Oyoqlarning uvishishi — oyoqlarda sezuvchanlikning pasayishi tufayli yuzaga keladi. Ko‘pincha uvishish oyoqlarda sanchish, kuchsizlik, sovish, tortishish kabi belgilar bilan birga kuzatiladi. Bunday alomatlar nerv tomirlari retseptorlari shikastlanishi natijasida impulslarning uzatilishi va oyoq to‘qimalarida qon aylanishining buzilishi oqibatida kelib chiqadi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Getty Images

Sabablari:

Umurtqa pog‘onasi kasalliklari: Osteoxondroz, umurtqa diskining churrasi, spondilez – umirtqa pog‘onasi bo‘g‘imlari tog‘ay qismida distrofik o‘zgarishlar nerv tomirlarining siqilishiga olib keladi va oyoqlar uvishishi paydo bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha ravishda umurtqa bo‘ylab, ayniqsa, bel qismida og‘riq, oyoq harakatining cheklanishi, mushaklarda tortishish kuzatiladi.

Qandli diabet kasalligi: Mayda va nerv tomirlari retseptorlari shikastlanishi oqibatida oyoqlarda uvishish paydo bo‘ladi. Qo‘shimcha tarzda oyoqlarda chumoli yurgandek bo‘lishi, og‘riq, ayniqsa ko‘p yurganda, issiq narsa ta’sirini yaxshi sezmaslik gohida, hatto teri kuyib qolishiga sabab bo‘ladi.

Miyada qon aylanishining buzilishi: Ateroskleroz, miya qon tomirlari trombozi, insultning boshlang‘ich davri – miya impulslarining oyoq nerv tomirlariga uzatilishi buziladi. Shuningdek, bosh aylanishi, boshda og‘riq, mushaklar tortishishi, oyoq to‘qimalarda “lovillash” va sanchiq paydo bo‘lishi mumkin.

Onkologik kasalliklar: Bosh yoki orqa miyada o‘simta paydo bo‘lishi nerv tomirlarining siqilishiga olib keladi. Qolaversa, boshda yoki belda muntazam og‘riq, harakat muvozanatining buzilishi, ko‘ngil aynishi, ko‘rish qobiliyati yomonlashishi mumkin.

Qon tomirlari kasalliklari: Endoartrit, tromboflebit, ateroskleroz, Reyno kasalligi – oyoq arterial tomirlarida qon aylanishining buzilishi oqibatida paydo bo‘ladi. Oyoq terisi paypaslaganda sovuq, ko‘kimtir rangda, yurganda, oyoqlarni buklab o‘tirganda og‘riq bo‘ladi.

Oyoqlarning uvishishi jiddiy alomat, uni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. Nevropatolog shifokoriga murojaat qilib, qo‘shimcha teshiruvlardan o‘tish va  sababini aniqlab, davolash ishlarini boshlash zarur.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.

От qwert.uz