Yuzdagi dog‘lar aksariyat ayol-qizlarning eng katta muammolaridan biri hisoblanadi. Ko‘plab mutaxassislar dog‘larni umuman yo‘qotib bo‘lmasligini, ayrimlari esa ketkazish uchun ko‘p yillar kerakligini aytishadi. Xo‘sh, qaysi fikr to‘g‘ri? Dog‘lar bir umrlik husnbuzarmi yoki vaqtinchalik kasallik belgisi? Nega yuzga dog‘ tushadi? Uni davolashning qanday yo‘llari bor? Aslida, yuzga dog‘ tushirmaslik uchun nimalarga ahamiyat bermoq kerak? Bu kabi savollarga tajribali kosmetolog Shahnoza Gulyamova batafsil javob berdi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Instagram / @kosmetolog_shahnoza

Shahnoza Gulyamova 42 yoshda. Birlashgan Arab Amirligida, Sankt-Peterburg, Fransiya, Monako, Ispaniya va Italiya davlatlarida kosmetologiya bo‘yicha tahsil olgan. 2014-yildan buyon O‘zbekiston va Saudiya Arabistonida ham faoliyatini olib boryapti.

Nima sababdan yuzga dog‘ tushadi?

Yuzga dog‘ tushishiga juda ko‘p omillar sabab bo‘ladi. Birinchidan, bu nasliy ham bo‘lishi mumkin. Boshqa hollarda esa homiladorlik davrida organizm bir maromda ishlamasligidan, gormonal buzilishlarda, oshqozon ichak kasalliklarida, jigar gepatit, gepatoz bo‘lganda, hatto pala-partish ovqatlanish natijasida ham yuzga dog‘ tushadi. Qolaversa, ayol-qizlarimizning quyosh nurlaridan saqlanmasligi hamda tajribasiz kosmetolog huzurida noto‘g‘ri tanlangan yuz parvarishlari ham yuzimizda yoqimsiz asoratini qoldiradi.

Yana dog‘larni ko‘paytiradigan eng katta sabablardan biri — bu uyqusizlik. Soat 21:00 da yotib, ertalab 07:00 da uyg‘onadigan ayol-qizlarga qaraganda, kechasi bir-ikkida uxlaydigan mijozlarimiz ko‘proq dog‘laridan shikoyat qilib keladi. Boisi yoshartirish, baxt gormoni serotonin va melatonin ham vaqtida uxlab, vaqtida turganda organizmda yaxshiroq rivojlanadi.

Bizning momolarimiz erta yotib, quyosh chiqmasdan uyg‘onishgan. Shuning uchun yuzlarida na ajin, na dog‘ bo‘lgan. Chunki ularda hamma narsa me’yorida bo‘lgan.

Dog‘lari ko‘pligidan asabiylashayotgan mijozlarimizga doimo to‘yinib uxlashlari kerakligini maslahat beraman.

Foto: Instagram / @kosmetolog_shahnoza

Davolash usullari haqida

Faoliyatimda men hech qachon tezda dog‘larni davolashga kirishmayman. Chunki sog‘lom organizmda dog‘ bo‘lmaydi. Birinchi bo‘lib mijozimga anamnez yig‘ib kelishini aytaman. Shunga qarab to‘g‘ri muolaja usullarini tanlayman. Hamda muolajalar davomida mijozimizning o‘zi ham bizga yordam berishi kerak. Ya’ni anamnezda kelib chiqqan kamchiliklarni, masalan, o‘t-pufak kasal bo‘lsa, gastroenterologga borib, oshqozon-ichaklarini davolashi lozim. Chunki ichni davolamasdan, tashqi tomondan dog‘larni yo‘qotib bo‘lmaydi.

Hozirda tibbiyot juda rivojlanib ketgan. Dog‘ ketkazishda lazerlardan foydalanamiz. Mezoterapiya, lazerterapiya qilamiz. Mijozimiz esa davolash vaqtida har doimgidan ko‘proq yuzlarini quyoshdan himoya qilishlari kerak bo‘ladi.

Foto: Google Images

Dog‘larni butunlay yo‘qotish mumkinmi?

Dog‘larni yo‘qotishning aniq muddati belgilanmagan. Kimdadir uch oyda, kimdadir olti, qolganlarida bir yil. Har bir mijoz dog‘ining katta-kichikligiga qarab muolaja vaqti cho‘zilaveradi.

Ammo men huzurimga kelgan mijozlarga hech qachon dog‘larni ketkazishga kafolat bermayman. Dog‘lar xoh lazer yoki boshqa muolajalar, hatto operatsiya orqali kesib, oldirib tashlasin, baribir yuzdan to‘liq ketmaydi. 10-15 foiz soyasi qoladi.

Foto: Google Images

Muolajalarning narxi qancha?

Protseduraning narxi 300 ming so‘mdan boshlanadi.

Albatta, boshqa kosmetologiya markazlarida bu muolajaning narxi salonning joylashuvi, ijara puliga qarab o‘zgarishi mumkin.

Bizda aniq bir xil narx yo‘q. Chunki mijozlarimizning sharoitiga qarab ishlaymiz. Masalan, moddiy tomondan qiynalgan, ammo yuzidagi dog‘lari sabab oilaviy munosabatlari yomonlashayotgan ayollarimizga muolajani bepul qilib beramiz.

Maqolani tayyorlashda yaqindan yordam bergan “Kosmed”kosmetologik markaziga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz!

От qwert.uz