Inson qo‘llari ajoyib ishchilardir. Qanchadan qancha ishlarni bajarishi, yaratishi va yasashi mumkin. Shu bilan birga, tashqi ta’sirlardan ham ko‘proq qo‘llar aziyat chekadi: ular kuyishi, muzlashi yoki kesilib ketishi mumkin. Ammo hamma ham qo‘lni kesib olganda qanday qilib qonni to‘g‘ri to‘xtatishni bilmaydi, deb yozadi Wday.
— Manba: «Daryo» nashri.
Qo‘lni kesib olganda qon ketishni qanday to‘xtatish mumkin?
Bularning barchasi jarohatning kuchi va chuqurligiga bog‘liq.
Agar u kichik bo‘lsa, qonni quyidagicha to‘xtatish mumkin:
- jarohat taxminan 3 daqiqa davomida paxta yoki toza mato bilan qisiladi. Shu bilan birga, ular toza bo‘lishi kerak.
- Qon to‘xtagandan so‘ng yarani yod yoki vodorod perekis bilan davolash kerak, so‘ngra ustiga tibbiy tasma yopishtirish lozim. Qo‘lni boshqa dezinfeksiyalash vositalari bo‘lmasa, sovun bilan ham yuvish mumkin.
- Jarohat odatda 3-5 kun ichida tuzaladi.
Qo‘l chuqur kesilgan bo‘lsa, qon ketishini qanday to‘xtatish kerak?
- Avvalo, qo‘lni vertikal ravishda ushlab turish kerak, shunda qon tezroq to‘xtaydi.
- Shuningdek, kesilgan joyga bandaj yoki ro‘molchani mahkam bosiladi va qon to‘xtaguncha kutiladi.
- Qon oqishi sekinlashganda iloji bo‘lsa, jarohatni davolash va uni mahkam bog‘lash lozim.
- Agar qon ketish 15 daqiqadan ko‘p davom etsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Ushbu usullar uy sharoitida qon to‘xtatish uchun qo‘llanadi. Aslida, shifokor ham xuddi shularni bajaradi, faqat dezinfeksiyalash uchun maxsus tibbiy vositalardan foydalanishi mumkin. Chuqur kesilish, ayniqsa shisha buyumlar bilan sodir bo‘lganda, shifokor jarohatni tekshiradi va shisha qoldiqlarini olib tashlaydi. Ko‘pincha qon ketish birdan to‘xtamaydi, chunki kesilgan joyda yot jism qolgan bo‘lishi mumkin.
Qo‘l kesib olinganda, qon ketishini qanday to‘xtatish kerakligini bilishning o‘zi yetarli emas. Yaraning tez shifo topishi uchun uni to‘g‘ri parvarish qilish muhimdir.
- Dastlab jarohatga yopishtirilgan tasma ertasi kuni olinadi, chunki yara nafas olishi kerak. Shunda kesilgan joy tezroq tuzaladi.
- Har qanday ishni bajarishda tasma yana jarohatga yopishtiriladi.
- Agar yara yallig‘langan bo‘lsa, u yod, zelyonka yoki vodorod perekis bilan davolanadi.
- Yarani antiseptik eritmalar bilan yuvishni unutmaslik lozim. Shuningdek, jarohat to‘liq tuzalmaguncha uni suvga solish mumkin emas. Yoki qo‘lqopdan foydalangan holda ishlarni bajarish tavsiya etiladi.
Nazariy jihatdan ko‘pchilik barmoqdan qonni qanday to‘xtatishni biladi, lekin to‘satdan bu kabi hodisa sodir bo‘lganda, qonni ko‘rib, shoshib qolish mumkin. Buning uchun diqqatni jamlash, qon ketishini tez va aniq to‘xtatish, yarani dezinfeksiyalash, uni yopishqoq tasma bilan yopish yoki bint bilan o‘rash muhimdir. Ish to‘g‘ri bajarilganda, jarohat odatda 3-10 kun ichida tuzaladi.