“Har kuni yeryong‘oq iste’mol qilish yoshi katta insonlarda miyaning xotira bilan bog‘liq sohalarida insulinga bo‘lgan reaksiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi”, deydi tadqiqot rahbari.
— Манба: «Daryo» нашри.

Insulin nafaqat qondagi qand miqdorini tartibga soladi, balki miyadagi asab hujayralarining o‘sishi hamda o‘zaro signal almashishini ham ta’minlaydi. Ya’ni, u xotira va boshqa kognitiv funksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ba’zi olimlarning taxminiga ko‘ra, aynan insulin miyani Alsgeymer kasalligi bilan bog‘liq jarayonlardan himoya qiladi. Biroq yosh o‘tishi bilan miyaning insulinga sezgirligi pasayishi mumkin va mutaxassislar buni fikrlash qobiliyatining yomonlashishi bilan bog‘lashadi. Har kuni yeryong‘oq iste’mol qilish esa miya hujayralarining ushbu gormonga bo‘lgan sezgirligini qayta tiklashga yordam beradi.
Niderlandiyadagi Maastrixt universiteti tibbiyot markazi mutaxassislari o‘tkazgan tajribada 60 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan 31 nafar sog‘lom kishi ishtirok etdi. Tadqiqotda kesishgan nazorat uslubidan foydalanildi. Har bir ishtirokchi 16 hafta davomida kuniga 60 grammdan yeryong‘oq iste’mol qildi, keyingi 16 hafta davomida esa bu to‘xtatildi. Yong‘oqlar oldindan o‘lchangan porsiyalarda berildi — ularni birdaniga eyish, kun davomida tamaddi sifatida bo‘lib-bo‘lib iste’mol qilish yoki odatiy taomlar tarkibiga qo‘shishga ruxsat berildi. Bu olimlarga bitta organizmning ikki xil sharoitdagi holatini solishtirish imkonini berdi.
Tadqiqotda 60 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan 31 nafar sog‘lom kishi ishtirok etdi. Ularning har biri 16 hafta davomida kuniga 60 grammdan yeryong‘oq iste’mol qildi, keyingi 16 hafta davomida esa bu to‘xtatildi (yoki aksincha). Yong‘oqlarni birdaniga, bo‘lib-bo‘lib yoki taom bilan birgalikda iste’mol qilishga ruxsat berildi.
Ishtirokchilarga gormon burun orqali yuborilib, MRT yordamida miyadagi qon aylanishi kuzatildi. 16 haftalik yeryong‘oq iste’molidan so‘ng, miya o‘ng yarimsharining xotiraga javob beradigan gipokamp va unga qo‘shni qismlarida insulinga bo‘lgan reaksiya yaxshilangani ma’lum bo‘ldi.
“Tadqiqotimiz har kuni yeryong‘oq iste’mol qilish yoshi katta insonlarda miyaning xotira bilan bog‘liq sohalarida insulinga bo‘lgan reaksiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini isbotladi”, — deydi tadqiqot rahbari Piter Yoris.
Ushbu muallifning 2025-yildagi tajribasida 16 hafta yeryong‘oq iste’mol qilish miyadagi umumiy qon aylanishini 3,6 foizga, so‘zli xotirani esa 5,8 foizga yaxshilashi aniqlangan edi.
Olimlarning fikricha, gap faqat bitta moddada emas, balki yeryong‘oq tarkibidagi to‘yinmagan yog‘lar, kletchatka, vitaminlar, minerallar va o‘simlik birikmalarining uyg‘unligidadir. Yeryong‘oq o‘simlik oqsiliga va ayniqsa L-argininga boy. Ushbu aminokislotadan hosil bo‘ladigan azot oksidi tomirlarni kengaytirib, qon aylanishini yaxshilaydi va bu xotiraga ijobiy ta’sir qiladi.
Tajribada atigi 31 nafar sog‘lom kishi qatnashgani sababli, olingan natijalarning amaliy ahamiyatini va vaqt o‘tishi bilan saqlanib qolishini bilish uchun yanada keng ko‘lamli va uzoq muddatli tadqiqotlar o‘tkazilishi talab etiladi.

