Saudiya Arabistoni bir guruh xorijlik mutaxassislar (ekspatlar), jumladan, shifokorlar va olimlarga fuqarolik berdi, deb yozmoqda Reuters.

Foto: Freedom House

Mazkur qaror yaqinda e’lon qilingan qirollik farmoni ortidan qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, qirollikning ulkan islohotlar rejasiga muvofiq rivojlanishiga yordam beradigan “mutaxassislar va “jahon miqyosidagi favqulodda ajoyib iste’dodlar”ga Saudiya Arabistoni fuqaroligi beriladi. Bu o‘zgarish shahzoda Muhammad bin Salmonning qirollik iqtisodiyotini neftdan mustaqil bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar rejalarining bir qismidir  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Saudiya Arabistonida xorijliklarni fuqarolikka qabul qilish dasturi fan, tibbiyot, madaniyat, sport va texnologiya sohalari uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni topishga qaratilgan. Uning maqsadi — talabgir mutaxassislarning o‘sishi uchun qulay muhit yaratish.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, fuqarolikka qabul qilinadigan guruhga musulmon ulamolari, moliyaviy ekspertlar, muhandislik, kimyo va aloqa sohalariga ixtisoslashgan shifokorlar va olimlar kiritilgan.

Shunisi e’tiborga loyiqki, Fors ko‘rfazi mamlakatlarida fuqarolikni olish har doim juda qiyin bo‘lgan, chunki u odatda mintaqada yashovchi xorijliklarga va chet elliklarga berilmaydi. Mutaxassislarning aytishicha, Saudiya Arabistoni bu tashabbusdan iqtisodiy va ijtimoiy foyda ko‘radi, chunki farmon qirollikka ko‘plab iste’dod egalarini jalb qiladi.

Iyun oyida Saudiya Arabistoni hukumati turmush qurmagan, ajrashgan yoki beva ayollarga erkak vasiylarning roziligisiz ham yolg‘iz yashashi uchun ruxsat berishga qaror qilgandi. Bundan tashqari, qamoqda bo‘lgan ayolning jazo muddati tugaganda u o‘z vasiyiga topshirilmaydi. Advokat Naif al-Mansiyning so‘zlariga ko‘ra, oilalar endilikda yolg‘iz yashashni tanlagan qizlariga qarshi da’vo qo‘zg‘ata olmaydi.

От qwert.uz