
Genetika inson umriga ta’sir qiladi, biroq u taqdirni to‘liq belgilab bermaydi. Xuachjun fan va texnologiyalar universiteti olimi Yanlin Lev boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi beshta ovqatlanish modeli uzoq umr ko‘rish bilan chambarchas bog‘liqligini aniqladi. Eng e’tiborlisi, bu ijobiy ta’sir hatto genetik jihatdan erta o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan odamlarda ham saqlanib qoladi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Tadqiqot Britaniya biobanki bazasidagi 103 ming nafar ishtirokchi ma’lumotlari asosida o‘tkazildi. Olimlar ularning kundalik ratsioni ilgari ilmiy jihatdan tasdiqlangan beshta ovqatlanish modeliga qanchalik mos kelishini baholadi. Bular O‘rta Yer dengizi parhezi, o‘simlikka asoslangan ratsion, DASH (qon bosimini pasaytirishga qaratilgan yondashuv), DRRD (diabet xavfini kamaytirishga mo‘ljallangan parhez) hamda AHEI (sog‘lom ovqatlanishning muqobil indeksi).
Shundan so‘ng ishtirokchilar o‘rtacha 10 yil davomida kuzatildi. Bu davr ichida qariyb 4 300 kishi vafot etdi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ratsioni ushbu modellarning biri yoki bir nechtasiga eng ko‘p mos kelgan ishtirokchilar orasida o‘lim darajasi ancha past bo‘lgan. Bu natija jismoniy faollik, chekish odatlari va boshqa omillar hisobga olinganidan keyin ham o‘z kuchini saqlab qolgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, eng sog‘lom ovqatlanish guruhiga kirgan 45 yoshli odam eng kam sog‘lom ratsionga ega tengdoshiga qaraganda o‘rtacha bir yarim yildan uch yilgacha ko‘proq yashashi mumkin.
“Sog‘lom ovqatlanuvchi” guruh ishtirokchilari parhezga mukammal darajada rioya qilmagan. Ularning ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, biroq maksimalga yetmagan. Bu esa foyda ko‘rish uchun ideal darajada intizom talab etilmasligini ko‘rsatadi.
Nyukasl universiteti eksperti Kler Kollinzning ta’kidlashicha, ushbu natijalar sog‘lom ovqatlanish odatlari hatto mukammal bo‘lmagan taqdirda ham sezilarli himoya ta’siriga ega ekanini isbotlaydi.
Beshala ovqatlanish modeli tafsilotlari jihatidan farqlansa-da, ularni umumiy tamoyillar birlashtiradi. Har bir turdagi parhezda sabzavot va mevalarni, butun donli mahsulotlarni, shuningdek, yog‘siz oqsil manbalarini, o‘simlik oqsillarini muntazam va xilma-xil iste’mol qilish tavsiya etiladi. Shu bilan birga, shirin, gazli ichimliklar va qayta ishlov berilgan mahsulotlarni cheklash zarurligi aytiladi.

Qo‘shimcha tahlillar yana bir muhim jihatni ko‘rsatdi: umr davomiyligi qisqaroq bo‘lishiga genetik moyilligi bor odamlar ham sog‘lom ovqatlanishga amal qilgan taqdirda kechroq vafot etgan. Kler Kollinzning fikricha, bu holat ratsion irsiyatdan qat’i nazar o‘lim xavfiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglatadi.
Olimlar buning sababini o‘simlik mahsulotlarining vitaminlarga boyligi va xilma-xilligi bilan izohlamoqda. Chunki bunday oziq-ovqat tarkibida kletchatka, vitaminlar, minerallar va fitonutriyentlar mavjud.
Fitonutriyentlar ham faol biologik rol o‘ynaydi. Ular insulinga sezgirlikni oshirishda, shuningdek, organizmdagi saratonga qarshi mexanizmlarni faollashtirishda ishtirok etadi.
Ammo tadqiqot faqat kuzatuv xarakteriga ega bo‘lgan: ishtirokchilar maxsus ravishda ma’lum parhezga o‘tkazilmagan, balki mavjud ma’lumotlar tahlil qilingan. Shunga qaramay, olingan natijalar boshqa ilmiy izlanishlar bilan hamohang bo‘lib, aynan shu ovqatlanish modellari kasalliklar xavfining kamayishi va uzoq umr ko‘rish bilan bog‘liqligini tasdiqlaydi.

