
Manba: iStock
Bahor kelishi bilan qishki qalin kiyimlardan qutulib, yengilroq kiyinishga shoshilamiz. Lekin ko‘pincha o‘tgan yilgi shimlarimiz negadir biroz tor kelib qolganini sezamiz. “Bahor keldi, ko‘proq harakat qilaman-u, o‘z-o‘zidan ozaman” deb o‘ylaymiz, ammo tarozi millari joyidan jilmaydi. Nega shunday?
— Manba: «Daryo» nashri.
Nutritsiolog Anna Bodrovaning aytishicha, muammo biz e’tibor bermaydigan, lekin kundalik hayotimizga singib ketgan mayda odatlarda ekan. Keling, ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz.
1. “Bahoriy” ichimliklar
Biz nima yeyayotganimizni qattiq nazorat qilamiz-u, lekin nima ichayotganimizga e’tibor bermaymiz. Vaholanki, ichimliklar bu “suyuq kaloriyalar”dir. Bahor kelishi bilan qahvaxonalarda turli siropli lattedan tortib, shirin limonad va smuzigacha mavsumiy takliflar ko‘payadi. Ular tetiklashtirib, kayfiyatni ko‘tarsada, organizmga juda ko‘p shakar va foydasiz kaloriyalarni olib kiradi.
“Bunday ichimliklar kunlik kaloriya miqdorini sezdirmasdan oshirib yuboradi. Eng yomoni, ular qondagi qand miqdorini keskin ko‘tarib, ishtahani ochadi. Oqibatda siz o‘zingiz bilmagan holda ko‘proq miqdorda shirin taomlarni yeb qo‘yasiz”, deydi mutaxassis.
2. Jismoniy faollikka ortiqcha baho berish

Kunlar isishi bilan ko‘proq sayr qilishni va toza havoda yurishni boshlaymiz. Shu paytda “ko‘p energiya sarflayapman” degan yanglish fikr bilan o‘zimizga kichik bir shirinlik uchun “ruxsat” beramiz. Ammo aslida kaloriya sarfi biz o‘ylaganchalik ko‘p bo‘lmaydi.
Raqamlarga qarasak: bir finjon shakarsiz kapuchinoda taxminan 150 kilokaloriya bor. Piyoda yurishda esa har bir kilometr uchun o‘rtacha 100 kilokaloriya sarflanadi. Demak, o‘sha bir finjon qahvani “yoqish” uchun kamida bir yarim kilometr yurish kerak. Agar siz bir bo‘lak pishiriq yesangiz, uning kaloriyasini sarflash uchun kamida 5 kilometr yo‘l bosishingizga to‘g‘ri keladi.
3. Mavsumiy taomlar va shirinliklar
Issiq kunlarda ko‘chada sayr qilib yurganimizda muzqaymoq yoki turli pishiriqlar ko‘zimizga yanada chiroyli ko‘rinadi. Ko‘pchilik shirinliklar tarkibida rezavor mevalar bo‘lsa, uni foydali deb o‘ylaydi.
Anna Bodrovaning ta’kidlashicha, yo‘l-yo‘lakay biror narsa yeb ketish istagi juda tez odatga aylanadi. Agar har safar sayrga chiqqanda qahva bilan kruassan yoki muzqaymoq sotib olishni odat qilsangiz, sezdirmasdan semirib ketasiz. Ko‘cha taomlari (fastfud) tarkibida yog‘, shakar va tuz me’yoridan ortiq, ammo ozuqaviy qiymati juda past. Ular qorinni tez to‘ydirsa-da, juda tez ochlik hissini uyg‘otadi.

4. Uyqu rejimining buzilishi
Yorug‘ kunning uzayishi albatta quvonarli, biroq bu uyqu rejimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Kechki sayrlar va uzoq davom etadigan muloqotlar sababli ovqatlanish vaqtlari surilib ketadi, kechki tamaddilar paydo bo‘ladi.
Ortiqcha vazndan xalos bo‘lish va yaxshi uxlash uchun kechki ovqat uyqudan kamida to‘rt soat oldin bo‘lishi shart. Uyquga to‘ymaslik esa ochlik va to‘yinganlik uchun javobgar gormonlar ishini buzadi. Ana shunda insonning shirinlikka bo‘lgan ishtiyoqi ortadi va o‘zini nazorat qilishi qiyinlashadi. Bunday holatda tushlikka rejalashtirilgan foydali sabzavotlar o‘rnini beixtiyor shirin bulochkalar egallab qo‘yishi hech gap emas.
5. Tezkor natijaga kutish
Ko‘pchilik bir haftada 10 kilogramm tashlashni orzu qilib, o‘zini haddan tashqari qiynaydi. Kaloriya miqdorini keskin kamaytirish yoki sport zalida o‘zini zo‘riqtirish esa ko‘pincha teskari natija beradi.
“Bunday yondashuv organizmni charchatadi, motivatsiyani tushiradi va oxir-oqibat rejimdan butunlay voz kechishimizga olib keladi”, deya ogohlantiradi Anna Bodrova.
Ekspert tavsiyasiga ko‘ra, bahorda o‘zingiz uchun eng foydali ish – kundalik hayotingizni qayta ko‘rib chiqish, eng kichik o‘zgarishlardan boshlash va haddan tashqari tez natijaga intilmaslik.
“Ko‘p uxlashni boshlang, rejimni sozlang, tasodifiy tamaddilardan voz keching. Shunda tanangiz oddiy o‘zgarishlarga qanchalik tez javob berishini ko‘rib hayron qolasiz”, deydi mutaxassis.
