
Ko‘pchilik tinimsiz ishlashni muvaffaqiyat garovi deb bilsa-da, haddan tashqari mehnatsevarlik inson hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Psixolog Sergey Lang “Radio 1”ga bergan intervyusida aytishicha, tanaffussiz va o‘ta yuqori sur’atda ishlash odatda 35-40 yoshga kelib insonning mehnat qobiliyatini butunlay yo‘qotishiga olib keladi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Doimiy yuqori mahsuldorlik ortidan quvishning bahosi ham yuqori: u surunkali charchoq, kasbdan ko‘ngli qolish, kuchli stress va psixosomatik kasalliklarga olib keladi. Buning oqibati esa turli zararli odatlarga qaramlik, oilaviy nizolar va hatto ajrimlar bilan tugashi mumkin.
Biz ko‘pincha dangasa deb hisoblaydigan insonlar o‘z kuchi va vaqtini to‘g‘ri taqsimlay olganlari sababli hayotda ko‘proq muvaffaqiyatga erishadi. Dam olishni bilmaydigan insonlar esa har doim o‘z mehnatining aniq natijasini, ya’ni moddiy rag‘batni ko‘rishni istashadi.
“Bunday insonlar uchun asosiy kuch manbayi bu moliyaviy motivatsiyadir. Odam nima uchun shuncha ter to‘kayotganini tushunsa, unda qo‘shimcha quvvat paydo bo‘ladi. Ammo daromadlar pasayib, ish hajmi ortsa, bu jarayon darhol stressga aylanadi”, deydi Sergey Lang.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, tinimsiz o‘z ustida ishlash yoki doimiy ravishda yangi kasblarni qidirish har doim ham kutilgan natijani bermaydi, aksincha, insonni tuzoqqa tushirib qo‘yadi. Psixolog bu vaziyatni bir maqol bilan izohladi: “Qishloqda hamma hayvonlardan ko‘ra ot ko‘proq ishlar edi, lekin u baribir rais bo‘la olmadi”.
Suhbat yakunida psixolog mehnatga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirish zarurligini uqtirdi. Inson sarflagan vaqt miqdori har doim ham uning daromadiga to‘g‘ri kelavermaydi. Eng muhimi ko‘p ishlash emas, balki samarali mehnat qilishdir. Sog‘liq va quvvatni asragan holda, vazifalarni kun bo‘yi emas, balki 2-3 soat ichida sifatli bajarish orqali ham yaxshi natijalarga chiqish mumkin.

