
AQSHlik bir guruh mutaxassislar 280 mingdan ortiq katta yoshli insonlarning ma’lumotlarini tahlil qilib, kutilmagan xulosaga kelishdi. Ma’lum bo‘lishicha, salomatlikning ijtimoiy determinantlari, ya’ni kundalik hayotimizni shakllantiruvchi tibbiy bo‘lmagan omillar yurak-qon tomir tizimi holatida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Olimlar moliyaviy stress va sifatli oziq-ovqat yetishmovchiligini yurakning muddatidan oldin qarishiga sabab bo‘luvchi eng asosiy ikki omil sifatida ko‘rsatmoqda.
“Yurak yoshi” tushunchasi insonning haqiqiy yoshiga nisbatan uning yuragi qanchalik “qariganini” ifodalaydi. Agar yurak o‘z egasining yoshidan “katta” bo‘lsa, hayot uchun o‘ta xavfli holatlar — yurak xuruji (infarkt) va insult xavfi bir necha barobar ortadi.
Meyo klinikasining Yurak-qon tomir tadqiqotlari markazi direktori Amir Lermanning ta’kidlashicha, shifokorlar odatda an’anaviy xavf omillari (xolesterin, chekish, qon bosimi va uyqu sifati)ga e’tibor qaratishadi. Biroq bemordan uning yurak salomatligiga bevosita ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy va ekologik muhit, ayniqsa, moliyaviy holati haqida kamdan-kam hollarda so‘rashadi.

Doimiy moliyaviy qiyinchiliklar esa shunchaki oddiy tushkunlik emas, balki organizmdagi aniq o‘lchash mumkin bo‘lgan jismoniy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Makgovern tibbiyot maktabining kardiologiya professori Jon Xigginsning tushuntirishicha, moliyaviy stress boshqa turdagi stresslardan ko‘ra xavfliroqdir, chunki u surunkali, muntazam takrorlanuvchi va aksariyat hollarda eng katta ta’sirga egadir.
Ilm-fanga ma’lumki, surunkali stress organizmda kortizol gormonining ko‘payishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida qon bosimining ko‘tarilishi va xolesterin miqdorining oshishiga zamin yaratadi.
Odatda, yallig‘lanish organizmning himoya reaksiyasi hisoblanadi, biroq u uzoq davom etsa, arteriya qon tomirlarida aterosklerotik quyqalar hosil bo‘lishiga olib keladi. Oqibatda tomirlar torayib, qon aylanishi qiyinlashadi, bu esa fojiali yakun — infarkt yoki insultga sabab bo‘ladi.
Maqola mualliflari ushbu tadqiqot natijalari shifokorlarni hushyorlikka chorlashiga umid qilmoqda. Endilikda yurak xavfini baholashda bemorning ijtimoiy va moliyaviy holati ham standart tekshiruvlarga qo‘shilishi lozim.
“Bu ma’lumotlar yurak kasalliklarining oldini olish nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy mas’uliyat ekanini yana bir bor tasdiqlaydi”, deya xulosa qildi doktor Xiggins.

