
Manba: illyustrativ / Apprentice Doctor
Xitoyda jarrohlar baxtsiz hodisa tufayli bemorning uzilib ketgan oyoqlarini qayta tikladi. Bu haqda China Press xabar berdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
51 yoshli bemor 2024-yil oxirida zavodda ishlayotganda ikkala oyog‘idan ayrilgan. Operatsiyani Xitoy sharqidagi Juyxua ortopediya shifoxonasi jarrohlari amalga oshirgan. U qariyb sakkiz soat davom etgan. Bu ikkala oyog‘i son qismidan to‘liq uzilib ketgan a’zoni qayta ulash bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli holat hisoblanadi.
Travmatologiya bo‘limi mudiri Li Changsunning so‘zlariga ko‘ra, erkak hozir yurish moslamasi yordamida uyida mustaqil harakatlana oladi. Shuningdek, oyoqlarining to‘piqdan yuqori qismidagi sezuvchanlik tiklangan. Shifokorlar bemor bir-ikki yil ichida yurish moslamasi va qo‘ltiqtayoqlarsiz mustaqil harakatlana olishini taxmin qilmoqda. Reabilitatsiya jarayoni davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Xitoyda dunyoda ilk bor miya o‘limi qayd etilgan bemorga cho‘chqa jigari va buyraklari ko‘chirib o‘tkazilgandi. Transplantatsiya qilingan a’zolar besh kun davomida normal ishlagan. Biroq o‘shanda bemor oilasining iltimosiga ko‘ra tadqiqot yakunlangandi.
.jpg)
