
Plastik idishlar mikroto‘lqinli pechda isitilganda, milliardlab nanometr o‘lchamdagi zarrachalar oziq-ovqatga o‘tishi mumkin. Bu haqda 2023-yili AQShdagi Nebraska-Linkoln universiteti mutaxassislari jamoasi ma’lum qildi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Olimlar polipropilen va polietilendan tayyorlangan bolalar ozuqasi idishlari yordamida bir qator tajribalar o‘tkazdi. Bunday idishlar AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) tomonidan foydalanish uchun ma’qullangan va xavfsiz deb topilgan.
1000 Vt quvvatli mikroto‘lqinli pechda uch daqiqa isitilgach, idishlardagi turli suyuqliklarda mikroplastik (diametri kamida 1/1000 millimetr) va nanoplastik (undan ham maydaroq) mavjudligi tahlil qilindi. Natija hayratlanarli bo‘ldi.
Olimlar nimani aniqladi?
Zarrachalar miqdori turlicha bo‘lsa-da, tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mikroto‘lqinli pechda atigi uch daqiqa isitish natijasida plastmassaning birgina kvadrat santimetridan 4,22 million dona mikroplastik va 2,11 milliard dona nanoplastik zarrachasi ajralib chiqqan.

“Biz muayyan mahsulotlarni iste’mol qilganimizda, odatda, ularning kaloriyasi, shakar miqdori va boshqa ozuqaviy moddalari haqida xabardor bo‘lamiz, deydi Linkolndagi Nebraska universiteti ekologi Kazi Albob Husayn. — Oziq-ovqatimiz tarkibidagi plastik zarrachalari miqdoridan xabardor bo‘lish ham xuddi shunday muhim”.
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, polipropilen yoki polietilen idishlardagi suv yoki sut mahsulotlarini mikroto‘lqinli pechda isitish plastmassaning eng yuqori konsentratsiyada ajralib chiqishiga olib kelar ekan. Oziq-ovqat va ichimliklar sovutilganda yoki xona haroratida saqlanganda ham zarrachalar ajraladi, biroq bunday hollarda ularning miqdori ancha kam bo‘ladi.
Bu mikroskopik zarrachalarning inson salomatligiga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha aniq ma’lum emas. Tadqiqotlar ularning ichak va asosiy biologik jarayonlarga zarar yetkazish ehtimoli borligini ko‘rsatdi. Olimlarga ko‘ra, organizmga plastmassa qancha kam tushsa, shuncha yaxshi.

Olimlar tomonidan o‘stirilgan va plastik zarrachalar ta’siriga uchragan embrional buyrak hujayralari xavotir uyg‘otmoqda — ularining 77 foizi nobud bo‘lgan. Garchi bu buyraklar ham xavfli konsentratsiyalarning bevosita ta’siriga uchraydi degani bo‘lmasa-da, ushbu holat mikroplastik va nanoplastikning, ayniqsa, rivojlanayotgan organizmlar uchun potensial toksikligi haqida ma’lum bir tasavvur beradi.
“Biz kamroq zarracha chiqaradigan polimerlarni topishimiz kerak, — deya xulosa qiladi mutaxassis. — Umid qilamanki, bir kun kelib mahsulotlarda “mikroplastiksiz” yoki “nanoplastiksiz” degan yorliqlar paydo bo‘ladi”.

