Xorijdan import qilinadigan ekzotik mevalar bir nechta foydali xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, ularni iste’mol qilishda jiddiy xavflar mavjud. Tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor Olga Ulankina Life.ru nashriga intervyu berib, nipah virusini yuqtirmaslik bo‘yicha xavfsizlik choralarini aytib o‘tdi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra nipah virusi paramiksoviruslar oilasiga mansub bo‘lib, u o‘z vaqtida davolanmasa, o‘lim darajasi 75 foizgacha bo‘lgan og‘ir infeksiya keltirib chiqaradi. Virus nafaqat o‘tkir respirator alomatlar, balki ensefalit — bosh miya yallig‘lanishini ham yuzaga keltiradi, bu kasallik aksariyat hollarda halokatli tugaydi.

Virus o‘ta yuqumli bo‘lib, odamdan odamga ham yuqadi. Kasallikning dastlabki belgilari infeksiyadan 4–7 kun o‘tgach paydo bo‘ladi, ba’zan esa inkubatsiya davri ikki haftagacha cho‘zilishi mumkin. Kasallik yuqori harorat, bosh va mushak og‘rig‘i, holsizlik, tomoq og‘rig‘i va qusish bilan boshlanadi. Ahvol og‘irlashganda esa nevrologik belgilar — bosh aylanishi, ongning chalkashligi, uyquchanlik yuzaga keladi. Bu simptomlar ensefalit rivojlanishidan darak beradi. Eng og‘ir hollarda esa 1–2 sutkada inson komaga tushishi ham mumkin.

Foto: Virusology blog

Shifokor Ulankina ta’kidlashicha, bugungi kunda nipah virusiga qarshi maxsus davo vositasi yoki vaksina ishlab chiqilmagan. Terapiya faqat simptomlarni yengillashtirishga qaratilgan. Yagona samarali himoya chorasi bu profilaktika va gigiyenaga qat’iy rioya qilishdir.

Epidemiya tarqalgan hududlariga bormaslik, odamlar gavjum joylarga chiqishni cheklash, niqob taqish va qo‘llarni muntazam yuvish kasallikdan saqlanishning eng samarali usullaridir.

Ekzotik mevalarni iste’mol qilishda esa alohida ehtiyot bo‘lish kerak, chunki virus ularning tabiiy tashuvchisi bo‘lgan hind uchar tulkilari (ko‘rshapalak)dan yuqishi mumkin. Shuning uchun mevalarni oqar suvda yaxshilab yuvish, po‘stini tozalash va shikastlangan mevani iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz