
Ko‘pchilik ozish niyatida yurishni boshlaydi, biroq ko‘zlangan natijaga erishish uchun aynan qancha masofani bosib o‘tish kerakligini hamma ham bilavermaydi. Tibbiy nuqtayi nazardan, bir kilogramm yog‘ to‘qimasini eritish uchun organizmda, taxminan, 7700 kilokaloriya miqdorida energiya tanqisligini hosil qilish lozim. Chunki bir kilogramm inson yog‘ida aynan shuncha energiya zaxirasi saqlanadi.
— Manba: «Daryo» nashri.
“Sog‘lom bo‘l” klinikalar tarmog‘ining sport tibbiyoti bo‘yicha bosh mutaxassisi Shalva Sursumiyaning ta’kidlashicha, bu miqdordagi energiyani faqat harakat orqali yoqish uchun, taxminan, 190–200 ming qadam yoki 140 kilometr masofani bosib o‘tish talab etiladi.
Sarflanadigan energiya miqdori insonning vazni, bo‘yi, yurish tezligi va yo‘lning tekis-notekisligiga qarab o‘zgaradi:
• O‘rtacha ko‘rsatkich: Inson bir qadam tashlaganda, taxminan, 0,04 kkal quvvat sarflaydi.
• Vaznning roli: 60 kg vaznli odam har 1000 qadamda qariyb 30–35 kkal, 80 kg vaznli odam esa 40–45 kkal energiya yo‘qotadi.
“Agar 70 kg vaznga ega inson misolida hisoblasak, 7700 kkal energiya tanqisligini yuzaga keltirish uchun u qariyb 190–200 ming qadam yurishi kerak bo‘ladi. Bu o‘rtacha 140 kilometr deganidir. Agar faqat yurish hisobiga oyiga 1 kg vazn tashlamoqchi bo‘lsangiz, har kuni kundalik faolligingizga qo‘shimcha ravishda yana 6000–7000 qadam qo‘shishingiz kerak bo‘ladi”, deydi mutaxassis.
Biroq shifokor bir muhim jihatni eslatib o‘tdi: jismoniy harakat paytida nafaqat yog‘lar, balki glikogen — mushaklardagi uglevod zaxiralari ham sarflanadi.

Bundan tashqari, faqat qadamlarga tayanib ozishning bir necha murakkab jihatlari bor:
1. Metabolizmning sekinlashishi: Organizmdagi energiya tanqisligi modda almashinuvi tezligini pasaytirishi mumkin.
2. Ovqatlanishni nazorat qilish: Parhezni to‘g‘rilamasdan, faqat piyoda yurish bilan ozish o‘ta mushkul. Masalan, bittagina ekler shirinligi (350 kkal) bergan kaloriyani yo‘qotish uchun kamida 9–10 ming qadam bosish kerak. Uni iste’mol qilmaslik shuncha masofani piyoda bosib o‘tishdan ko‘ra ancha osonroqdir.
Kuniga 10 000 qadam yurish salomatlikni mustahkamlash uchun ajoyib vositadir. Ammo qadamlarni kilogrammlarni erituvchi yagona vosita deb bilish to‘g‘ri emas. Ideal holda, ozish jarayoni oqilona kaloriya tanqisligi, ya’ni to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik asosida kechishi lozim. Yurish esa bu tanqislikni yaratish va natijani saqlab qolishda eng samarali yordamchi”, deya xulosa qildi mutaxassis.

