Agar kam uxlayotgan bo‘lsangiz va uyg‘onganda o‘zingizni dam olgandek his qilmasangiz, kun tartibini o‘zgartirish kerak.
— Манба: «Daryo» нашри.

Uyqu sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarni tez-tez eshitamiz: ko‘proq uxlang, ertaroq yoting, uxlashdan oldin telefon ekraniga qaramang. Buning sababi bor — uyqu yetishmasligi xotira, immunitet, yurak faoliyati va kayfiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Biroq so‘nggi yillarda olimlar buning aksi — haddan tashqari ko‘p uxlash haqida ham tobora ko‘proq gapirmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, ortiqcha uyqu ham uyqusizlik kabi zararli bo‘lishi mumkin. Bir nechta yirik tadqiqotlar uzoq uxlashning salbiy jihatlarini ko‘rsatgan. Biroq buning sabablari va oqibatlari bir qarashda ko‘ringanidan ancha murakkab.
Uyqu ovqatlanish va jismoniy faollik bilan bir qatorda salomatlikning uchta asosiy omilidan biri hisoblanadi. Uyqu vaqtida mushaklar tiklanadi, immunitet mustahkamlanadi, miya to‘plangan zararli moddalardan tozalanadi. Shuningdek, xotira va hissiyotlar uchun mas’ul bo‘lgan nerv aloqalari yangilanadi.
Avstraliya Uyqu salomatligi jamg‘armasi mutaxassislariga ko‘ra, katta yoshli insonlar kuniga o‘rtacha 7–9 soat uxlashi kerak. Bundan kam uxlash organizmning yetarlicha dam olmasligiga olib keladi. Me’yordan ortiq uxlash esa e’tibor qaratish kerak bo‘lgan holat hisoblanadi.
Uyqu yetishmasligi infarkt, insult, ikkinchi turdagi diabet, depressiya va yallig‘lanish kasalliklari xavfining ortishi bilan bog‘liq. Biroq 79 ta ilmiy tadqiqot tahlili shuni ko‘rsatdiki, uzoq uxlash ham o‘lim xavfining oshishi bilan bog‘liq. Kuniga 9 soatdan ko‘proq uxlaydigan insonlarda o‘lim ko‘rsatkichi 8 soat uxlaydiganlarga nisbatan o‘rtacha 34 foiz yuqori. 2018-yilda e’lon qilingan boshqa bir ilmiy tahlilda ham shunga o‘xshash natija qayd etilgan: uzoq uxlash o‘lim xavfini taxminan 14 foizga oshirishi aniqlangan.

Biroq bu tadqiqotlarda sabab va oqibat o‘rtasidagi bog‘liqlik isbotlanmaganini tushunish muhim. Ya’ni uzoq uyquning o‘zi inson hayotiga xavf tug‘dirmaydi, aksincha, u organizmdagi mavjud muammolardan darak berishi mumkin. Surunkali kasalliklar, og‘riq, depressiya yoki dorilarning nojo‘ya ta’siri tufayli inson odatdagidan ko‘proq uxlashi mumkin. Bunday holatda organizm uyqu sifati pastligini qoplashga urinadi. Semizlik va chekish kabi salomatlikka zarar yetkazuvchi omillar ham uyqu buzilishi bilan birga kechishi mumkin. Demak, uzoq uxlash ba’zan kasallikning sababi emas, balki uning alomati bo‘ladi.
Aksariyat katta yoshli insonlar uchun kuniga 7–9 soat uxlash eng maqbul hisoblanadi. O‘smirlarga esa organizm tiklanishi uchun biroz ko‘proq vaqt — 10 soatgacha uyqu kerak. Keksalikda esa keng tarqalgan fikrdan farqli ravishda, uyqu me’yori o‘zgarmaydi. Bu yoshda uyqu davomiyligidan ko‘ra uning sifati muhimroq. Ayrim keksalar kamroq uxlashi mumkin, ammo uyg‘onganda o‘zini tetik va dam olgandek his qilsa, demak, bu vaqt ularga yetarli bo‘lishi mumkin.

Agar kam uxlayotgan bo‘lsangiz va uyg‘onganda o‘zingizni dam olgandek his qilmasangiz, kun tartibini o‘zgartirish kerak. Ammo muntazam ravishda odatdagidan ancha ko‘p uxlasangiz ham charchoq ketmasa, bu holatga e’tibor qaratish va shifokor bilan maslahatlashish lozim.
Umuman olganda, uzoq umr ko‘rish va tetik yurish uchun kun tartibiga rioya qilish, kunduzgi yorug‘likdan bahramand bo‘lish, jismoniy faollikni saqlash hamda uxlashdan oldin tinch muhit yaratish muhim. Bular uyquda o‘tkazilgan soatlarni hisoblashdan ko‘ra ko‘proq foyda berishi mumkin.

