Rossiyada ishlamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga qurilish sohasida 10 mingta ish o‘rni taklif etilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ma’lum qilishicha, mazkur fuqarolarni tashkiliy tarzda ishga jo‘natish loyihasi doirasida ularni mamlakat hududida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish uchun tibbiy asbob-uskunalar bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi O‘zbekistonga yetib kelgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Ma’lumot uchun, 2021-yilning sentabrida Rossiya mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari A.Pudov boshchiligida qator davlat tashkilotlari va yirik ish beruvchi korxonalar vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar o‘tkazilgandi. Unda qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 10 ming fuqaroni yaqin vaqt davomida soddalashtirilgan tartib asosida O‘zbekistondan Rossiyaga ishga jalb qilishga kelishilgan edi.

Ushbu loyiha doirasida nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog‘liq, jumladan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanishi ko‘zda tutilmoqda.

Endilikda Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o‘rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida amalga oshiriladi.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

“Mazkur tadbirlar Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan ko‘plab yurtdoshlarimiz uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagandi. Unda 2021-yil 1-yanvarga qadar Rossiya IIVning pasport-viza xizmati vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish hamda ushbu vakolatxonada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa, Chimkent va Istanbul shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ochish rejalashtirilgandi.

O‘sha yilning dekabrida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Pasport-viza xizmati hamda Moskva shahrining Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi. Ushbu hujjat Rossiyada mehnat qilish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda chiqish jarayonlarini soddalashtirishi aytilgandi.

От qwert.uz