Rossiya hukumati 150 ming nafar o‘zbekistonlikning mamlakatga kirishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Bu haqda Rossiya Migrantlar federatsiyasi prezidenti Vadim Kojenovga tayanib, “Podrobno” xabar berdi.

Foto: “TASS”

Ta’kidlanishicha, amnistiya mamlakatdan sud qaroriga ko‘ra chiqarib yuborilgan toifaga kiruvchi xorij fuqarolariga taalluqli emas. Agarda deportatsiya Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, idoraning sayti — “Mvd.ru” orqali taqiq bor yoki yo‘qligini tekshirish mumkin  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Vadim Kojenov fuqarolarni ushbu “amnistiya” munosabati bilan faollashgan firibgarlarga ishonmaslik bo‘yicha ogohlantirgan. Ular o‘zbekistonlik muhojirlarga pul evaziga taqiqni yechib berishni va’da qilib pul ishlamoqda, aslida esa taqiq Rossiya hukumati tomonidan olib tashlangan. Taqiq bor, yo‘qligini tekshirish jarayoni ushbu havoladagi videoda batafsil tushuntirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagandi. Unda 2021-yil 1-yanvarga qadar Rossiya IIVning pasport-viza xizmati vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish hamda ushbu vakolatxonada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa, Chimkent va Istanbul shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ochish rejalashtirilgandi.

O‘sha yilning dekabrida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Pasport-viza xizmati hamda Moskva shahrining Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi. Ushbu hujjat Rossiyada mehnat qilish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda chiqish jarayonlarini soddalashtirishi aytilgandi.

От qwert.uz