Ko‘pchilik kivining po‘stini archib yeyishga odatlangan, ammo ushbu sitrusning po‘sti ham foydali. Faqat uning dag‘al tuklari, nordonligi va tarkibidagi kletchatka ko‘pligi sababli hamma ham uni po‘sti bilan iste’mol qila olmaydi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Kivini po‘sti bilan yeyish kerakmi yoki yo‘q?

Mutaxassislarning aytishicha, kivi po‘sti ozuqaviy moddalarga boy. Unda quyidagilar ko‘p bo‘ladi:

• o‘simlik tolasi,

• foliy kislotasi,

• E vitamini,

• antioksidantlar,

• kaliy, magniy va temir.

Demak, po‘stini archib tashlaganda foydali moddalarning bir qismini ham yo‘qotamiz.

Lekin bu usul hamma uchun ham mos kelmaydi. Agar sizda gastrit, oshqozon yarasi, kolit kabi kasalliklar bo‘lsa, kivini po‘sti bilan yeyish tavsiya etilmaydi. Chunki mevadagi kislota oshqozon va ichak shilliq qavatini bezovta qilishi mumkin.

Kivi po‘stidagi mayda tukchalar ham og‘iz bo‘shlig‘ini tirnashi mumkin. Agar og‘izda mayda yaralar yoki sezgirlik bo‘lsa, kivi ularni achishtiradi. Uch yoshgacha bo‘lgan bolalarga ham kivini, ayniqsa, po‘sti bilan berish tavsiya etilmaydi.

Agar sizda oshqozon-ichak bilan bog‘liq muammo bo‘lmasa va po‘stining ta’mi sizni bezovta qilmasa, kivini bemalol po‘sti bilan yeyishingiz mumkin. Bu holda mevaning foydasi yanada ko‘proq bo‘ladi.

Kivini po‘stlog‘i bilan qay tartibda yeyish kerak?

Foto: Lady.mail.ru

Quyidagi oddiy qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi:

1. Avvalo, meva pishgan bo‘lishi kerak. Pishgan kivi barmoq bilan bosilganda biroz eziladi. Juda qattiq meva xom bo‘ladi va nordonligi kuchli bo‘ladi.

2. Kivini, albatta, oqar suvda yaxshilab yuving. Yuzasini yumshoq cho‘tka yoki gubka bilan artib chiqing. Bu orqali chang, kir va kimyoviy modda qoldiqlari tozalanadi.

3. Mevaning qattiq bandini kesib tashlang.

4. Kivini ikkiga bo‘lib, keyin har bir qismini ingichka doirachalarga kesing. Shunda po‘sti bo‘laklarda qoladi va yeyish osonroq bo‘ladi.

Kivini po‘sti bilan yeganda ta’mi boshqacha bo‘ladimi?

Ha, biroz farq qiladi. Po‘sti meva ichiga qaraganda biroz taxirroq. Agar kivi xom bo‘lsa, po‘sti achchiq bo‘ladi. Pishgan kivi esa yoqimli nordonlik beradi. Agar uni smuziga qo‘shsangiz, ta’mdagi farq deyarli bilinmaydi.

Kuniga nechta kivi iste’mol qilish mumkin?

Foto: Lady.mail.ru

Kivi tarkibida kislota va kletchatka ko‘p. Odatda kuniga 2–3 dona kivi yetarli hisoblanadi. Agar po‘sti bilan yemoqchi bo‘lsangiz, avval 1 donadan boshlang va organizmingiz qanday qabul qilishini kuzating. Me’yoridan ko‘p yeyish jig‘ildon qaynashi yoki ich ketishiga olib kelishi mumkin.

Kivini doim yuvish kerakmi?

Albatta, kerak. Kivi yetishtirilayotganda turli vositalar bilan ishlov beriladi. Tashish vaqtida esa yaxshi saqlanishi uchun maxsus qoplama surtilishi mumkin. Shuning uchun meva toza ko‘rinsa ham, uni yaxshilab yuvish shart. Eng yaxshisi — oqar suv ostida cho‘tka bilan yuvish. Istasangiz, sodali suvdan ham foydalanishingiz mumkin.

От qwert.uz