
Manba: Shutterstock
Bugungi kunda quloqchinlar kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Biz ular yordamida musiqa va podkastlar tinglaymiz, har kuni soatlab telefon orqali muloqot qilamiz. Biroq ushbu qurilmalardan doimiy foydalanish nafaqat eshitish qobiliyatiga, balki quloq ichidagi mikrob muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
— Manba: «Daryo» nashri.
Odatda quloqchinlarga oid tavsiyalarning aksariyati tovush balandligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti eshitish qobiliyatini yo‘qotish xavfini kamaytirish uchun tovushni maksimal quvvatining 60 foizidan pastroq darajada ushlab turishni maslahat beradi. Ammo mutaxassislarning ta’kidlashicha, quloq salomatligiga nafaqat ovoz balandligi, balki quloqchinlarni uzoq vaqt taqib yurishning o‘zi ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu xavf xalq tilida “probka” (tiqin) deb ataladigan, quloq kanalining ichida to‘planib qoladigan sariq moddadir. Quloqchinlar eshitish yo‘lini butunlay yopib qo‘yadi va qurilma yuzasidagi bakteriyalar yoki to‘plangan iflosliklarni bevosita nozik teriga o‘tkazadi.

Vaziyatning jiddiyligini tushunish uchun quloqning tabiiy himoya tizimiga nazar solish lozim. Normada eshitish yo‘li o‘zini o‘zi tozalash xususiyatiga ega: uning ichki qismida teri salomatligini saqlaydigan va infeksiyalardan himoya qiladigan maxsus yog‘lar va quloq shirasini ishlab chiqariladi. Ular va mayda tuklar chang, zararli bakteriyalar hamda o‘lik teri hujayralarini tashqariga haydab chiqarishga yordam beradi.
Biroq quloqchinlardan uzoq vaqt foydalanish ushbu tabiiy muvozanatni buzishi mumkin. Sog‘lom eshitish kanalida turli xil foydali mikroorganizmlar — bakteriyalar, zamburug‘lar va viruslar yashaydi. Ularning xilma-xilligi potensial xavfli mikroblarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
2024-yilda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, doimiy ravishda eshitish moslamalaridan foydalanadigan odamlarda quloq kanalidagi bakteriyalar xilma-xilligi ularni taqmaydiganlarga qaraganda ancha kamroq bo‘ladi. Buning sababi esa quloq kanalining uzoq vaqt davomida yopiq va havosiz qolishidir.

2025-yilda e’lon qilingan yana bir ilmiy izlanish natijalariga ko‘ra, quloqchinlar quloq infeksiyalari xavfini sezilarli darajada oshiradi. Bu holat, ayniqsa, bir nechta odam bitta qurilmadan foydalanganda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Quloq kanalida namlikning ortishi turli infeksiyalarga qulay muhit yaratadi. Jismoniy mashg‘ulotlar paytda odam terlaganda esa bu holat yanada xavfli tus oladi. Bundan tashqari, quloqchinlarni yechmasdan taqib yurish quloqning tabiiy tozalanish jarayonini ham to‘xtatib qo‘yadi.
Mutaxassislar vaqti-vaqti bilan quloqlarga dam berishni va kun davomida quloqchinlarni tez-tez yechib qo‘yishni tavsiya qiladi. Bu eshitish yo‘lining shamollashiga imkon beradi va namlik to‘planishini kamaytiradi. Shuningdek, qurilmalarning o‘zini ham muntazam ravishda tozalab turish shart. Ularni yumshoq mato yoki ozgina sovun eritmasi qo‘shilgan cho‘tka bilan artish, so‘ngra ishlatishdan oldin yaxshilab quritish lozim.
Agar quloqda qichishish, qizarish yoki shubhali ajralmalar paydo bo‘lsa, zudlik bilan quloqchinlardan voz kechish va mutaxassisga murojaat qilish lozim.

