Olimlar ko’plab tish shifokorlarining hamyoniga jiddiy zarba berishi mumkin bo’lgan gelni ishlab chiqdilar. Gap shundaki, Nottingem universiteti mutaxassislari tomonidan yaratilgan gelning tarkibi emalni bevosita tishning o’zida tiklashga qodir.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Ma’lumki, tish emali — inson tanasidagi eng qattiq to’qima, ammo u o’z-o’zini tiklashga qodir emas: unda tirik hujayralar yo’q. Mavjud tarkibida ftor bo’lgan tish pastalari va boshqa vositalar faqat saqlanib qolgan emalni mustahkamlashi mumkin, ammo uning boshlang’ich tuzilishini to’laqonli qaytarishga qodir emas.
Olimlar yaratgan gelning mexanizmi boshqacha. U emal shakllanadigan tabiiy biologik jarayonlarga taqlid qiladi. Unining asosini go’daklikda tish emalining rivojlanishida ishtirok etadigan tabiiy oqsillarning ba’zi funksiyalarini takrorlaydigan oqsillar tashkil etadi.
Surtilgandan so’ng tish yuzasida ingichka, ammo mustahkam qoplama hosil bo’ladi. U kichik yoriqlar, g’ovaklar va shikastlangan joylarga kirib boradi, so’ngra yangi mineral tuzilishning shakllanishi uchun asosga aylanadi. Gel emal ostida joylashgan yumshoqroq qatlam — dentin ochilib qolganda ham foydali bo’lishi mumkin. Dentin emal yeyilganda yoki milq pastga tushganda ochiladi. Unda tish nervlariga olib boradigan mikroskopik kanallar joylashgan, shuning uchun inson sovuq, issiq, shirin yoki tegishga keskin sezuvchanlikni his qilishi mumkin.
Ochiq dentinga surtilganda material emalga o’xshash mineral qatlamni hosil qiladi. Bu sezuvchanlikni kamaytirishi va plombalar hamda boshqa stomatologik materiallar bilan yopishish uchun yanada mustahkam yuzani yaratishi mumkin. Ish Nature Communications jurnalida chop etilgan.
