablarining faqat bittasi millatchilik bo‘lib, ikkinchisi — tovar tanqisligi, yuqori narxlar va qiyin ish sharoitlari edi.

Ko‘plab shaharlarda, xususan, Moskva, Leningrad, Klaypeda, Lvov, Kiyev, Odessa, Krivoy-Rog, Donetsk, Slavyansk, Krasnodar, Yaroslavl, Gorkiy, Sverdlov, Omsk, Qarag‘anda, Novosibirsk, Kemerovo va Toshkentda Xrushchyov rejimiga qarshi norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tadi. Eng qonli favqulodda holat 1962-yilda Novocherkasskda, ishchilar namoyishining bostirilishida yuz berdi: 24 kishi halok bo‘ladi, 70 kishi yaralanadi, 105 kishi qamoqqa olinadi, 7 kishi esa otib tashlanadi.

Mamlakatda dissidentlar harakati — samizdat paydo bo‘la boshladi. Odamlar siyosiy talablar qo‘yib, “kommunistik diktaturani”, shaxsan Xrushchyovni ag‘darishga, ko‘p partiyali tizim va parlament demokratiyasini yaratishga chaqirdi. Bularga javoban Xrushchyov bir necha o‘ylanmagan islohotlarni amalga oshiradi. Masalan, partiya yig‘imlarini bekor qilish kabi.

Xrushchyov (chapda) va Brejnev (o‘ngda)

Foto: Russian7

1964-yil kuziga kelib Xrushchyovning o‘ylanmagan, tez o‘zgaruvchi ko‘p qirrali qarorlari uni davlat va partiya amaldorlari, KGB, armiya, ziyolilar, dehqonlar va ishchilar qo‘llovisiz qoldirdi. Uning atrofini Leonid Brejnev boshliq xushomadgo‘y sudyalar guruhi o‘rab oladi. Kuba inqirozi, mamlakatdagi qishloq xo‘jaligining og‘ir ahvolga kelishi va Xrushchyovning mo‘tadil siyosati tufayli Sovet—Xitoy munosabatlarining yomonlashuvi Xrushchyovga partiya safida qarshilikning kuchayishiga olib keldi.

1964-yil 14-oktabrda Xrushchyovning homiysi va o‘rinbosari Leonid Brejnev unga qarshi muvaffaqiyatli to‘ntarish uyushtirdi hamda Xrushchyov to‘satdan Birinchi kotib va bosh vazir lavozimidan ketdi. Shu tariqa SSSRda “Iliqlik davri”ni boshlagan rahbar iste’foga yuborildi.

От qwert.uz