Yod hayot uchun zarur elementlar orasida muhim o‘rin tutadi. Dunyo bo‘ylab aqliy zaiflik holatlari, buqoq kasalliklari aynan yod tanqisligi bilan bog‘liq. Iodine Global Network — Yod tanqisligi global tarmog‘ining ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda dunyoning 19 ta mamlakat aholisi yodni yetarli darajada iste’mol qilmaydi deb tasniflangan. O‘zbekistonda ham qalqonsimon bez bilan bog‘liq muammolar ko‘p uchraydi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: iStock

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan kattalar uchun tavsiya etilgan kunlik yod miqdori 150 mikrogrammni tashkil qiladi. Homilador yoki emizikli ayollarga bundan ham ko‘proq yod— 220 mikrogramm kerak.

Yod qalqonsimon bez gormonlari sintezida ishtirok etadigan muhim mikroelementdir. U metabolizmni tartibga solish, bosh miya rivojlanishi, yurak-qon tomir va immun tizimlarining ishlash kabi jarayonlar uchun mas’uldir. Organizmda yod tanqisligi mazkur mikroelementga boy oziq-ovqat yoki shifokor tavsiya qilgan yod preparatlari orqali bartaraf etiladi.

Organizmda yod tanqisligining sabablari va belgilari

Foto: Championat.com

Ayollar yod tanqisligi erkaklarga qaraganda ko‘proq uchraydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1000 ayoldan 19 tasida ushbu modda yetishmaydi, mazkur ko‘rsatkich erkaklarda mingdan birni tashkil qiladi.

Yod tanqisligi belgilari:

  • gipoterioz (qalqonsimon bez funksiyasining pasayishi);
  • kistalar hosil bo‘lishi;
  • tanadagi shishlar;
  • qabziyat;
  • ortiqcha vazn;
  • uyquchanlik, charchoq;
  • asabiylik;
  • tez charchash;
  • apatiya, depressiya;
  • homiladorlik davrida bolaning sekin o‘sishi va rivojlanishi;
  • mushaklarda og‘riq;
  • yuqori xolesterin;
  • terlamaslik (hammomda yoki jismoniy faoliyat paytida ter bezlari ishlamasligi);
  • homiladorlikning kechikishi.

Organizmda yod miqdorining ko‘payib ketishi uning tanqisligi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Mikroelementning haddan tashqari ko‘pligi taxikardiya, oyoq-qo‘llarning titrashi, ko‘p terlash, diareya, mushaklarning kuchsizligi, ozib ketish, asabiylik, nafas olish yo‘llari shilliq qavatining yallig‘lanishi va boshqa belgilar bilan ifodalanadi.

Organizmda yodning ko‘payib ketish holatlari kam uchraydi.

Yodga boy tabiiy mahsulotlar

Foto: iStock

Dengiz mahsulotlari

Ko‘plab turdagi baliqlar va qisqichbaqasimonlar yodga boy. Masalan, 100 gramm treska taxminan 158 mkg yodni o‘z ichiga oladi. Yod miqdori baliq yashagan suv havzasiga qarab o‘zgaradi.

Sut va sut mahsulotlari

Dengiz mahsulotlarini yoqtirmaydiganlar uchun sut yodning asosiy manbayi hisoblanadi. To‘g‘ri, bu ichimlikdagi yod miqdori chorva mollarining nima bilan oziqlanganiga bog‘liq. O‘rtacha 100 gramm sutda 44 dan 84 mikrogrammgacha yod mavjud, ya’ni bu tavsiya etilgan kunlik miqdorning 30-56 foiziga teng.

Yodlangan tuz

Foto: Championat.com

100 gramm tuzda taxminan 40 mkg yod mavjud. Bunday tuz yod tanqisligining oldini olish uchun keng qo‘llaniladigan va yod bilan sun’iy boyitilgan mahsulotdir.

Tuxum

Bir dona o‘rtacha kattalikdagi qaynatilgan tuxumda taxminan 31 mkg yod mavjud, bu kunlik qiymatning 21 foizini tashkil qiladi.

Mevalar

Rezavorlar va mevalar, ya’ni xurmo, uzum, qulupnay, chernika, klyukva kabilarda ham yod mavjud. Besh dona quritilgan qora olxo‘ri 13 mkg yodni yoki kunlik qiymatning taxminan 9 foizini beradi.

Foto: Championat.com

Sabzavotlar, mevalar va rezavorlar tarkibidagi yod miqdori ular yetishtiriladigan tuproqqa bog‘liq.

Kartoshka

Bu sabzavot yodning yana bir manbayi hisoblanadi. Bir dona pishgan kartoshka tarkibida 60 mikrogramm yod bor. Kunlik yod normasini to‘ldirish uchun 3-4 dona kartoshka yetarli bo‘ladi.

Go‘sht

Yodga boy oziq-ovqatlarga mol go‘shti va jigari ham kiradi. Ular ko‘plab vitaminlar, jumladan,  foliy kislotasi va temir manbayidir.

От qwert.uz