Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvda Alisher Qodirovning migrantlarni soliq tortish haqidagi fikrlariga munosabat bildirdi, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov Andijon viloyatidagi saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirgandi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar ham O‘zbekiston taraqqiyot uchun soliq to‘lashi kerak.

Shavkat Mirziyoyev migrantlarning o‘z oilasiga bergan ko‘magini, daromad deb soliqqa tortib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

“Nomzod sifatida bu masala bo‘yicha o‘zimning va partiyamizning pozitsiyasini aniq aytib o‘tmoqchiman.

Hozirda 2,5 milliondan ziyod fuqarolarimiz xorijda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Ular topayotgan daromadlaridan xorijda soliqlarni to‘liq to‘lab, qolgan qismini o‘z oilasiga jo‘natmoqda. Bir narsani aniq tushunib olish kerak: bu – soliqqa tortiladigan daromad emas! Fuqaromiz o‘z oilasiga bergan ko‘magini, daromad deb soliqqa tortib bo‘lmaydi. Vatandan uzoqda mehnat qilib, ham o‘zini, ham oilasini boqayotgan yurtdoshlarimizga faqat rahmat aytish kerak.

Shuning uchun ushbu mablag‘larni yana takroran soliqqa tortish tashabbusiga biz mutlaqo qarshimiz,

bunday g‘oya – partiyamiz kun tartibida yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas! Shu bilan birga, biz chet elda ishlayotgan fuqarolarni tizimli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettiramiz”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev migrantlarni “fidoyi farzandlarim” deb atab, agar rahbar bo‘lib ishlasa, ular hech qachon soliqqa tortilmasligini qayd etgan:

“Migrantlar mening fidoyi farzandlarim. Bir paytlar ularga nisbatan noto‘g‘ri ta’rif ishlatilgan edi. Lekin men bu fikrga qo‘shilmaganman. O‘zingiz o‘ylang, ular nima uchun xorijga ishga ketishgan? Noilojlikdan! Agar biz bu yerda ish bilan ta’minlab berganimizda ular xorijga ketarmidi? Yo‘q! Mana, 90-yillarda migrantlar yo‘q edi-ku… Agar men shu yurtda rahbar bo‘lib ishlasam, ular hech qachon soliqqa tortilmaydi. Aksincha, ularga O‘zbekistonda sharoit yaratib berishga harakat qilamiz”.

От qwert.uz