Har beshinchi odam uyqu vaqtida xurrak otadi va ko‘pincha bu jiddiy muammoga aylanadi. Marie Claire nashri somnolog Yelena Kolesnichenko bilan birgalikda ushbu masala bo‘yicha bir qancha ma’lumotlar taqdim etdi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Marie Claire

Xurrak otishning paydo bo‘lishi organizmdagi jismoniy jarayonlarga bog‘liq. Uyquda mushaklar bo‘shashadi, buning natijasida nafas yo‘llari torayadi, til orqaga siljiydi. Ba’zi hollarda nafas yo‘llarining torayishi sezilarli darajada bo‘ladi, halqum va yumshoq tanglayning bo‘shashgan devorlari bir-biriga tegib turadi, nafas olib chiqarayotganda tebranishni boshlaydi, bu esa xurrak deb ataladigan xarakterli xirillash tovushini keltirib chiqaradi.

Xurrak otishning eng keng tarqalgan sababi ortiqcha vazndir. Semizlik tufayli yog‘ to‘qimalari halqum devorlariga to‘planadi, bu esa uxlash paytida nafas yo‘llarining sezilarli darajada torayishiga olib keladi. Yog‘ to‘qimasi halqumning yumshoq to‘qimalarining harakatchanligini oshiradi. Shuning uchun ortiqcha vaznli odamlar tez-tez va balandroq xurrak otadi. Agar xurrakning sababi semizlik bo‘lsa, hatto vaznning 5 foizga kamayishi vaziyatni yaxshilashga yordam beradi yoki uni butunlay yo‘qotishi ham mumkin.

Xurrak otishning keyingi sababi o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bo‘lishi mumkin. Odatda ba’zi odamlar shamollaganida xurrak otishni boshlaydi. Burun oqishi bilan oddiy nafas olish imkonsiz bo‘lib qoladi va odam og‘zidan nafas olishni boshlaydi. Nazofarenks va orofarenks to‘qimalarining shishishi kuzatiladi. Bu xurrak otishni qo‘zg‘atadi. Bunday holda, tomchi dorilari qisqa kursda (4-5 kundan ortiq bo‘lmagan) buyuriladi. Tuzalgandan so‘ng tungi nafas olish normal holatga qaytadi.

Xurrakning yana bir ehtimoliy sababi – allergiya. Allergiyaga o‘simliklar yoki uy hayvonlari tufayli bo‘lishi mumkin. Shuningdek, eski yostiq, ko‘rpa-to‘shak, matras va gilamlarda mavjud changdan ham qo‘zg‘aydi. Shuning uchun mazkur uy jihozlarining ishlatish muddati cheklangan. Bu haqda hamma ham bilmaydi va yostiq, adyol ko‘pincha meros yoki sep sifatida avloddan-avlodga o‘tadi.

Bundan tashqari, xurrak homiladorlik paytida, nafas yo‘llarining yumshoq to‘qimalarida biroz shish paydo bo‘lganda, ayollarni bezovta qilishi mumkin. Bola tug‘ilgandan keyin esa vaziyat yaxshilanadi.

Keksa odamlar ko‘proq xurrak otadi. Yosh o‘tgan sari nafas olish yo‘llari mushaklarining tonusi pasayadi, halqum devorlari elastikligini yo‘qotadi, bu esa xurrak paydo bo‘lishiga olib keladi. Bunday holda xurrakdan muntazam ravishda maxsus gimnastika yordamida mushaklarning tonusini oshirish orqali qutulish mumkin. Halqum mushaklarini kuchaytirish uchun qo‘shimcha vositalar mavjud.

Bundan tashqari, chekish va spirtli ichimliklar xurrakning asosiy sababchilari hisoblanadi. Chekish nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishiga olib keladi, bu esa shilliq qavatning shishishini paydo qiladi. Somnologlar bu yomon odatdan butunlay voz kechishni tavsiya qiladi. Butunlay voz kechishning imkoni bo‘lmasa, yotishdan kamida ikki soat oldin chekmaslikka harakat qilish lozim. Spirtli ichimliklar mushaklarning bo‘shashishiga olib keladi, bu esa halqum to‘qimalarining tebranishini oshirib, xurrak otishni kuchaytiradi.

Bolalarda xurrakning eng keng tarqalgan sababi bodomsimon bezlarning gipertrofiyasi, ya’ni adenoidlardir. Shuning uchun bola xurrak otsa, LOR shifokoridan maslahat olish kerak.

Xurrakning yana bir mumkin bo‘lgan patologik sababi gipotiroidizmdir. Bu endokrin kasallik bo‘lib, qalqonsimon bez funksiyasining pasayishidan iborat. Qalqonsimon bez yetarlicha gormonlar ishlab chiqarmaydi. Shu bilan birga, semirish va yumshoq to‘qimalarning shishishi rivojlanadi. Endokrinolog tomonidan tekshiruv va davolanish qalqonsimon bezning faoliyatini normallashtiradi va xurrakni yo‘q qiladi .

Xurrak otadigan odam stoatolog-ortodontga murojaat qilishi kerak. Yuz bosh suyagining anatomik tuzilishining buzilishi, kichik pastki jag‘, noto‘g‘ri tishlar xurrakni keltirib chiqarishi mumkin. Mutaxassis tishlarni tuzatishga yordam beradi.

Afsuski, xurrak ko‘pincha yoqimsiz, ammo zararsiz deb hisoblanadi. Ko‘p odamlar xurrakni uyqu apnesi sindromi asorati ekanligini bilmaydi. Uyqu paytida nafas yo‘llarining to‘liq yopilishi tufayli odam turli muddatlarda nafas olishni to‘xtatadi. Og‘ir holatlarda odam tungi uyquning 60 foizgacha nafas olmaydi. Shu bilan birga, uxlab yotgan odam uning nafas olishi to‘xtaganini ham bilmaydi. Bunday uyqu kuch va quvvat keltirmaydi. Xurrakdan tashqari, uyqu apnesi bilan og‘rigan bemorlar ham kunduzgi uyquchanlikni boshdan kechiradi. Qattiq xurrak otish semizlikning ortishiga olib keladi, gipertoniyani kuchaytiradi, yurak xuruji va insult xavfini besh baravarga ko‘paytiradi, shuningdek, uyqu paytida o‘lim xavfini oshiradi.

Kechasi xurrak otadiganlar shifokorga tashrifni kechiktirmaslik kerak. Obstruktiv uyqu apnesi sindromini tashxislash uchun shifokorlar turli xil og‘riqsiz va xavfsiz usullardan foydalanadi: kompyuter puls oksimetriyasi, nafas olish va yurak-nafas olish monitoringi, polisomnografiya. Esda tutish kerak bo‘lgan asosiy narsa shundaki, xurrak – bu muammo va tanadagi qandaydir nosozliklar haqida signaldir, shuning uchun unga o‘z vaqtida e’tibor berish kerak.

От qwert.uz