Oilaviy hamda bayram dasturxonini bezash mumkin bo‘lgan qiymali taomlar retsepti bilan tanishib chiqing.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Qiyma va tuxumli rulet

Foto: “Domashniy ochag”

Ushbu taom nafaqat mazasi, balki ko‘rinishi bilan ham dasturxonga ko‘rk bag‘ishlaydi.

Kerakli mahsulotlar:

  • qiyma – 500 gramm;
  • sabzi – 1 dona;
  • piyoz – 2 dona;
  • qat-qat xamir – 500 gramm;
  • qaynatilgan tuxum – 4 dona;
  • tuxum – 1 dona;
  • pomidor sharbati – 3 osh qoshiq;
  • kunjut, tuz va ziravorlar.

Tayyorlanish jarayoni:

  1. Sabzi va piyoz, tozalanib, mayda to‘g‘raladi. Qizdirilgan yog‘da qiyma ham qo‘shib qovuriladi hamda tuz va ziravorlar qo‘shiladi.
  2. Olov o‘chirilgach pomidor sharbati qo‘shiladi.
  3. Qolipga pergament qog‘ozi joylashtirilib, qat-qat xamir qo‘yiladi. Ustidan qiymali massa hamda qaynatilgan tuxum qo‘yiladi.
  4. So‘ngra xamirning ikki cheti qayrilib, rulet shaklida aylantiriladi. Ustidan tuxum sarig‘i surtilib, kunjut sepiladi.
  5. 200 daraja pechda 25 daqiqa davomida pishiriladi.

Qiymali qovoqchalar

Foto: “Domashniy ochag”

Diyetologlarning tavsiya qilishicha, har kuni qovoqchali taom tanovul qilish kerak. Chunki ushbu mahsulot kam kaloriyali bo‘lib, tez hazm bo‘ladi. Shuningdek, uni har qanday faslda ham topish mumkin.

Kerakli mahsulotlar:

  • qovoqcha 4 – dona;
  • tovuq yoki kurka go‘shti qiymasi – 200 gramm;
  • piyoz – 1 dona;
  • pomidor – 1 dona;
  • sarimsoq – 1 dona;
  • o‘simlik yog‘i – 1 osh qoshiq;
  • mayonez yoki smetana – 50 gramm;
  • pishloq – 50 gramm;
  • bulgur yormasi – 50 gramm;
  • tuz va ziravorlar.

Tayyorlanish jarayoni:

  1. Bulgur yormasi qadoqdagi ko‘rsatmaga ko‘ra pishirib olinadi.
  2. Piyoz va sarimsoq tozalanib, mayda to‘g‘raladi. Tovada qiyma bilan birga qovuriladi. Tuz va ziravorlar qo‘shiladi.
  3. Pomidor po‘sti tozalanadi. Qiymali aralashma ustidan pomidor va bulg‘ori qalampiri qo‘shib, yana biroz qovuriladi.
  4. So‘ngra aralashma olovdan olinib, bulgur yormasi bilan aralashtiriladi.
  5. Qovoqchalar uzunasiga ikkiga bo‘linadi. Ichi biroz o‘yilib, kemachaga o‘xshash shakl hosil qilinadi.
  6. Qovoqchalar ichi nachinka bilan to‘ldirilib, ustidan qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq sepiladi va mayonez quyiladi.
  7. Qovoqchalar 180 daraja pechda, 30 daqiqa davomida pishiriladi.
  8. Nachinka uchun uyda mavjud har qanday sabzavotdan foydalanish mumkin.

Qiymali dangasa oladye

Foto: “Domashniy ochag”

Dangasa oladyelarga turli xil sabzavotlar qo‘shish mumkin.

Kerakli mahsulotlar:

  • tovuq go‘shti qiymasi – 800 gramm;
  • tuxum – 2 dona;
  • un – 2 osh qoshiq;
  • piyoz – 2 dona;
  • o‘simlik yog‘i, ko‘kat, tuz va ziravorlar.

Tayyorlanish jarayoni:

  1. Qiyma va to‘g‘ralgan piyoz yaxshilab aralashtiriladi. Massaga un, tuz va ziravor hamda ko‘katlar qo‘shiladi. Silliq bo‘lgunga qadar yaxshilab aralashtiriladi va tuxum qo‘shiladi.
  2. Qizdirilgan yog‘da aralashma birozdan solinib, har ikki tomoni qizarguncha qovuriladi.

Qiymali stojkilar

Belarus oshxonasiga tegishli bo‘lgan ushbu taom mazasi chindan ham barchaga manzur keladi.

Foto: “Domashniy ochag”

Kerakli mahsulotlar:

  1. qiyma – 500 gramm;
  2. piyoz – 3 dona;
  3. sabzi – 3 dona;
  4. kartoshka – 2 dona;
  5. tuxum – 3 dona.

Tayyorlanish jarayoni:

  1. Qiyma, piyoz va tuz yaxshilab aralashtiriladi. Aralashmadan kotletchalar hosil qilinadi.
  2. Ikkinchi qatlamga sabzi piyoz qovuriladi. Bu ham kotlet ustidan joylashtiriladi.
  3. Qaynatilgan tuxum va kartoshka maydalanib, uchinchi qatlamga qo‘yiladi.
  4. Ustidan mayonez quyib, 200 darajaga pechga 40 daqiqaga qo‘yiladi.
  5. Tayyor bo‘lgach, yeguliklar ustiga qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq sepiladi.

Yoqimli ishtaha!

От qwert.uz