Tropik kapalaklar guruhi qarish jarayonini sekinlashtirib, uzoq vaqt sog‘lom qolishning noodatiy usulini ishlab chiqqanga o‘xshaydi.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Gap Markaziy va Janubiy Amerikaning tropik o‘rmonlarida yashovchi Heliconius urug‘iga mansub kapalaklar haqida bormoqda. Ushbu hasharotlar indikatorda qayd etilgan eng uzoq umr ko‘ruvchi kapalaklar sirasiga kiradi va uzoq umr ko‘rish biologiyasini o‘rganish uchun muhim modelga aylanishi mumkin.
Aksariyat kapalaklar voyaga yetgan davrida atigi bir necha hafta yashaydi. Bundan farqli o‘laroq, Heliconius’ning ba’zi turlari o‘zlarining eng yaqin qarindoshlariga qaraganda o‘rtacha uch baravar uzoqroq yashaydi, ayrim turlari esa qariyb bir yilgacha hayot kechiradi. Eng yorqin misollardan biri — Heliconius hewitsoni turi vakillari bo‘lib, ularning maksimal umr ko‘rish muddati 348 kunga yetgan. Ularga yaqin bo‘lgan Dione juno turi kapalaklari esa ko‘pi bilan atigi 14 kun yashaydi, ya’ni deyarli 25 baravar kamroq.
Bristol universiteti mutaxassislari ushbu ajoyib hasharotlarni o‘rganish davomida yanada hayratlanarli kashfiyotga duch kelishdi. Kamida bitta turning, ya’ni Heliconius hecale vakillarida yosh o‘tishi bilan deyarli hech qanday sezilarli jismoniy pasayish kuzatilmadi. Kapalaklarning jismoniy holatini baholash uchun olimlar tutib turish kuchi testidan (panja kuchi) foydalanishdi. Qarigan H. hecale kapalaklari yosh kapalaklar bilan bir xil natijalarni ko‘rsatdi va ularda hech qanday yaqqol degradatsiya belgilari sezilmadi. Taqqoslash uchun, qisqaroq umr ko‘radigan, ularga yaqin Dryas iulia turi yosh o‘tishi bilan ko‘rsatkichlarning aniq pasayishini namoyish etdi.

Olimlar Heliconius kapalaklarining noodatiy uzoq yashashini anchadan beri bilishgan, biroq uning sababi noaniq bo‘lib kelayotgan edi. Asosiy taxminlardan biri — ularning voyaga yetgan davrida gulchanglari bilan oziqlanish kabi noyob qobiliyatidir. Kapalak turlarining aksariyati asosan gul nektari bilan oziqlanadi, voyaga yetgan kapalaklarda gulchangi iste’mol qilish esa deyarli uchramaydi.
Ushbu gipotezani tekshirish uchun olimlar Heliconius hecale turi vakillarini voyaga yetganida gulchangi yemaydigan uning qarindoshi Dryas iulia bilan solishtirishdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, H. Hecale tana vaznini va mushaklar ish qobiliyatini uzoqroq saqlab qolgan hamda D. iulia’da kuzatilgan yoshga doir jismoniy pasayishni namoyish etmagan.
Biroq, H. Hecale ratsionidan gulchanglari olib tashlanganida ham ularning uzoq umr ko‘rish ustunligi yo‘qolmadi. Hatto gulchangsiz ham bu kapalaklar o‘z qarindoshlariga qaraganda sezilarli darajada uzoqroq yashashdi, ya’ni ularning umr ko‘rish davomiyligida nafaqat oziqlanish, balki evolyutsion adaptatsiyalar ham muhim rol o‘ynaydi.

«Heliconius kapalaklari eng uzoq umr ko‘ruvchi kapalaklar sirasiga kiradi, biroq eng e’tiborlisi shundaki, ular nafaqat uzoqroq yashashni, balki jismoniy jihatdan a’lo holatda qolgan holda sekinroq qarishni ham o‘rganganga o‘xshaydi», — deydi tadqiqotning yetakchi muallifi doktor Jessika Fouli.
Mutaxassislar uzoq umr ko‘ruvchi Heliconius kapalaklarini qisqa umr ko‘radigan qarindoshlari bilan solishtirish hayotni uzaytirish sirini ochishga va keyinchalik buni insonlarning uzoq umr ko‘rish dasturlarida qo‘llashga yordam beradi degan umidda tajribalarni davom ettirmoqdalar.
Avvalroq olimlar oddiy kofe qarish va saratonga qarshi kurashishini aniqlashgan edi.
