Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada ish qidirayotgan o‘zbekistonliklar uchun bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning bir qator salohiyatli ish beruvchilari tomonidan Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari, Amur, Novosibirsk, Kaluga, Tula, Murmansk, Kaliningrad, Moskva viloyatlari hamda Krasnodar o‘lkasida O‘zbekiston fuqarolari uchun qurilish sohasida 10 mingta bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinmoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Agentlik tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatda taklif etilayotgan ish o‘rinlarining eng ko‘pi armaturachilarga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rish mumkin (1090 ta bo‘sh ish o‘rni). Undan keyingi o‘rinlarda beton quyuvchi (795 ta bo‘sh o‘rin), elektr montajchi (390 ta bo‘sh o‘rin) yordamchi ishchilarga talab yuqori (348 ta bo‘sh o‘rin).

Xabarda aytilishicha, fuqarolar nomiga Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patent O‘zbekistonda rasmiylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagandi. Unda 2021-yil 1-yanvarga qadar Rossiya IIVning pasport-viza xizmati vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish hamda ushbu vakolatxonada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa, Chimkent va Istanbul shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ochish rejalashtirilgandi.

O‘sha yilning dekabrida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Pasport-viza xizmati hamda Moskva shahrining Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi. Ushbu hujjat Rossiyada mehnat qilish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda chiqish jarayonlarini soddalashtirishi aytilgandi.

От qwert.uz