Ma’lum bo‘lishicha, yong‘oq nafaqat yurakni mustahkamlashi yoki xolesterin miqdorini me’yorida ushlab turishga yordam berishi, balki uyqu sifatini ham yaxshilashi mumkin.
— Манба: «Daryo» нашри.

Barselona universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yong‘oqni muntazam iste’mol qilish ichak mikrobiotasi faoliyatida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Xususan, yong‘oq iste’mol qilgan ishtirokchilarning qonida uyqu hamda uyg‘oqlikni tartibga soluvchi gormonlar — serotonin va melatonin metabolitlari ko‘proq ekani aniqlandi. Demak, tamaddi sifatida bir hovuch yong‘oq yeyish odati organizm bioritmlari uchun o‘ziga xos “tabiiy barqarorlashtiruvchi” vazifasini o‘tashi mumkin.
Yong‘oq azaldan eng foydali o‘simlik mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Uning tarkibida qon tomirlari salomatligini qo‘llab-quvvatlaydigan va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytiradigan ko‘p miqdordagi yarim to‘yinmagan yog‘ kislotalari, jumladan, omega-3 mavjud. Yong‘oqning miya faoliyatiga foydali ta’siri esa uning tarkibida antioksidantlar, B guruhi vitaminlari hamda magniyning ko‘pligi bilan bog‘lanadi. Endilikda bu xususiyatlar qatoriga uyquga ko‘rsatadigan ijobiy ta’siri ham qo‘shildi.
Tadqiqotda o‘rta yoshli erkak va ayollar ishtirok etib, ular bir necha hafta davomida yong‘oq qo‘shilgan odatiy ratsion asosida ovqatlantirildi. Ishtirokchilarning uyqu sifati ularning o‘zini his qilishi, kunduzgi faolligi va biokimyoviy ko‘rsatkichlari orqali kuzatib borildi. Ma’lum bo‘lishicha, yong‘oq iste’mol qilganlarda uyqu ancha xotirjam kechgan. Olimlarning ta’kidlashicha, bunday ta’sir nafaqat kuch-quvvatni tiklash, balki moddalar almashinuvi buzilishidan tortib, xotira bilan bog‘liq muammolargacha bo‘lgan ko‘plab kasalliklarning oldini olish uchun ham muhimdir.

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, aniq mexanizm hozircha o‘rganilmoqda, biroq tobora ko‘proq ma’lumotlar ichakdagi foydali mikroorganizmlar “ichak-miya o‘qi” faoliyatida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini tasdiqlamoqda. Yong‘oq nafaqat ozuqaviy moddalar manbai, balki ovqat hazm qilish va asab tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning o‘ziga xos boshqaruvchisi hamdir. Bundan tashqari, yong‘oq organizmda “uyqu gormoni” hisoblangan melatonin sintezi uchun zarur bo‘lgan triptofanga boy.
Mualliflar gap “sehrli dori” haqida bormayotganini alohida ta’kidlashmoqda: yong‘oq muvozanatli ratsionning bir qismi bo‘lishi kerak, eng yaxshi samaraga esa to‘g‘ri uyqu tartibi hamda faol turmush tarzi uyg‘unligida erishish mumkin. Biroq olingan ma’lumotlar oddiy mahsulotlar organizmning asosiy funksiyalariga qanday ta’sir ko‘rsata olishini tushunishda yangi ufqlarni ochadi. Uyqudan oldin bir hovuch yong‘oq yeyish chindan ham foydali odatga aylanishi mumkin.

