Erondagi urush odamlar va tabiat uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi

Manba: Deutsche Welle

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi doirasida neft obyektlari va raketa bazalariga berilayotgan zarbalar inson salomatligi hamda atrof-muhit uchun o‘ta xavfli oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu zaharli asoratlar harbiy harakatlar tugaganidan keyin ham o‘nlab yillar davomida saqlanib qolishi mumkin.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Buyuk Britaniyada joylashgan Urush va atrof-muhit observatoriyasi (Conflict and Environment Observatory — CEOBS) notijorat tashkiloti urush boshlanganidan beri atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan 300 dan ortiq hodisani qayd etdi. Bunga raketa bazalariga qilingan hujumlar va Fors ko‘rfazidagi neft tankerlariga zarbalar kiradi.

“Dengizdan tomchi”: ekologik zarar ko‘lami

CEOBS direktori Dag Uirning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich haqiqiy zararning faqatgina dengizdan tomchisidir.

“AQSH 5 mingta obyektga zarba berganini da’vo qilmoqda. Hozircha biz yuza qismni ko‘ryapmiz, xolos”, deydi u.

BMT ham neft inshootlariga berilgan zarbalar butun mintaqa bo‘ylab ichimlik suvi, havo va oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotganidan ogohlantirdi.

Isroilning neft obyektlariga bergan zarbalaridan so‘ng, 10 million aholi yashaydigan Tehron ko‘chalarida neft va yog‘ingarchilik aralashmasidan iborat “qora yomg‘ir” kuzatildi. Eron Qizil Yarim Oy jamiyati aholini uydan chiqmaslikka chaqirdi.

Birmingem universiteti professori Zongbo Shiga ko‘ra, bunday yong‘inlar oqibatida havoga oltingugurt dioksidi, zaharli uchuvchi organik birikmalar va mayda zarralar tarqaladi. Ushbu zarralar o‘pka tubiga qadar kirib borib, chaqaloqlar va keksalar orasida nafas yo‘llari hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfini keskin oshiradi.

Ekspertlar faqat havo ifloslanishi bilan cheklanib qolmasdan, boshqa xavflarni ham sanab o‘tdi:

Tuproq ifloslanishi. Raketa bazalaridagi yong‘inlar oqibatida og‘ir metallar, PFAS (doimiy kimyoviy moddalar) va portlovchi moddalar tarqaladi.

Saraton xavfi. O‘q-dorilarda ishlatiladigan TNT (trinitrotoluol) moddasi tuproqda yillar davomida saqlanib qoladi. AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) uni inson uchun karsinogen bo‘lishi mumkin bo‘lgan moddalar qatoriga kiritgan.

Dengiz ekotizimi xavf ostida

AQSH harbiylari hozirgacha 60 dan ortiq Eron kemasiga zarba berganini ma’lum qildi. Cho‘kayotgan kemalar yonilg‘i va zaharli moddalar sizib chiqishi oqibatida uzoq muddatli ifloslanish manbayiga aylanadi.

“Bu faqat Fors ko‘rfazi bilan cheklanmaydi. Masalan, Shri Lanka qirg‘oqlari yaqinida 4-mart kuni cho‘ktirib yuborilgan Eron fregatidan oqib chiqayotgan neft bir necha kilometrga yoyilgan”, dedi Dag Uir.

Fors ko‘rfazidagi marjon riflari, dengiz o‘tlari, noyob baqachanoqlar, yashil toshbaqalar va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan dyugonlar (dengiz sigiri) populyatsiyasi ham katta xavf ostida qolmoqda.

Urush oqibati

Urush nafaqat mahalliy, balki global iqlimga ham zarba bermoqda. Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainadagi urush dastlabki uch yilida atmosferaga 230 million tonna korbonat angidrid (CO2) chiqishiga sabab bo‘lgan. Bu Vengriya, Avstriya, Chexiya va Slovakiya kabi to‘rtta davlatning yillik umumiy emissiyasiga teng.

Dunyodagi barcha armiyalar bitta davlat bo‘lganida, ular atmosferani ifloslantirish bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni egallagan bo‘lar edi (global emissiyaning 5,5 foizi). Shunga qaramay, Parij iqlim kelishuviga ko‘ra, davlatlar harbiy emissiyalar bo‘yicha hisobot berishga majbur emas.

Tiklanish qiyin kechadi

Eron urushdan oldin ham suv tanqisligi va havo ifloslanishi kabi jiddiy ekologik muammolar bilan kurashayotgan edi. Mutaxassislarning fikricha, harbiy harakatlar tugaganidan keyin ham ifloslangan hududlarni tozalash jarayoni o‘ta murakkab kechadi. Bunga mamlakatdagi yopiq siyosiy tizim va xalqaro hamjamiyatning yordami cheklangani to‘sqinlik qilishi kutilmoqda.

author info

Dilafro‘z Mirzayeva

От qwert.uz