Har bir inson turli jismoniy zo‘riqishlardan so‘ng charchoq his qiladi. Ammo qisqa masofaga piyoda yurishdan yoki uyqudan uyg‘ongandan keyin charchoq hissini tuysangiz buning sababi bilan qiziqib ko‘rish foydadan holi bo‘lmaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, charchoq sabablari jiddiy kasalliklar bilan bog‘liq emas va ularni osonlik bilan bartaraf etish yo‘llari mavjud, deb yozadi “Noviy ochag” nashri.

Doimiy charchoq biror kasallik alomatimi?

Holsizlik o‘z-o‘zidan kelib chiqadigan kasallik emas, ammo xavotirli alomat bo‘lishi ham mumkin. Charchoq, mushaklar kuchsizligi, bosh og‘rig‘i, asabiylashish va boshqa belgilar bilan birgalikda kelganda muammoni hal etishda shifokor yordami zarur. Tongda uyqudan qiyinchilik bilan uyg‘onsangiz, ertalabdan holsiz va charchagan bo‘lsangiz, o‘zingizni quvvatsiz his qilsangiz va ish kunini tezroq yakunlab uxlashni istasangiz — bu holat sababini aniqlash lozim.

Nega tezda charchab qolasiz?

Yetarlicha suyuqlik qabul qilmaslik

Hatto, ozgina chanqash ham noqulaylik, shu jumladan, holsizlik va charchoqni keltirib chiqaradi. Jismoniy mashg‘ulot kunlarida, issiq ob-havoda yoki ruhiy stress kuchayganda yetarli miqdorda suv ichishni va uning miqdorini ko‘paytirishni unutmang.

Magniy yetishmovchiligi

Tanada magniy yetishmovchiligining asosiy belgilaridan biri quvvatsizlikdir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, kuniga 300–1000 milligramm magniy dozasi surunkali charchoq va aqliy zo‘riqish alomatlarini kamaytiradi.

Stress

Miyada adrenalin ko‘payishi tufayli yuzaga keladigan stress paytida ko‘proq quvvat sarflanadi. Stressdan qutulishga harakat qiling — chuqur nafas olish va meditatsiya asabiy taranglikni bartaraf etishga yordam beradi.

Harakatsizlik

Ko‘pchilik kun yakunida sport zaliga borish kerak deb o‘ylaydi. Ammo muntazam jismoniy mashqlar kelgusida energiya olishning ajoyib usuli hisoblanadi. Agar muntazam ravishda mashq qilishni boshlasangiz, tez orada o‘zingizni faol va ishchan his qilasiz.

Noto‘g‘ri ovqatlanish

Oddiy uglevodlar va shakar darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar qonda qand miqdorini oshiradi. Shundan so‘ng ular tezda tushadi. Bunday tebranishlar holsizlikka sabab bo‘ladi.

Yarim tungacha gadjetlardan foydalanish

Smartfon, planshet va noutbuklarni yotishdan bir yoki ikki soat oldin o‘chirib qo‘ygan afzal. Telefonni o‘zingizga yaqin tutmang, uxlayotganingizda Internet yoki barcha messenjer bildirishnomalarini o‘chirib qo‘yganingizga ishonch hosil qiling. Vibratsiyali yoki kiruvchi xabar signallari jiddiy ravishda uyqu sifatini buzadi.

Ortiqcha zo‘riqish bilan ishlash

O‘zingizni doimo serg‘ayrat deb o‘ylamang va har bir taklifga “ha” deb javob bermang. Agar bir paytda ko‘p vazifalarni bajarishga harakat qilsangiz, ertami-kechmi charchaysiz. Har doim dam olishga vaqt toping: bunda ishingiz samaradorligi sezilarli darajada oshadi.

Temir tanqisligi

Organlar va to‘qimalarga kislorod yetkazib beruvchi qizil qon hujayralari yetishmovchiligi natijasida charchoq paydo bo‘ladi. Temir tanqisligining sezilarli va yashirin holati uchun qon tahlili muammoni aniqlashga yordam beradi. Taomnomaga yong‘oq, dukkakli o‘simliklar va dengiz o‘tlari kabi temirga boy oziq-ovqatlarni kiritish orqali temir tanqisligidan qutiling. Anemiya aniqlanganda shifokor qo‘shimcha dori-darmonlarni buyuradi.

Nonushta qilmaslik

Kuchli faoliyat uchun organizmda yetarlicha “yoqilg‘i” bo‘lishi kerak. Ertalab nonushtasiz, o‘zingizni yomon xis qilasiz. Organizm energiyaga muhtoj va ertalabki nonushta uchun u sizga “rahmat” deydi.

Konditsionerning chang bosgan filtrlari

Konditsionerlarni kamdan kam tozalash ba’zilarimiz uyda boshdan kechiradigan charchoqning keng tarqalgan sababidir. Allergiyaga moyil odamlar konditsionerlarga tartibsiz texnik xizmat ko‘rsatishni zamonamizning asosiy muammolaridan biri deb atashadi.

Spirtli ichimliklar

Spirtli ichimliklar bir muncha vaqt bo‘shashtirishi mumkin, lekin umuman olganda ular markaziy asab tizimini qo‘zg‘atadi, bu esa uyqu holatiga ta’sir qiladi. Shu bois alkogolli mahsulotlarni iste’mol qilganlar ertalab charchoq hissi bilan uyg‘onadi.

Bordi-yu, yuqoridagi sabablarning hech biri sizga mos kelmasa va tez charchash odatiy muammoga aylangan bo‘lsa, shifokorga uchrang.

От qwert.uz