“Bobbi” filmining final sahnasida yosh Dimpl Kapadiyaning qo‘llaridagi nikoh xinasini yashirishning iloji bo‘lmagan. Raj Kapurning blokbasteri ekran yuziga chiqishidan avvalroq bosh qahramonni gavdalantirgan o‘smir qizaloq, o‘zidan 16 yosh katta bo‘lgan Rajesh Khannaga turmushga chiqib ulgurgan.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Getty Images

Erta karyera va erta turmush

Dimpl Kapadiya 1957-yil 8-iyunda Bombeyda dunyoga kelgan. Tug‘ilganida Amina deb ism qo‘yilganiga qaramay, yuzida kulgichi borligi sabab qizaloqni Dimpl deb chaqirishgan. U oilada 4 nafar farzanding to‘ng‘ichi bo‘lgan. U Raj Kapurning “Bobbi” (1973) filmida suratga tushish uchun tasdiqlangan. Uning Rajesh Khanna bilan parvoz vaqtida tanishgani haqidagi ma’lumotlar yo‘q emas. Yasir Usmanning “Rajesh Khanna: Hindistonning eng katta superyulduzi” kitobida yozilishicha, aktyor Dimplni ko‘zlariga boqqan va unda birgina zavqni ko‘rmagan. Bir necha yil uchrashib yurgan qaylig‘i Anju Maxendra bilan munosabatlariga chek qo‘ygan Rajesh 15 yashar qiz bilan hayotini bog‘lashni afzal bilgan. Turmush qurganlaridan 6 oy o‘tib, “Bobbi” ekran yuzini ko‘rgan va Dimpl eng yaxshi aktrisa sifatida Filmfare Award’ni qo‘lga kiritgan.

Foto: Getty Images

O‘zligini yo‘qotishdan qo‘rqqan aktrisa

Dimpl oilali bo‘lganidan keyin avvalgidek erki o‘ziga bog‘liq bo‘lmay qolgan. Zamonaviy kalta liboslar o‘rniga shifon matosidan tikilgan sari kiya boshlagan. Kayfiyati va o‘zini tutishi ham qizlik vaqtidagidan farq qila boshlagan. Ko‘p o‘tmay yoshida sezilarli farq bo‘lgan juftlik munosabatlarida darz ketish kuzatilgan. Rajeshning mashhurlikni qo‘ldan boy berib, spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygani, shuningdek, qo‘pol munosabatda bo‘lishi hali yosh va beg‘ubor bo‘lgan Dimplning yuragini yaralagan. Aktrisa 1982-yilda 8 va 4 yashar qizlari Tvinkl va Rinka bilan Aashirvadni butunlay tark etgan.

“Biz Rajesh bilan uzoq vaqt davomida turmushimizning barbod bo‘lganiga ko‘nika olmadik. Ammo men u bilan qancha uzoq qolsam, o‘zligimni shuncha ko‘p yo‘qotishimni tushunib yetdim. Men uning tabassumini ko‘rish uchun hamma narsa qilishga tayyor edim”, — degan u India Today nashriga bergan intervyusida. 10 yillik turmushidan keyin bir olam hayotiy tajriba bilan kinoolamiga qayta qadam tashlagan Dimpl “Ishonch” (1985), “Go‘yanda” (1993) hamda “Chorasizlik” (1993) singari filmlarda muvaffaqiyatli rollarni ijro qilgan.

Foto: Getty Images

Dimpl o‘xshamagan turmushi, ikki nafar singlisi va ukasining vafotidan saboq olib ulgurgan edi. “Hayotimning butun hikoyasi yuzimda o‘z aksini topgan. Unda beg‘uborlik ham, sipolik ham yo‘q. Undan ko‘p narsani bilish mumkin”, — degan u India Today’ga bergan intervyusida. Rejissor Mrinal Sen uni Sofi Loren bilan solishtirib, yuzini “huvullagan peyzaj”ga o‘xshatganda Feroz Xon: “Hech bir boshqa qizda bu qadar agressiya namoyon emas”, — degan. Hatto sochidagi erta oralagan oqlar ham boshidan kechirgan davrlaridan mag‘rurona eslatma.

Foto: Getty Images

Ikkinchi urinish

Dimpl katta ekranlarga “Sevgi dengizi” (1984) filmidagi roli bilan qaytgan. 1985-yilda premyerasi bo‘lgan filmdan keyin Dimlp Filmfare mukofotiga eng yaxshi aktrisa sifatida loyiq deb topilgan. Maxesh Bxattning “Qaniydi”(1987) nomli filmi aktrisaga haqiqiy mashhurlik keltirgan. “Men Dimplni u gavdalantirgan qahramon Pujidan farqlay olmayman. U hayotida ko‘p narsalarni boshdan o‘tkazgan”, — degan film rejissori Bxatt.

Foto: Getty Images

“Go‘yanda” (1993) filmidagi ijrosi ortidan esa Milliy mukofotni qo‘lga kiritgan. 2020-yilda aktrisa Kristofer Nolanning “Dadil” nomli trillerida ham suratga tushgan. “Bu o‘zimga ishonishga majbur qildi”, — deydi u. 2021-yilda esa Ali Abbos Zafarning “Tandav” deb nomlangan serialida ishtirok etgan. Kelajakdagi loyihalari orasida Ayan Mukerjining “Braxmastra” fentezisi hamda Dinesh Vijanning hali nomi ma’lum bo‘lmagan komediyasi bor.

Yaxshi rafiqa

Vaqt o‘tishi bilan Dimpl va Rajeshning munosabatlari iziga tusha boshlagan. Xafagarchilik va ginaning o‘rnini o‘zaro hurmat egallay boshlagan. Undan nima uchun ikkinchi marta turmushga chiqmasligi haqida so‘ralganda: “Men juda ham baxtliman va hayotimdan mamnunman. Qayta turmush qurishning nima keragi bor? Bir martasi shundoq ham yetarli bo‘lgan”,— degan.

Foto: Getty Images

Rajesh esa hali ham rafiqasini yaxshi ko‘rishini yashirmagan. 2011-yilda aktyorda saraton aniqlanganidan keyin oilasi uning atrofida girdikapalak bo‘la boshlagan. Dimpl unga g‘amxo‘rlik qilish va yordam berish uchun Aashirvadga qaytib borgan. 2012-yil 18-iyulda Khanna hayotdan ko‘z yumganida aktrisa uning oldida bo‘lgan. Oradan 7 yil o‘tib, 2019-yil 30-noyabrda esa Dimpl onasini ham yo‘qotgan. Dimplning eng yomoni ortda qolgani, eng yaxshisi esa hali oldinda ekaniga ishonchi komil.

От qwert.uz